Rossiya Mudofaa vazirligi bugungi hisobotida Ukrainaning Xmelnitskiy oblastida uzoq masofali raketalar yordamida AQSh Ukrainaga bergan HIMARS raketa tizimlari va M-777 gaubitsalari uchun o’q-dori, snaryadlar yo’q qilinganini, Donetsk viloyatida havo hujumida 100 dan ortiq ukrainalik askar va xorijiy ko’ngilli o’ldirilganini ma’lum qildi.
Urush boshidan beri minglab xorijlik Ukraina armiyasiga qo’shilib, ruslarga qarshi jang qilmoqda. Ba’zilarining ilk bor qo’lga qurol olgani, boshqalarining esa sobiq harbiy ekani va oldin qaynoq nuqtalarda xizmat qilgani ma’lum.
Rossiya ularning pozitsiyalarini tinmasdan artilleriya yordamida nishonga olarkan, hatto tajribali xorijiy jangarilar ham bunday murosasiz va kuchli raqib bilan oldin yuzlashmaganini tan oladi.
"Hozir ko’proq artilleriya urushini ko’ryapmiz. Ancha qattiqroq, dahshatliroq urush. Bunday urushda ruhan kuchli odamlargina jang qila oladi”, - deydi o’zini Dzvin deb tanishtirgan “Karpat Sechi” deb nomlanuvchi batalyonda xizmat qilayotgan dala qo’mondoni.
Xorijiy ko’ngillilarning ba’zilari Afg’onistonda xizmat qilgan, biroq u yerda ularga qarshi jang qilgan toliblarda na aviatsiya, na artilleriya, na tanklar bo’lgan.
"Janglar ancha qattiq bu yerda. Ixtilof uzoq davom etgan sari charchoq ham kuchaymoqda”, - deydi Konor ismli britaniyalik ko’ngilli.
"Tunda soat 1 da, so’ng 2 da, keyin esa sahar 4 da o’q yog’dirishadi. Bu bizni uyqudan ayiryapti. Ammo tetikligimizni saqlashimiz lozim”, - deydi u.
Ukraina armiyasidagi sharoitlardan noliyotgan xorijliklar ham bor. Ba'zilarining G’arb matbuotiga shikoyat qilishicha, qurol-yarog’ ta’minoti yaxshi yo’lga qo’yilmagan, maosh kutilganidan ancha kam.
Rossiya Ukrainada natsistlarga qarshi kurashayotganini da’vo qiladi.
"Men natsist emasman. Millatchiman. Ruslardan boshqa hamma odamlarni irqidan qat’i nazar hurmat qilaman. Ruslar - dushmanimiz”, - deydi “Karpat Sechi” batalyoniga yaqinda qo’shilgan Leo ismli 33 yoshli bir jangchi.
Facebook Forum