Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 92-kun. Putin Ukraina bug'doyi eksportiga yo'l beradimi?


Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba va Ukrainadagi qator rasmiylar AQSh sobiq davlat kotibi Genri Kissinjerning Ukraina ayrim hududlaridan Rossiya foydasiga voz kechib, tinchlikka kelishishi kerak degan gaplarini tanqid qildi.

Xalqaro hayot - 26-may, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:26 0:00

Juma kini 90-bahorini qarshilaydigan Kisssinjer bu haqda Davosda o’tayotgan iqtisodiy forum ishtirokchilariga virtual murojaatida so’zlagan.

Kulebaning aytishicha, Rossiyaga yon berishlar Ikkinchi jahon urushidan beri Yevropada eng yirik urushga yetakladi.

AQSh sobiq va marhum prezidentlar Richard Nikson va Genri Ford ma’muriyatlarida ishlagan keksa arbob Ukrainani Yevropa va dunyo muvozanati uchun dono bo’lishga chaqirgan.


Rossiya qurolli kuchlari sharqdagi Donbassda hududlarni birin-ketin ishg’ol qilayotgan bir paytda ukrainalik general Oleksiy Gromov Rossiyaning Lugansk viloyatida qo’li baland kelayotganini tan oldi.

Unga ko’ra, Rossiya Belarusning Brest viloyatida “Iskandar” raketalarini joylashtirib, Ukraina g’arbiga qarshi yangi hujumlarga hozirlanmoqda.

Ukraina mudofaa vaziri o’rinbosari Xanna Malyarning aytishicha, Kiyev ham raketa zarbalariga tayyor turishi lozim.

G’arb rahbarlari Rossiyaning Ukrainadagi urushi oqibatida dunyo ocharchilikka yuz tutishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Davosdagi forumda so’zga chiqqan Germaniya Kansleri Olaf Sholsning ishonch bilan aytishicha, Rossiya Ukrainada g’alaba qozonmaydi.

Germaniya Iqtisodiyot vaziri Robert Xabek Yevropa Ittifoqi yaqin kunlarda Rossiyaga qarshi neft embargosini o’z ichiga olgan yangi sanksiyalar paketiga kelishishiga umid qildi. Ma’lumki, Rossiya neftiga tobe Vengriya oyoq tirab olgan.

Britaniya Tashqi ishlar vazirasi Liz Trass esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni butun dunyoni garovga olganlikda aybladi.

"Putin ocharchilik va oziq-ovqat tanqisligidan qurol sifatida foydalanmoqda”, - dedi u Bosniya va Gersegovinaga tashrifi chog’ida.

Ukraina Qishloq xo’jaligi vazirligi vakili Roman Rusakovning aytishicha, har oy 6 milliongacha tonna oziq-ovqat mahsulotlarini Yevropaga olib chiqishga Qora dengizni nazorat qilayotgan Rossiya kemalari halaqit bermoqda.

“Mahsulotni avtomobil yo’llari, temir yo’l va Dunay daryosi bo’yidagi kichik portlar orqali olib chiqishga harakat qilyapmiz, biroq bunday sur’atda oyiga 2 million tonnadan ko’p mahsulot olib chiqa olmaymiz”, - dedi u.

Ukraina omborlarida o’tgan yilgi hosilning 20 million tonnadan oshig’i saqlanayotgani aytiladi.

Rossiya bug’doy yetishtirish hajmi bo’yicha dunyoda birinchi o’rinda ekan, global ocharchilikka AQSh va Yevropa Ittifoqi da’vo qilganidek Odessa va boshqa joylardagi portlarning Rossiya qurolli kuchlari tomonidan qamalda ushlab turilgani emas, balki Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarning sabab ekanini bildirmoqda.


Rossiya tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Andrey Rudenkoning aytishicha, Moskva ayrim sanksiyalarning bekor qilinishi evaziga gumanitar koridor ochib, bug’doy ortilgan kemalarni Ukrainadan chiqarib yuborishga tayyor.

Biroq Liz Trass bunga javoban sanksiyalar bekor qilinmasligini aytdi.

Anqara ayni damda Moskva va Kiyev bilan muzokara boshlab, bug’doyni Turkiya orqali eksport qilishga kelishmoqchi.


Bugun Yevrosiyo iqtisodiy forumi ishtirokchilariga video aloqa orqali so’zlagan Putinga ko’ra, G’arb sanksiyalari ta’minot zanjiriga zarba berdi, biroq Rossiyani texnologiyalardan ayirishga ojizlik qiladi.

“Ma’lum bosqichda o’ziga yarasha yo’qotishlarni boshdan kechirdik, biroq bu bizning yanada kuchliroq bo’lishimizga yordam beradi. Xorijiy kompaniyalarning bozorimizdan ketganiga shukur qilamiz, chunki ularning o’rnini bizning kompaniyalar egallaydi. Biznesimiz, ishlab chiqarishimiz ancha oyoqqa turib oldi va hamkorlarimiz tayyorlab bergan poydevorga o’rnashib oladi”, - dedi Putin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG