144 kundan beri davom etayotgan Ukraina-Rossiya urushida tinch aholi orasida qurbonlar soni o’sib bormoqda. Yakunlanayotgan haftada Rossiya armiyasi Ukrainaning Vinnitsa shahrini raketa bilan nishonga olishi oqibatida 20 dan oshiq fuqaro halok bo’ldi. O’lganlar orasida uch nafar yosh bolalar ham bor.
Rossiya tomoni bu zarbani harbiylar yashagan uy nishonga olingani bilan izohladi. Ukraina tomoni esa qurbonlarning hammasi tinch aholi ekanligini ta’kidlamoqda. Matbuot raketa zarbasi paytida halok bo’lgan yosh bolalar, oilalar taqdiri haqida yozmoqda.
Urush beshinchi oyga kirib borar ekan, tinch aholi qurbon bo’layotgan raketa zarbalari soni jiddiy oshayotgani kuzatiladi. Vinnitsaga qilingan hujumdan avvalroq Kremenchuk shahridagi savdo markazi ham raketa zarbasiga nishon bo’lgan. Bu hujumda ham 20 ga yaqin tinch aholi qurbon bo’lgan edi.
Tinch aholidan qurbonlar faqat Ukraina tomonida emas. Tan olinmagan Donetsk Respublikasi ham ukrain armiyasi zarbasida tinch aholi qurbon bo’lganiga doir ma’lumotlar bermoqda.
Bevosita urushga doir vaziyatda qisqa tanaffus ortidan front chizig’i bo’ylab janglar qayta avj olmoqda. Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu tomonidan front bo’ylab hujumni kuchaytirish haqidagi buyruq ortidan janglar yanada shiddatlanishi kutilmoqda.
Rossiya armiyasi Lisichanskni egallashi ortidan frontda qisqa muddatli tanaffus yuzaga kelgani ta’kidlangan edi. Bu orada, Rossiya mudofaa vaziri Donetsk va Lugansk viloyatlariga borgani, frontdagi vaziyat bilan tanishgani haqida ma’lumotlar yuzaga chiqdi. Shoyguning front bo’ylab hujumlarni kuchaytirish haqidagi buyrug’i aynan shu safar ortidan berilayotganiga diqqat qilinadi.
Urushdagi vaziyatni kuzatib kelayotgan xalqaro tadqiqotchilarga ko’ra, Rossiya butun front bo’ylab janglarni kuchaytirish qudratida emas. Yaqin kelajakdagi asosiy maqsad Donetsk viloyatini egallash bo’lib qolaveradi.
Rossiya armiyasi Severedonetsk va Lisichansk shaharlarini egallashi ortidan Lugansk viloyatining hududiy chegaralariga chiqdi. Endi janglar Donetsk viloyatini egallash uchun kechmoqda.
Ayni paytda bu yo’nalishdagi muhim istehkomlardan biri - Seversk shaharchasi uchun janglar ketmoqda. So’nggi tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko’ra, ukrain armiyasi kichik guruhlarga bo’lingan holda bu shaharchani tashlab chiqmoqda.
Ukraina armiyasining Severskni qo’ldan boy berishi Donetsk viloyatidagi yirik shaharlar - Kramatorsk, Slavyansk, Baxmut uchun janglarga yo’l ochib berishi mumkin.
Donbassda Rossiya armiyasi ustunlik qilayotgani kuzatilayotgan bo’lsa, janubiy frontda Ukraina armiyasi yirik hujumga hozirlanmoqda. Bu nafaqat qarshi hujum, balki janubni ozod qilish uchun tayyorlanayotgan yirik harbiy reja sifatida taqdim etilmoqda.
Bu shaxsan Prezident Volodimir Zelenskiyning janubdagi yerlarni ozod qilish haqidagi buyrug’iga muvofiq hozirlanayotgani aytiladi. Ukraina Mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov buning uchun qariyb bir millionlik armiya shakllantirilishi, dastlabki yirik g’alaba Xerson, Zaporojye viloyatlarini ozod qilishdan boshlanishini ta’kidlamoqda.
Ukraina uchun birinchi galda janubiy hududlarning ozod qilinishi dengiz yo’llari ustidan nazoratni qayta tiklash uchun ham o’ta muhim.
Harbiy ekspertlar Rossiya armiyasi Donetsk uchun janglar asosiy kuchini tashlar ekan, Ukraina armiyasi aynan janubiy frontga diqqat qaratishi, Xersonni ozod qilish uchun hamlaga o’tishni ehtimol qilishadi. Shunday ehtimollikdan kelib chiqilsa, kelayotgan hafta front chizig’ida jiddiy o’zgarishlar qilishi mumkin.
Front tashqarisidagi vaziyat urush oddiy aholiga og’ir musibatlar yetkazayotgani bilan kuzatiladi. Hafta oxirida Vinnitsa shahridagi portlashda halok bo’lganlar bilan vidolashuv marosimi bo’lib o’tdi. Shahar aholisi tiz cho’kkancha qurbonlarni so’nggi yo’lga kuzatdi.
Qurbonlar orasida yosh bolalar borligi ukrain jamoatchiligini jiddiy larzaga solgan. Urush nafaqat front yoqasidagi, balki butun Ukraina bo’ylab tinch aholi xavfsiz emasligi, urushdan xorijga qochib chiqqanlar ham urush fojiasidan xoli emasligini ko’rsatgan.
Ukrainalik san’atkor Marina Koval uyi yaqinida bomba portlashi ortidan yosh bolasi bilan xorijga qochib chiqqan. Bu quvg’in ortidan urush, urush qurbonlari uning ijodidagi asosiy mavzuga aylandi.
“Men Ukrainada ekanman, farzandimning, o’zimning, yaqinlarimning xavfsizligini o’ylardim, shundan vahimaga tushardim. Mana hozir xavfsiz joydaman, ammo bu yengillik olib kelayotgani yo’q. Juda og’ir. Chunki sen boshqalarining farzandi, onasi, oilalar halok bo’layotganini kuzatasan. Bu juda og’ir. Axborotdan voz kecholmaysan, ammo o’qish, bilish yanada qiyin”, - deydi u.
Rossiya armiyasi Ukraina sharqidagi yirik shaharlarga yaqinlashar ekan, bu hududlardan aholi evakuatsiyasi yanada oshgan. Ukraina tomoni odamlarni xavfsiz joyga ko’chib chiqishga, evakuatsiya masalasini paysalga solmaslikka chaqirmoqda.
Facebook Forum