Breaking News

Rossiya Ukraina janubi aholisiga tezlashtirilgan tartibda fuqarolik beradi


Xerson, 20-may, 2022
Xerson, 20-may, 2022

Kreml Ukrainaning ikki viloyati aholisiga Rossiya fuqaroligi va pasportini olishni osonlashtirmoqda. Prezident Vladimir Putin bu borada farmon imzoladi. Janubdagi Xerson viloyati to’liq Rossiya kuchlari nazoratida, janubi-sharqdagi Zaporojye esa qisman.

Ukrainaning ikki bo’lginchi hududi, Donetsk va Lugansk aholisiga ham Moskva 2019-yildan buyon 800 mingdan ziyod pasport tarqatgan. Putin farmoni Xerson va Zaporojyeni “ruslashtirish” tomon qo’yilayotgan qadamdir.

“Soddalashtirilgan tizim barchamizga Rossiya bu yerda nafaqat uzoq vaqt, balki abadiy qolishini aniq anglash imkonini beradi, – deydi Xersonda Moskva tomonidan tayinlangan rahbar o’rinbosari Kirill Stremousov. – Prezident Putindan barcha ishlari uchun, bugun ozod etilgan tarixan rus yerlarida ruslarni himoya qilayotgani uchun minnatdormiz”.

Yangi ma’muriyat “Rossiyaning katta oilasiga qo’shilishni” istaganlarga yordam berishni xohlaydi, deydi u.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi mamlakat hududida rus pasportlari tarqatilishini noqonuniy, deya qoraladi.

“Bu harakat Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq normalari va tamoyillarini qo’pol ravishda buzishdir”, deyiladi vazirlik bayonotida.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysga ko’ra, ushbu qadami bilan “Rossiya Ukraina xalqini o’ziga bo’ysundirishga, majburan o’z so’zini o’tkazishga harakat qilmoqda”.

O’zini xalq respublikalari deb e’lon qilgan Donetsk va Luganskda ham 2019-yilgi farmon fuqarolikni tezlashtirilgan tartibda berishni yo’lga qo’ygan. Arizachilar Rossiyada yashagan bo’lishi, yetarli mablag’ga ega ekanini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishi yoki rus tilidan imtihon topshirishi shart emas.

Fuqarolik anketasi uch oy ichida ko’rib chiqiladi. Xerson viloyatida Rossiya pasportini berish markazlarini ochishga tayyorgarlik ketmoqda, deydi Stremousov.

23-maydan boshlab Xersonda mahalliy valyuta grivna qatorida rubl ham muomalaga kiritilgan.

"AFP" axborot agentligi ma'lumotlaridan foydalanildi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG