Breaking News

NATO bosh kotibi: Urush ertami-kech muzokara stolida yakun topadi


Donetsk
Donetsk

G’arb davlatlari uzoq davom etadigan, “vayronagarchilik urushiga” tayyor turishi kerak, deydi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg. Pentagonda u AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan uchrashib, Rossiya tahdidi va alyansning shu oy Madridda o’tadigan yig’ilishini muhokama qildi.

Ostin so’zlariga ko’ra, dunyoning eng yirik xavfsizlik tashkiloti Rossiyaning Ukrainaga sababsiz tajovuzi fonida yanada kuchaygan, a’zolari birdam ekanini ko’rsatmoqda.

“Alyans a’zolari yalpi ichki mahsulotining kamida 2 foizini mudofaa uchun ajratishi tarafdoriman”, - deydi Pentagon rahbari.

Xalqaro hayot – 3-iyun, 2022
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:06 0:00

Lloyd Ostin tashkilot o’z vazifalarini bajarishi uchun umumiy moliya hajmi va resurslarini oshirish muhimligini ham ta’kidladi.

Stoltenberg fikricha, boshqa urushlar kabi Ukrainadagi mojaroga ham ertami-kechmi muzokara stolida yakun yasaladi. Ammo muzokara natijasi jang maydonidagi vaziyat bilan bog’liq chambarchas bog’liq.

NATO bosh kotibi Oq uyda Prezident Jo Badyen bilan ham yuzma-yuz muloqot qilgan.

“Prezident Putin NATOni cheklash uchun Ukrainani bosib oldi. Lekin shuning aksi bo’lib chiqdi. Alyans sharqiy hududlarida faollashdi. Finlyandiya va Shvetsiya qo’shilishi bilan tashkilot yanada kengaymoqda”, - deydi Stoltenberg.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an skandinav mamlakatlari Anqara terrorchi deb bilgan shaxslarga boshpana berganini aytib, ikki davlat a’zoligiga rozilik bermayapti.

Finlyandiya va Shvetsiyaning bu shaxslarga nisbatan yondashuvi o’zgarishini ko’rsatuvchi, majburiy kuchga ega hujjatlar imzolanmasa, ularning a’zolik arizalarini tasdiqlamaymiz, deydi Erdog’an.

Oq uy hovlisida o’tgan matbuot anjumanida Yens Stoltenberg Turkiya muhim ittifoqchi ekaniga urg’u berdi. Stokgolm, Xelsinki va Anqara vakillari bilan yaqin kunlarda uchrashib, Turkiya bildirayotgan e’tirozlarga yechim topamiz, deydi NATO rahbari.

100 kun

Bugun – Rossiya Ukrainada urush boshlaganiga 100 kun to’ldi. Rossiya kuchlari Ukraina sharqida yurishni davom ettirmoqda va Prezident Volodimir Zelenskiyning aytishicha, shu kungacha mamlakat hududining 20 foizini bosib olgan.

Kiyevdan signal shuki, qo’shni davlat bilan tinchlikka erishish uchun hududlarini unga topshirmaydi, shunday mazmundagi kelishuvlarni qabul qilmaydi.
Kreml “maxsus operatsiya” deb atayotgan harbiy harakatlar davom etishini bildirmoqda.

“Operatsiyaning asosiy maqsadlaridan biri Donetsk va Lugansk aholisini natsistlarga moyil Ukraina qurolli kuchlaridan himoya qilish. Belgilangan barcha maqsadlarga erishilmaguncha, operatsiya davom etadi”, - deydi Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov.

Prezident Zelenskiy urushning yuzinchi kunida Kiyevdan turib, ukrainaliklarga qisqa murojaat qildi.

“Ukrainani 100 kundan beri himoya qilayapmiz. G’alaba bizniki bo’ladi”, - deydi u.
Urush shu kungacha millionlab ukrainaliklar qo’shni mamlakatlarga qochishiga sabab bo’ldi. Mamlakatning o’zida 8 million odam uy-joyini tashlab ketgan.

“Tinch aholi yashovchi joylarni o’qqa tutish, ularni qochishga majburlash Rossiya rejasining bir qismi bo’lishi mumkin”, - deydi Louboro universiteti professori Afzal Ashraf.

G’arb mamlakatlari Rossiyaga ketma-ket sanksiyalar qo’yishda davom etmoqda. Mojaro boshida jiddiy yo’qotishlarga uchragan Rossiyaning e’tibori hozir Donbass mintaqasida. Mariupol butunlay vayron qilingan. Shaharda minglab tinch aholi halok bo’lgan.

Asosiy janglar Ukraina sharqida kechayapti. AQSh shu hafta Kiyevga uzoq masofali artilleriya tizimlarini berishini e’lon qildi.

“Ukraina harbiylarining jasoratini, ular G’arb yordami bilan o’z uylarini sababsiz bosqindan himoya qilishga tayyor ekanini hisobga olsak, uzoq muddatda bu urush Putin uchun strategik falokat bo’ladi. Lekin qisqa muddatda vaziyat mavhum”, - deydi harbiy tahlilchi Bredli Bouman.

Mojaro Yevropada xavfsizlik muhitini allaqachon o’zgartirdi. Muzokaralardan darak yo’q. Tomonlar uzoq muddatli urushga tayyorlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG