Ukrainadagi urushning 214-kuni. Urush yangi, katta ehtimol bilan o’ta xatarli, hal qiluvchi bosqichga chiqmoqda.
Rossiya boshlagan safarbarlik ortidan urush maydoniga dastlab 300 ming, so’ngra milliondan oshiq qo’shimcha kuchlar tashlanishi kutilmoqda. Bu yarim yildan buyon davom etayotgan to’qnashuvni II Jahon urushidan keyingi eng yirik urush maydoniga aylantiradi.
Urush allaqachon Ukraina va Rossiya qarshiligi chegaralaridan chiqqan. G’arb, Sharq, Markaziy Osiyo ham bilvosita va bevosita tobora shafqatsiz ko’rinish olayotgan bu urushga tortilmoqda.
Ayniqsa Rossiya harbiy safarbarlik e’lon qilib, millionlab muhojirlarni urushga yollash harakati ochiq, rasmiy ko’rinish olar ekan, urushning Markaziy Osiyoga ta’siri yuzasidan xavotirlar yanada kuchaydi.
Rossiya armiyasiga chorlov - o’zbek, tojik, qirg’iz tilida
Ijtimoiy tarmoqlarda, ayrim nashrlarda tarqalgan xabarlarga ko’ra, safarbarlik qarori ortidan muhojirlarni Rossiya armiyasiga jalb qilish targ’iboti yangi bosqichga chiqqan. Rossiyaning yirik shaharlari, migratsiya markazlarida o’zbek, tojik, qirg’iz tilidagi e’lonlar tarqatilmoqda.
Rossiya armiyasida xizmat evaziga soddalashtirilgan tarzda fuqarolik olish, munosib hayot, yaxshi maosh, boshqa turdagi ijtimoiy yordamlar va’da qilingan bu e’lonlarda shartnoma Ukraina urushini nazarda tutayotgani haqida hech narsa deyilmaydi.
O’zbekistonliklar Rossiyadagi mehnat muhojirlarining eng yirik qismini tashkil etadi. Ularning taxminiy soni 3 million kishi atrofida.
Mehnat muhojirlarining Ukraina urushiga jalb qilinishi yuzasidan “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan faollar Toshkent bu borada Moskvaga nisbatan keskin norozilik bildirmas ekan, o’zbekistonliklarni urushga jalb qilish tashviqoti to’xtamasligini bildirishgan edi.
Rossiyada harbiy safarbarlik e’lon qilinishi ortidan Prezident Vladimir Putin armiya bilan bir yil muddatga shartnoma imzolagan muhojirlarga soddalashtirilgan tarzda fuqarolik berilishi ko’zda tutilgan qonunni imzoladi.
Markaziy osiyoliklarning Ukraina urushiga tortilishi faqat mehnat muhojirlari bilan cheklanayotgani yo’q. Hozirgacha Rossiya fuqaroligini qabul qilgan mintaqaliklar ham safarbarlikka tortilayotgan qatlam safida.
Rossiyalik deputatlar so’nggi yillarda Rossiya fuqaroligini olgan markaziy osiyoliklarni safarbarlikka jalb etish, ular xizmatdan bo’yin tovlagan taqdirda o’zlarini, oila a’zolarini ham fuqarolikdan mahrum qilish tashabbusi bilan chiqishdi.
Safarbarlikdan qochayotgan rossiyaliklar
Rossiyadagi harbiy safarbarlik haftaning eng larzali voqeasiga aylandi. Safarbarlik avvalo rossiyaliklarning o’zini, chaqiruv yoshidagi fuqarolarni jiddiy tahlikaga qo’ydi.
Rossiyadan bevosita xorijga chiqish mumkin bo’lgan chegaradosh davlatlar Qozog’iston, Mo’g’uliston, Gruziya, Armaniston, Finlyandiya chegaralarida bir necha chaqirimga cho’zilgan tirbandlik yuzaga keldi.
Aeroportlar, temir yo’l vokzallari mamlakatni tark etishga oshiqayotgan rossiyaliklar bilan to’la. Rossiyadan vizasiz chiqish mumkin bo’lgan davlatlarga chiptalar yashin tezligida sotib bo’lindi, chipta narxlari keskin ko’tarildi.
Rossiyaliklar oqimidan nafaqat Rossiya bilan umumiy chegaraga ega Qozog’iston, umumiy chegaradan xoli O’zbekiston, balki mintaqaning boshqa davlatlari ham chetda emas.
Ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarga ko’ra, O’zbekistonga rossiyaliklarning ikkinchi oqimi kuzatilmoqda. Mehmonxonalar to’lgan, turar joy, ijara uchun narxlar keskin oshgan.
Rossiya sanksiyalar ostiga olinishi ortidan kuzatilgan birinchi oqim asosan axborot texnologiyasi bo’yicha mutaxassislarni nazarda tutgan bo’lsa, bu safargi oqim asosan urushdan qochayotganlardan iborat ekanligi aytilmoqda.
Vataniga qarshi urushga mahkum qrim-tatarlar va ukrainlar
Harbiy safarbarlik rejasini bajarishda milliy respublikalar, regionlar alohida faollik ko’rsatishmoqda. 2014-yilda Rossiya tomonidan ishg’ol qilingan Qrim respublikasi ham bundan mustasno emas.
Qrim muxtor respublikasi rahbari Sergey Aksenov mintaqa safarbarlik bo’yicha belgilangan rejani muvaffaqiyatli bajargani haqida axborot berdi.
Qrim-tatar faollariga ko’ra, yarim orolda o’tkazilgan chaqiruv ayniqsa etnik ozchilik vakillarini nishonga olgan, qrim-tatarlarning 80 foizga yaqini chaqiruv qog’ozi olishgan. Ammo ular Ukrainaga qarshi urishish niyatida emas, imkon topib mamlakatni tark etish niyatida.
Qrim-tatar Milliy majlisi Rossiyada safarbarlik e’lon qilinishi munosabati bilan yarim orol aholisiga, ukrainlarga maxsus murojaat bilan chiqdi.
Unda mahalliy aholi safarbarlikka qarshi norozilik chiqishlari tashkil qilishga, Rossiya armiyasida xizmatdan bo’yin tovlashga, mamlakatdan chiqib ketishga, imkonsiz qolib, urush maydoniga tashlangan taqdirda Ukraina tomoniga taslim bo’lishga chaqiriladi.
Murojaatda ta’kidlanishicha, chaqiruv yoshidagi qrim-tatarlarning 80 foizdan oshig’i safarbarlikka jalb etilgani Rossiya hukumati Qrimning tub aholisi bo’lgan tatar erkaklarni yo’qotishni maqsad qilganidan ham darak beradi.
Urush yadro tahdidiga ko’chmoqda
Safarbarlik rossiyaliklarning mamlakatdan ommaviy qochishi bilan kuzatilayotgan bo’lsa-da, chaqiruv davom etyapti, Rossiya armiyasi zaxira kuchlari bilan to’ldirilmoqda.
Hozircha bu mobilizatsiya frontdagi vaziyatga ta’sir ko’rsatgani yo’q. Urush maydonidagi tashabbus Ukraina tomonida qolyapti.
Ukraina armiyasi ayni paytda referendum o’tkazilayotgan, tan olinmagan Lugansk, Donetsk respublikalariga yaqinlashgan, Luganskda ayrim aholi punktlari rus armiyasi nazoratidan ozod ham qilindi.
Avvalroq ukrain armiyasi yarim yil davomida Rossiya nazorati ostida bo’lgan Xarkov viloyati hududlarini shiddatli tarzda ozod qilgan. Rus armiyasi katta yo’qotishlar evaziga chekinishga majbur bo’lgan edi.
Putinning harbiy safarbarlik haqidagi qarori rus armiyasining shu yirik mag’lubiyati sabab qabul qilinganiga doir qarashlar ham bor.
Ammo bu mag’lubiyat barobarida Ukrainaning ishg’ol qilingan hududlarida referendumlar o’tkazilmoqda. Bu hududlar esa faqat tan olinmagan Donetsk va Luganskdan iborat emas. Xerson, Zaporojye viloyatlarini ham Rossiya tarkibiga qo’shish uchun hozirlik ko’rilmoqda.
Ukrainaning ishg’ol qilingan hududlaridagi bu referendumlar 28-sentabrgacha davom etadi, ammo dunyoning bir qator davlatlari, jumladan AQSh hozirdanoq bu referendum natijasi tan olinmasligini bildirdi.
Safarbarlik Rossiya tarkibiga qo‘shib olinishi kutilayotgan shu hududlarda nazoratni kuchaytirish maqsadini nazarda tutishi ta’kidlanyapti.
Safarbarlik urush, urush atrofidagi siyosiy taranglikni yangi bosqichga olib chiqmoqda. O’z tuproqlarini ozod qilish uchun kurashayotgan Ukraina armiyasi Rossiya tarkibiga qo’shib olingan hududlarga “tajovuz”da ayblanishi mumkin.
Harbiy ekspertlar urush maydonidagi so’nggi burilishni shunda, Rossiya tomoni urush taktikasini o’zgartirishi, jumladan, Rossiya hududiy yaxlitligiga qilingan “tajovuzlar” bahonasida yadro, ommaviy qirg’in qurollarini qo’llashga doir tahdidlarni jiddiy kuchaytirishida ham ko’rishmoqda.
Facebook Forum