Breaking News

Ukraina urushi: Yevropa yadro tahdidi ostida


Yadro xavfi 172-kunga kirgan Ukraina urushidagi jiddiy tahdidga aylanmoqda. Raketa hujumlari Yevropadagi eng yirik Zaporojye atom stansiyasi atrofiga ko’chishi frontdagi asosiy voqelikka aylandi. Kiyev va Moskva otishmada bir-birini ayblayapti. BMT va Xalqaro atom energiyasi agentligi vaziyatdan o’ta xavotirda.

Energodar shahrida joylashgan stansiya urush boshlanishi ortidan Rossiya tomonidan ishg’ol qilingan strategik obyektlardan biridir.

O’ta yirik hisoblangan bu atom stansiyasi Rossiya ishg’oliga qaramasdan Ukraina energo tizimi uchun ishlab kelyapti. Uning quvvatini Rossiya nazoratidagi hududlarga burish qiyin jarayon, ayniqsa urush sharoitida bu o’ta xavfli hisoblanadi.

Hozirgacha jang va otishmalardan bir qadar chetda bo’lgan atom stansiyasi hududi so’nggi paytda to’qnashuvlar markaziga aylandi, raketalar bevosita stansiyani nishonga ola boshladi.

Hujum natijasida stansiyaning ayrim energobloklari bir muddat ishdan to’xtatdi ham. Yadroviy tahdid raketa to’satdan yoki ataylab energobloklarni, yadro chiqindilar saqlanayotgan konteynerlarni nishonga olishida. Shunday bo’lgan taqdirda yadro xavfi butun Yevropani qamrashi mumkin.

Vaziyat chigalligi yana shundaki, Ukraina ham, Rossiya ham obyektni nishonga olayotganini rad etmoqda. Tomonlar bir-birini yadroviy tahdid yaratishda ayblayapti.

Ukraina tomoni Rossiyaning maqsadi butun Yevropani yadro xavfi bilan shantaj qilish ekanligini aytayotgan bo’lsa, Rossiya ham Ukrainani nazorati boy berilgan hududlarda yadroviy falokat yaratish maqsadi borligida ayblamoqda.

Vaziyatga Xalqaro atom agentligi aralashdi, muammo BMT Xavfsizlik kengashida muhokamaga qilindi. Xalqaro atom energiyasi agentligi rahbari Rafael Grossining Zaporojye atom stansiyasiga safar qilishi kutilyapti.

Uning stansiyani o’z ko’zi bilan ko’rishiga Rossiya ham, Ukraina ham qarshi emas, ammo safar muddati hozircha aniq emas. Zaporojye front chizig’ida joylashgani jiddiy xavfsizlik choralari ko’rishni talab etadi.

Jang maydonidagi vaziyat

HIMARS qurilmalari Ukraina armiyasi taktikasida o’zgarishlar qilmoqda. Bu o’zgarish qarshi hujum va ishg’oldagi hududlar ozod qilinishida emas, balki Rossiya armiyasining siljishini jiddiy cheklashida aks etadi.

Xalqaro ekspertlar buni Ukraina armiyasining muvaffaqiyati sifatida baholashmoqda. Darhaqiqat, yakunlanayotgan hafta front chizig’i deyarli o’zgarishsiz qolganini ko’rsatdi.

So’nggi payt asosiy janglar kechayotgan Baxmut, Soledar, Seversk shaharlari ustidan nazorat hamon Ukraina tomonida. Rossiya armiyasi ta’minotdan qirqilib, bunga aynan AQSh va boshqa ittifoqchilar tomonidan yetkazilgan zamonaviy raketa qurilmalari evaziga erishilmoqda.

AQSh tomoni Ukraina armiyasining zamonaviy raketa qurilmalari, xususan HIMARS tizimidan foydalanish qobiliyatini yuqori baholayapti.

Urushdagi vaziyatni o’rganib kelayotgan Britaniya va AQShdagi tadqiqot markazlari xulosasiga ko’ra, front va front ortidagi harbiy omborxonalar, istehkomlar nishonga olinishi natijasida Rossiya armiyasi harakati jiddiy cheklangan, ruslar hujumni kuchaytirish emas, mudofaani ushlash haqida o’ylay boshlagan.

Front ortidagi Qrim

Bu hafta front liniyasidan ancha uzoqda bo’lgan Qrimdagi harbiy aerodromda portlash yuz berdi. Natijada Rossiya armiyasining kamida sakkiz harbiy samolyoti yonib ketdi.

Rossiya bayonotiga ko’ra, aerodromdagi portlashlar ehtiyotsizlik tufayli, o’q-dorilar bexosdan tutashishi natijasida yuz bergan.

Ammo sun’iy yo’ldosh yordamida olingan suratlar qiruvchi samolyotlar maqsadli yo’q qilingani, bu Ukraina armiyasi ishtirokisiz kechmaganiga doir xulosalarga undaydi.

Qrimdagi bu portlashlar Rossiyaning front ortidagi obyektlari ham nishondan soqit emasligi, Ukraina armiyasining imkoniyatlari jiddiy oshayotganini ham ko’rsatdi.

Ayni paytda front liniyasi 1300 km atrofida baholanadi, ammo sanoqli yo’nalishlarda shiddatli janglar kechmoqda. Front chizig’ining aksariyat qismida bevosita to’qnashuvlar deyarli to’xtagan.

O’zbekiston

Yarim yilga o’tayotgan Ukraina urushining Markaziy Osiyoga ta’siri tobora sezilib boryapti. Bu hafta Rossiyaning Perm viloyatidagi o’zbeklar jamiyati raisi Jahongir Jalolov vatandoshlarni Ukrainaga qarshi urushishga jalb etuvchi murojaat bilan chiqdi.

Jalolov viloyatdagi o’zbeklar ishtirokida o’tgan majlisda Rossiyaning Ukrainada boshlagan harbiy amaliyotini qo’llab-quvvatlar ekan, “Amir Temur” nomidagi ko’ngilli batalyon tashkil etish, Rossiyada yashayotgan, ishlayotgan o’zbeklarni “yeyilgan nonni oqlashga”, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishga chaqirdi.

Jalolovning bu bayonoti ortidan O’zbekistonning Moskvadagi elchixonasi mamlakat tashqarisidagi harbiy to’qnashuvlar, urushdagi ishtirok uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi haqida ogohlantirdi.

Bu ogohlantirishlar O’zbekiston fuqarolarini, ayniqsa muhojirlikdagi o’zbekistonliklarni harbiy to’qnashuvlardagi ishtirokdan qanchalik asrashi noma’lum. “Amerika Ovozi” mehnat muhojirlari, umuman Markaziy Osiyo fuqarolarining Ukraina urushiga tortilishiga doir vaziyatni muntazam yoritib keladi.

Frontdagi vaziyat Rossiya tomoniga yollangan, shuningdek, Ukraina tomonida turib ham jang qilayotgan o’zbekistonliklar borligini ko’rsatmoqda.

Qozog’iston

Ukraina urushi ayniqsa Qozog’istondagi vaziyatda sezilarli o’zgarishlar qilmoqda. Ammo O’zbekistondan farqli o’laroq Qozog’istonda Rossiyaning Ukrainaga bosqini xavotir va tashvishlar bilan qarshilanmoqda.

Nafaqat qozoq jamoatchiligi, balki Qozog’iston hukumati darajasida ham bunday xavotirlar jiddiy.

Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev Rossiyadagi iqtisodiy forumda Qozog’iston Ukrainaning ayirmachi hududlari - Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olmasligi haqida bayonot qilishi ortidan Qozog’iston Kreml doirasidagi siyosatchilar, ekspertlarning nishoniga aylandi.

Rossiyaning sobiq prezidenti, ayni paytda Xavfsizlik kengashi kotibi o’rinbosari Dmitriy Medvedevning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Qozog’iston Rossiya qudrati evaziga tashkil topgan sun’iy davlat ekaniga doir iddaoli maqola paydo bo’ldi.

Medvedev keyinchalik bu maqolani rad etgan bo’lsa-da, Krelm doirasida Qozog’iston sun’iy davlat ekanligi, hududlarining aksariyati tarixan Rossiyaga tegishli degan fikrdagi siyosatchilar ko’p.

Aynan shu bois ekspertlar doirasida Ukrainadan keyin Rossiyaning navbatdagi nishoni Qozog’iston bo’lishi haqidagi farazlar kuchli. Bu farazlar nafaqat qozoq jamoatchiligi, balki qozoq hukumati tomonidan ham jiddiy xavf sifatida qabul qilinayotgani kuzatiladi.

Bu xavotirlar ortidan Qozog’iston Turkiya bilan harbiy aloqalarni mustahkamlay boshladi. Ikki davlat razvedka ma’lumotlari almashinuvi, harbiy hamkorlikka doir yangi bitim imzoladi. Tashqi savdoda Rossiyani aylanib o’tuvchi yo’llarga diqqat qaratilmoqda.

Qozog’istonning bu intilishlari Moskva tomonidan inobatsiz qoldirilayotgani yo’q. Yaqinda Rossiya axborot vositalarida Qozog’iston Britaniya orqali Ukraina armiyasi ehtiyoji uchun qurol-yarog’ sotayotgani haqida ma’lumotlar sizdirildi.

Qozog’iston buni rad etdi, ammo mamlakat Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqqa a’zo ekanligi inobatga olinsa, Ukraina urushidan turtki olgan Rossiya-Qozog’iston ziddiyati ancha jiddiy ekanligini anglash mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG