Breaking News

Ukraina urushi yillarga cho‘zilishi mumkin


Ukraina urushiga yarim yildan oshdi. Fevral oyida Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya armiyasi hozirgacha mamlakatning 20 foizdan oshiq hududini ishg’ol qildi.

Ayni paytga kelib urush to’xtashi, tomonlar muzokaraga o’tirishi mumkinligi ehtimoli jiddiy kamaygan. Har ikki tomon davomli urushga hozirlanmoqda.

Ukraina Rossiyaning ichki zaxiralari tugashiga, Rossiya esa G’arb Ukrainani qo’llashdan to’xtashiga umid qilmoqda. Yakunlangan hafta har ikki tomonning bu umidlari hozircha reallikdan uzoqligini ham ko’rsatdi.

AQSh Ukraina uchun uch milliard dollarlik yangi yordam paketini e’lon qildi. Yevropa yetakchilari Kiyevga safar qilishda, Ukrainani qo’llab-quvvatlashga doir tashabbuslar bilan chiqishda davom etishyapti.

Rossiyadagi vaziyat ham uzoq muddatli urushga jiddiy hozirlik borayotganini ko’rsatadi. Prezident Vladimir Putin qurolli kuchlar shtatini 137 ming kishiga ko’paytirishga doir farmon imzoladi. Bu Rossiya armiyasidagi harbiylar soni bir milliondan oshishini anglatadi. Ishg’ol qilingan hududlarga qo’shimcha kuchlar, harbiy texnika kiritilishi davom etyapti.

Bu hafta biror jiddiy siljish kuzatilmagan urush maydoni to’fon arafasidagi sukutdek taassurot uyg’otadi. Rossiya armiyasining hujumi aynan qaysi yo’nalishda boshlanishi noma’lum, ammo yaqin vaqt oralig’ida muqarrarligi shubha uyg’otmayapti.

Mirziyoyev Zelenskiyni mustaqillik bilan tabrikladi

24-avgust kuni Ukraina o’z mustaqilligini nishonladi, Kiyev dunyoning aksariyat davlatlaridan tabriklar qabul qildi. Volodimir Zelenskiyni qutlagan dunyo yetakchilari orasida Markaziy Osiyo liderlari, jumladan O’zbekiston, Turkmaniston prezidentlari ham bor.

Diqqatlisi, Shavkat Mirziyoyevning tabrigi O’zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi sahifasida bayram ortidan 25-avgust kuni e’lon qilingan. Ayrim nashrlarda esa bu xabar 28-avgust kuniga borib paydo bo’ldi.

“Hech shubha yo‘qki, an’anaviy do‘stlik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan o‘zbek-ukrain munosabatlari birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli bundan keyin ham rivojlanib boradi. Sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, mas’uliyatli davlat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, do‘st ukrain xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilayman”, — deyiladi Mirziyoyev Zelenskiyga yo’llangan tabrikda.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari, jumladan Qozog’iston, Tojikiston va Qirg’iziston Ukrainani mustaqillik bayrami bilan tabriklaganmi, yo’qmi, noma’lum. Har holda matbuotda bu borada ma’lumotlar kuzatilmaydi.

Ammo Ukrainadagi urush bois Rossiya bilan aloqalari bir qadar taranglashgan deb ko’rilayotgan Qozog’istonda hukumat bir yil muddatga qurol-yarog’ eksportini taqiqlashga qaror qilgan. Bu taqiq Britaniya Ukraina armiyasi uchun Qozog’istondan qurol sotib olayotganiga doir ma’lumotlar ortidan kuzatilmoqda.

Prezident Zelenskiy mamlakat mustaqilligi munosabati bilan xalqiga murojaatida g’alaba muqarrarligi, bu urush ishg’ol ostidagi hududlar, jumladan Qrimning ham ozod etilishi bilan yakunlanishiga ishonch bildirdi.

“Qrim platformasi”

Ukrainadagi so’nggi vaziyat Qrimning harbiy yo’l bilan ozod qilinishiga ishonch kuchayayotganini ko’rsatadi. Urushgacha, rasmiy Kiyev va qrim-tatar yetakchilari Qrim ozodligi uchun kurash asosan siyosiy, diplomatik yo’llarga tayanishi haqida gapirib kelishayotgan edi.

Urush Qrim ozodligi uchun harakatda ham burilish qildi. Bu hafta “Qrim platformasi”ning ikkinchi sammiti bo’lib o’tdi. Virtual o’tkazilgan bu anjumanda dastlabki yig’ilishdan farqli ravishda Ukraina urushi Qrim ozod qilinmaguncha davom etishi haqida gapirildi.

Dunyoning 60 ortiq davlatlari ishtirokida o’tgan “Qrim platformasi” uchrashuvidagi asosiy xulosa urushning Qrim ozodligi bilan yakunlanishidir.

Urush sharoitida onlayn o’tkazilgan sammitda Polsha prezidenti bevosita Kiyevdan ishtirok etgan, anjumanda 16 davlat prezidenti, 20 davlat bosh vazirlari chiqish qilgan. NATO bosh kotibi o’z ma’ruzasida Rossiya Ukraina ustidan g’alaba qozona olmasligini alohida ta’kidlagan.

Qrim-tatar Milliy majlisi raisi Refat Chubarovning ta’kidlashicha, avvalgi sammitda ayrim ishtirokchilar Qrimni tinch yo’l bilan qaytarishga alohida diqqat qaratishgan. Bu safar urushning navbatdagi bosqichi Qirimni ozod qilish bo’lishiga ishtirokchilarda shubha qolmagan.

Qrim-tatar jurnalisti Ayder Mujdaboyevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, “Qrim platformasi”ning birinchi yig’ilishi umidlar, ikkinchi yig’ilish bu umidning ishonchga aylanishi bilan kuzatilgan.

“Qrim platformasi”ning birinchi yig’ilishi Prezident Zelenskiy Ukrainaning tub aholisi, jumladan qrim-tatarlar huquqi ham kafolatlangan qonunni imzolashi ortidan o’tgan edi. Birinchi sammit Qrim qaytarilishi, qrim-tatarlar huquqi tiklanishiga umidlarni mujassam etgan, shunga muvofiq ishtirokchilarning bayonoti, rezolyutsiyasi imzolangan edi. Ikkinchi sammit umidlar amalga oshayotgani, Qrim ozodligi yaqinlashayotganini ko’rsatdi. Bu ozodlik uchun faqat Ukraina emas, o’nlab davlatlar kurashmoqda, biz bilan birga harakat qilmoqda. “Qrim platformasi”ning navbatdagi uchrashuvini g’alabaga yaqinlashgan ishtirokchilar sammitiga qiyoslash mumkin. Sammit biz, Ukraina uchun o’ta muhim ahamiyat kasb etadi. Diqqatlisi, Qrim ozodligini qo’llayotgan davlatlarning ko’payib borayotganidir”, - deydi Mujdaboyev.

AQSh Rossiyani yadro tahdidiga bepisandlikda ayblamoqda

Bu hafta AQSh Rossiyani yadro tahdidi xavfini tan olmaslikda ayblab chiqdi. Davlat departamentining bu bayonoti BMT Xavfsizlik Kengashi doirasida tayyorlangan yadroviy qurolsizlanish, ommaviy qirg’in qurollarini tarqatmaslikka doir kelishuv Rossiya tomonidan rad qilinishi ortidan qilinmoqda.

Moskva bu kelishuvni Rossiyaning Ukrainadagi urushi Zaporojye atom stansiyasini yadroviy tahdidga aylantirgani haqidagi fikrlar keltirilgani uchun rad etgan.

Stansiyadagi vaziyat esa haqiqatda so’nggi haftalarda jiddiy keskinlashdi. Vaziyat atom stansiyasi reaktorlari ishdan to’xtatilishigacha bordi. Energodar shahrida joylashgan bu stansiya Yevropadagi eng yirik atom stansiyasi hisoblanadi.

Inshoot Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan paytda egallangan edi, ammo uning atrofidagi vaziyat asosan so’nggi haftalarda keskinlashdi, otishmalar bevosita atom stansiyasiga ko’chdi.

Stansiya kim tomonidan o’qqa tutilayotganini aniq aytish qiyin, har ikki tomon bir-birini ayblab keladi. Vaziyat xalqaro miqyosda jiddiy muhokamaga chiqishi ortidan Xalqaro atom agentligi ekspertlarini Zaporojyega safar qilishi, vaziyat bo’yicha mustaqil tekshiruv o’tkazilishiga kelishildi.

Agentlik tomonidan yaqinda tarqatilgan bayonotga ko’ra, uning rahbari Rafael Grossi boshliq ekspertlar delegatsiyasi yaqin kunlarda Zaporojye stansiyasiga borishi mumkin.

Bu hafta Ukrainadagi urushga yarim yildan oshdi. Qaqshatqich janglar, qirg’in, vayronagarchilik va harbiy jinoyatlar bilan kuzatilgan bu urushning yillarga cho’zilishini taxmin qilayotgan ekspertlar yirik shafqatsiz janglar hali oldinda ekanligidan ham ogohlantirishmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG