Breaking News

Ukraina mustaqilligining 31 yilligi urushning 6 oyligiga to'g'ri keldi


Ukraina bugun mustaqilligining 31 yilligini nishonlarkan, urush boshlanganiga roppa-rosa 6 oy bo’ldi. Prezident Vladimir Zelenskiy Rossiya hujumlaridan qo’rqib, mamlakatda ommaviy bayram tantanalarini bekor qilgan.

Xalqaro hayot - 24-avgust, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:18 0:00

Uning aytishicha, urush tinchlik bilan emas, g’alaba bilan yakunlanishi kerak. 44 yashar davlat rahbari Ukraina urush boshlangan kun qayta tug’iIganini aytib, Qrim qaytib olinishiga va’da berdi.

Zelenskiy va uning rafiqasi bugun cherkovda bo’lib, Ukraina uchun ibodat qildi.

Ukraina xalqi va rahbariga Londondan bayram tabrigi bilan murojaat qilgan Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson bugun syurpriz sifatida Kiyevga tashrif buyurdi. Jonson Ukrainaning Rossiyaga qarshiligining ashaddiy targ’ibotchilaridan bo’lib, hozir Moskva bilan muzokara qilish mavridi emas, dedi.

Yil boshidan beri to’rtinchi marta Ukrainaga borgan Jonson kelasi oy iste’foga chiqmoqda. Uning o’rnini Tashqi ishlar vaziri Liz Trass egallashi mumkin. Zelenskiy uni “Ozodlik” ordeni bilan taqdirladi.

Jonson Ukrainaga harbiy yordam to’xtamasligini aytdi, britan diplomatlari esa ittifoqchi davlatlarga safar qilib, mahalliy rasmiylarni Ukrainaga yordamni susaytirmaslikka chaqirdi.

Britaniyaning navbatdagi yordami 63,5 million dollar atrofida bo’lishi ma’lum.
Yevropa Ittifoqi rasmiylari va Ukrainaga urush boshidan beri yordam berib kelayotgan mamlakatlar rahbarlari ham uni mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

Jumladan AQSh prezidenti Jo Bayden. Oq uy bayonotida aytilishicha, Qo’shma Shtatlar Ukrainaga Rossiyaga qarshi urushda ko’maklashishda davom etadi va bu gal salkam 3 milliard dollarga teng harbiy yordam ajratadi. Pul havo mudofaasi tizimi, artilleriya tizimlari va snaryadlar, dron va radarlar sotib olish uchun ishlatilishi aytilmoqda.

Zelenskiy AQShga ushbu yordam uchun minnatdorchilik bildirdi. Ukrain rasmiylari yordam beg'araz ekanini aytmoqda.

Ukraina prezidenti bugun BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolariga virtual murojaat ham qilib, Rossiyani mustaqillik kunida Dnepropetrovsk oblastida temir yo’l stansiyasiga hujumda aybladi.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya o’z navbatida Ukrainani Zaporojyedagi atom elektrostansiyasiga hujumlarda aybladi. Biroq Ukrainaning da’vo qilishicha, rus qo’shinlari o’z nazoratidagi inshootni o’zlari o’qqa tutmoqda.

Ukrain harbiylari bugun bo’lginchi kuchlar nazoratidagi Donetsk shahrini artilleriyadan nishonga olgan. Qurbonlar yo’q. Bugun, shuningdek, Zaporojye viloyatining rus harbiylari nazoratidagi Mixaylovka qishlog’i ma’muriyati rahbari Ivan Sushko qo’poruvchilar hujumida nobud bo’lgan. Uning mashinasiga o’rnatilgan bomba portlagani aytilmoqda. Viloyat rahbariyati xurujda ukrain tarafini ayblayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG