Seshanba kuni AQSh Vakillar palatasi Ukrainaga harbiy va gumanitar yordamni o’z ichiga olgan 40 miliard dollarlik qonun loyihasini ma’qulladi. Hujjatga ovoz berish navbati endi Senatda.
Prezident Jo Bayden 2 oy oldin ajratilgan 13,6 milliard dollar may oxiriga borib tugashi haqida ogohlantirib, qonunchilardan qo’shimcha 33 milliard so’ragan edi. Demokratlar bu pul kamlik qilishini aytib, qonun loyihasiga yana 7 milliard dollar qo’shib qo’ydi.
“Rossiyaning puli tugab boryapti, mudofaa materiallari tugab boryapti. Ukrainada pul ham, mudofaa materiallari ham tugab qolmasligini ta’minlashimiz kerak”, - deydi demokrat senator Kris Myorfi.
Hujjatga 57 kongressmen qarshi ovoz berdi – hammasi respublikachi.
Bundan bir kun oldin esa Bayden Ukrainani qurol bilan ta’minlashga yordam beruvchi lend-liz haqidagi qonun loyihasini imzoladi. Hujjat Ukrainaga qurol uzatish jarayonini tezlashtirishga qaratilgan.
Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Amerikaning keng ko’lamli yordami Ukrainadagi mojaroning cho’zilishiga olib kelishi mumkin.
“Ukrainaga cheksiz harbiy yordam berilishi hamda urushni uzaytirish ehtimoli Amerika xavfsizligiga real tahdid solmoqda va bu mavzu Vashingtonda jiddiy ravishda muhokama qilingani yo’q deb o’ylayman”, - deydi Kvinsi nomidagi mas’uliyatli davlatchilik instituti eksperti Jorj Bib.
AQSh razvedkasi vakillari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uzoq muddatli ixtilofga tayyor ekanini aytmoqda.
AQSh Milliy razvedkasi direktori Evril Xeynsning Senatning Qurolli kuchlar qo’mitasida o’tgan tinglovda fikr bildirishicha, mojaro cho’zilgani bilan Putin yadro qurollarini qo’llashgacha bormaydi.
Unga ko’ra, Putin Ukrainada yolg’iz Donbassni qo’lga kiritish bilan cheklanmaydi, yadro qurollarini esa Rossiya davlatiga jiddiy tahdid ko’rsagina ishlatishi mumkin.
"Nazarimizda, Putin Ukrainadagi urushni boy berayotganini ko’rsa, NATO mojaroga aralashsa yoki aralashish arafasida bo’lsa, [taktik yadro] qurolini ishga solishi mumkin. Biroq bungacha ko’plab boshqa usullarni qo’llashi mumkin”, - deydi razvedka xizmati rahbari.
Seshanba kuni Oq uyda Bayden bilan uchrashgan Italiya Bosh vaziri Mario Dragi yevropaliklar mojaroga diplomatik yechim topish tarafdori ekanini aytdi.
“Sulhga erishib, jiddiy muzokara boshlash ehtimoli haqida o’ylayapmiz”, - dedi Dragi.
Xabarlarga ko’ra, Ukrainaning Rossiya qurolli kuchlari nazoratiga o’tgan Xerson viloyati Rossiyaga qo’shilishi mumkin. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, bu xersonliklar xohishiga havola.
Yevropa Rossiya yoqilg’isiga tobelikdan qutulishga harakat qilayotgan bir paytda Ukraina sharqdagi Lugansk viloyatida joylashgan “Soxranovka” gazni taqsimlash stansiyasi va “Novopskov” kompressor stansiyasi orqali Yevropaga gaz tranziti to’xtatilgani haqida ma’lum qildi. Bunga harbiy harakatlar natijasida ushbu hududlarning Ukraina nazoratidan chiqqani sabab qilib ko’rsatilmoda. Natijada Yevropa Rossiyadan uzatilayotgan gazning uchdan bir qismidan ayrildi, bu esa tabiiy gazning qimmatlashishiga olib keldi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari rus nefti va gazi importidan voz kechishga qaror qilsa, ularning o’rnini bozorda boshqa xaridorlar egallaydi.
"G’arb yoqilg’i uchun Rossiya Federatsiyasiga to’lagan narxdan ko’proq to’layversin va aholisiga nega qashshoqlashayotganini tushuntirib bersin”, - dedi Ummonga borgan Lavrov.
Seshanba kuni Ukrainada sobiq prezident Leonid Kravchuk 88 yoshda vafot etdi. 1991-yil dekabrida Kravchuk, Rossiyaning birinchi prezidenti marhum Boris Yelsin hamda Belorussiya rahbari Stanislav Shushkevich Sovet Ittifoqini tarqatishga qaratilgan Belovej shartnomasini imzolagan.
"Ukraina SSSR tarkibida qolsa, chinakamiga mustaqil bo’la olmasligini tushungan edim. Ukrainaliklar mustaqil bo’lishni xohlagan va men ularning istagini bajo keltirdim”, - degan edi Kravchuk.
Yelsin 2007-yilda, Shushkevich esa o’tgan hafta olamdan o’tdi.
Facebook Forum