Breaking News

Pentagon: 20 davlat Ukrainaga harbiy yordam uzatmoqda


AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin, Pentagon, Virjiniya shtati, 23-may, 2022
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin, Pentagon, Virjiniya shtati, 23-may, 2022

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinga ko'ra, qariyb 20 davlat shu kunlarda Ukrainaga harbiy yordam uzatishga qaror qilgan.

“Ko'plab hukumatlar zarur o'q-dori, sohillar uchun mudofaa tizimlari, tank va zirxli mashinalar yuborishga bel bog'lagan. Ular Ukraina o'zini Rossiyadan yaxshiroq himoya qila olishini istaydi", - deydi Ostin.

Daniya raketa va raketa otuvchi sistemalar beradi. Chexiya ham raketalar, shuningdek, vertolyotlar va tanklar yuboradi.

23-may kuni virtual muloqotda 43 davlat qatnashib, bu masalada maslahatlashgan.

AQSh bosh harbiysi general Mark Milli deydiki, bu davraga yangi qo'shilgan Avstriya, Kolumbiya va Irlandiya ham madad ko'rsatishga tayyor.

Kelgusi uchrashuv Bryusselda 15-iyunda o'tadi.

“Bu doiradagi davlatlar urushga qarshi, uni qoralaydi va mojaro faqat Yevropa bilan cheklanmasligini tushunadi", - deydi Ostin.

Amerika hukumati talqinicha, Rossiya Ukraina suveniteti va mustaqilligini buzib, jamiki mustaqil va suveren davlatlarga xavf solmoqda, ularning ham tinchligiga shunday hamla qilish mumkin, deya ko'rsatmoqda.

BMTning Jenevadagi binosi
BMTning Jenevadagi binosi

Bu orada Rossiyaning Jenevadagi yetakchi diplomatlaridan biri ishdan bo'shagan. Uning aytishicha, sabab - Prezident Vladimir Putin qabih ish turib, uning yurtini "dunyoga sharmanda qilayotgani."

41 yoshli Boris Bondarev 20 yil mobaynida qator davlatlarda xizmat qilgan. Bo'shash haqidagi arizasida u Ukrainadagi urushni qoralab, vijdoni foaliyatini davom ettirishga yo'l qo'ymayotganini aytgan.

“Putinning Ukrainaga qarshi urushi butun G'arbga nisbatan urushdir. Bu urush nafaqat Ukraina xalqiga, balki Rossiya xalqiga ham qarshi jinoyat hamdir. Urush bizning erkin jamiyatda yashash orzumizni puchga chiqardi", - deya yozadi Bondarev.

U Jenevadagi elchixonada qurolsizlanish masalalari ustida ishlagan. Diplomat fikricha, Putin bu urushni hokimiyatda umrining oxirigacha qolish uchun ochdi. Putin bu ishni saroylarda yashashda davom etib, yaxtalarda sayr qilib, cheksiz qudratga ega bo'lish va biror jihatdan hech kimga hisobot bermaslik, biror masalada javobgarlikka tutilmaslik uchun qildi", - deya izohlaydi Bondarev.

“Buning uchun qancha odam o'lishi ularga muhim emas. Minglab rossiyaliklar va ukrainaliklar allaqachon nobud bo'ldi".

Kambodja va Mongoliya kabi davlatlarda ham ishlagan Bondarev deydiki, Rossiya Tashqi ishlar vazirligida professionalizm tobora pasayib, bugunga kunda tizim buyruqbozlik va loqaydlikka asoslangan.

Mudofaa vaziri Sergey Lavrov, Bondarev nazarida, bu qulashning yaqqol timsoli. Lavrov hamma hurmat qilgan professional, intellektual mutaxassisdan nima deyayotgani tayinsiz va asossiz, ziddiyatli gaplar bilan dunyo va o'z davlatiga tahdid solayotgan, hatto atom qurollari bilan do'q qilayotgan shaxsga aylangan.

“Rossiyaning biror ittifoqchisi qolmadi. Bunga esa egri va mas'uliyatsiz siyosat aybdor. Men bunday zolim va qonxo'r siyosatga guvoh bo'lib, uning ostida ishlay olmayman. Buning turgan bitgani sharmandalik".

Bondarev Kreml unga qarshi qanday chora ko'rishi mumkinligidan xavotirda ekanini aytgan.

"Rossiya diplomatlari orasida urushni yoqlamaydiganlar ko'p. Ularning aqli va vijdoni bor, ammo hamma ham ishini tashlab keta olmaydi, siyosatni tanqid qila olmaydi", - deydi Bondarev.

Rossiyada Ukrainadagi mojaroni qoralaganlar, jumladan u haqida hukumatni savolga tutuvchi ma'lumot tarqatganlar va uni maxsus harbiy operatsiya demay urush deb baholaganlar 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG