Rossiya qurolli kuchlari Ukraina askarlarini Donbassdan siqib chiqarishda davom etmoqda. Kecha Donetsk viloyatining Svetlodarsk shahri rus qo’shinlari qo’liga o’tdi, Krasniy Limanga Rossiya armiyasi kirgan, Severodonetsk va Lisichansk shaharlaridagi ukrain qo’shinlari iskanjaga olinmoqda, ruslar Baxmut shahriga chiqishga urinmoqda, Ukraina tarafiga ko’ra, 20 ming qo’shin bilan Slavyansk shahriga hujumga hozirlanmoqda.
Rossiya qurolli kuchlari so’nggi bir kunda Donetskdagi bir necha o’q-dori zavodini, jumladan AQSh Ukrainaga yetkazgan gaubitsalar uchun snaryad saqlangan bir zavodni, Zaporojye viloyatida harbiy samoloyotlar va dronlar uchun dvigatel ishlab chiqaruvchi korxonani, Dnepropetrovsk viloyatidagi temir yo’l stansiyasida Donbassga safarbar etilayotgan ukrain zaxira kuchlarini, Nikolayev viloyatida harbiy vertolyotni va qator boshqa nishonlarni raketalar bilan urgan.
Bugun Moskvadagi harbiy gospitalda Ukraindagi urushda yaralangan harbiylardan xabar olgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning Zaporojye va Xerson viloyati aholisiga Rossiya fuqaroligini olishni osonlashtirishga qaratilgan farmon imzoladi.
Davlat Dumasida esa shartnoma bo’yicha harbiy xizmat o’tashga qo’yilgan yosh cheklovini bekor qiluvchi qonun loyihasi qabul qilindi. Shu kungacha Rossiyada 18 dan 40 yoshgacha bo’lgan fuqarolar va 30 yoshgacha bo’lgan xorijliklargina armiya bilan birinchi shartnomani imzolashi mumkin edi.
Duma spikerining o’rinbosari Pyotr Tolstoyning aytishicha, Rossiyaga qarshi sanoqsiz sanksiyalar Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zid bo’lib, uning mamlakati bunday sharoitda bu va ba’zi boshqa xalqaro tashkilotlarda qolishdan foyda ko’rmayapti. Unga ko’ra, Rossiya Jahon savdo tashkiloti hamda Jahon sog’liqni saqlash tashkilotidan chiqishi mumkin.
"G’arbdagi sobiq hamkorlarimiz Rossiya valyuta zaxiralari, fuqarolari mulki va savdoga noqonuniy sanksiyalar qo’yib, xalqaro majburiyatlarini buzgan. Biz ham majburiyatlarimizni bajarishni ep ko’rmaymiz. Bu majburiyatlar 30 yil qonunlarimizda aks etgan. Parlamentdagi tegishli qo’mitalar ushbu xalqaro tashkilotlar qonuniy hujjatlarini tahlil qilib, ularning Rossiya manfaatlariga xizmat qilish-qilmasligini o’rganib chiqadi. Oxir-oqibatda Rossiya ayrim xalqaro majburiyatlaridan voz kechishi mumkin”, - dedi qonunchi.
Ukrainadagi urush sabab Jahon savdo tashkilotiga a’zo AQSh, Yevropa Ittifoqi va Yaponiya Rossiyani savdo imtiyozlaridan ayirdi. Tolstoyga ko’ra, sanksiyalar tufayli G’arb bozorining Rossiya mahsulotlariga yopilishi Jahon savdo tashkiloti qoidalariga ziddir.
Kreml bundan keyin Osiyo va Afrika bilan iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga zo’r bermoqchi.
AQSh Moliya vazirligi Rossiyaga tashqi qarzini to’lashga imkon beruvchi va amal qilish muhlati bugun tugagan litsenziyani uzaytirmasligini ma’lum qildi. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, bu Rossiyani 1918-yildan beri ilk bor defoltga yetaklashi mumkin. Kremlning bildirishicha, agar uning xorijda muzlatilgan salkam 300 milliard dollari unga qaytarilmasa, tashqi qarz rublda to’lana boshlaydi.
Rossiya yil oxirigacha tashqi suveren obligatsiyalar bo’yicha qarzining salkam 2 milliard dollarini to’lashi zarur. Keyingi to’lov iyun oxiriga rejalangan.
Facebook Forum