Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlarida Rossiya tarkibiga qo’shilishga doir referendumlar bo’lib o’tmoqda.
28-sentabrgacha davom etadigan referendumlar ortidan bu hududlarning Rossiya tarkibiga qo’shilgani e’lon qilinishi kutilyapti.
Dunyoning qator davlatlari bu referendum, natijasi qanday bo'lishidan qat’i nazar, tan olinmasligini bildirdi.
Qozog’iston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo’lib Donetsk, Lugansk, Xerson, Zaporojyedagi referendumlar tan olinmasligi haqida bayonot chiqardi.
Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarovning aytishicha, Qozog’iston davlatlarning hududiy yaxlitligini kafolatlovchi xalqaro me’yorlarga rioya qiladi.
“Bizning prezidentimiz (To’qayev) har doim, jumladan yaqinda BMT minbaridan qilgan chiqishida ham tashkilot nizomida ifoda qilingan xalqaro huquq tizimlariga rioya etish muhimligini ta’kidlab keladi”, - dedi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov.
Prezident To’qayev Qozog’iston Ukrainaning mustaqillik e’lon qilgan ayirmachi hududlari - Donetsk va Lugansk respublikalarini tan olmasligi haqida avval ham, Rossiyaga qilgan safari davomida bayonot qilgan edi.
To’qayevning jiddiy munozaralarga sabab bo’lgan bu bayonoti ortidan Rossiya va Qozog’iston o’rtasidagi aloqalar bir qadar taranglashgani, Kreml siyosiy doiralari va ekspertlari orasida Qozog’istonga nisbatan axborot xuruji kuchaygani kuzatilgan edi.
To’qayev Rossiyada DXR va LXR mustaqilligini tan olmasligi haqida bayonot qilgan bo’lsa, hozirgi vaziyatda Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligi Ukrainaning to’rt viloyati referendum vositasida Rossiya tarkibiga qo’shib olinishiga qarshiligini bildirmoqda.
Qozog’istondan tashqari mintaqaning boshqa davlatlari hozircha Ukrainaning ishg’ol qilingan hududlarida o’tkazilayotgan referendumlarga nisbatan o’z pozitsiyasini bildirgani yo'q.
Rasmiy Toshkent bir muncha avval, hali Abdulaziz Komilov tashqi ishlar vaziri lavozimida ekan, Oliy Majlisdagi muhokamalarda Donetsk va Lugansk respublikalari maqomi yuzasidan O’zbekiston pozitsiyasini bildirgan, bu respublikalar mustaqilligi tan olinmasligini aytgan edi.
Bu bayonot ortidan ko’p o’tmasdan Abdulaziz Komilov lavozimidan ozod qilindi, uning o’rniga kelgan Vladimir Norov faoliyati davomida O’zbekiston tomoni Ukrainadagi urush, ayirmachi hududlar yuzasidan biror munosabat bildirganicha yo’q.
Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomov Ukraina masalasida Qozog’iston va O’zbekiston pozitsiyalari hukumatlar va jamoatchilik darajasida farqlanishiga diqqat qaratadi.
“Qozog’istonda hukumat ham, jamoatchilik ham Ukraina masalasida nisbatan qat’iyroq pozitsiyada. Referendumlar bo’yicha ham mana Qozog’iston o’z munosabatini ochiq aytyapti, sukut saqlagani yo’q. Donetsk, Lugansk masalasida ham Qozog’istonda bu prezident darajasida, Moskvadagi safari davomida aytildi. To’qayev bu bayonotidan ortga qaytayotgani yo’q. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ham buni navbatdagi bayonoti bilan tasdiqlayapti. O’zbekistonda prezident Mirziyoyevning o’zi shaxsan bu haqda haligacha bir narsa demadi, bu respublikalarni tan olmaslik haqida bayonot qilgan Komilov esa ishdan olindi. Bu iste’fodan so’ng Putin va Mirziyoyev o’rtasida muloqot bo’lib o’tgani, Putin Mirziyoyevga uning pozitsiyasi uchun minnatdorchilik bildirganini ko’pchilik eslasa kerak. Ikki mamlakat jamoatchiligidagi munosabat ham shunga o’xshash. Hozir rossiyaliklar Qozog’istonga oqib kelyapti, qozoqlar ijaraga qo’yishdan avval ularning urushga, Qrim bo’yicha pozitsiyasiga diqqat qilmoqda. Har holda ijtimoiy tarmoqlarda shunday lavhalar bor. Buni O’zbekiston jamoatchiligidagi mavjud munosabatga solishtirib bo’lmaydi, jamoatchilik aksariyati bunga befarq”, - degan fikrda Ilhomov.
Ukrainadagi referendumlar bo’yicha Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston hozircha sukut. Markaziy Osiyodagi bu sukut manzarasida Qozog’iston pozitsiyasi, jumladan, prezident To’qayev bayonotlari qat’iy, ancha dadil ko’rinadi.
Ammo bu dadillikni shubha ostida ko’ruvchilar ham ko’p, xususan Qozog’istondagi muxolifatchilar orasida.
Qozoq muxolifati faollaridan biri Erjan Turg’umboy Prezident To’qayev Putin bilan maslahatlashmasdan biror jiddiy bayonotga jur’at qilmaydi, degan ishonchda.
“To’qayev yanvar namoyishlarini qonli bostirishi ortidan qozoqlar nazarida o’z legitimligini yo’qotib bo’lgan. Jamoatchilik To’qayevni Putin qutqarib qolganini yaxshi biladi. Keyingi voqealar Moskvadagi polittexnologlar tuzgan ssenariy asosida rivojlanyapti, uning bayonotlari ham shu ssneraiy asosida. To’qayev, ayniqsa, saylovlar arafasida o’z nufuzini tiklashga juda muhtoj, buni Moskvadagilar ham yaxshi bilishadi”, - deydi Erjan Turg’unbay.
Facebook Forum