Qo’shma Shtatlar Ukrainaga Rossiya kuchlariga qarshi kurashda yordam berish uchun ilg’or raketa tizimining to’rttasini uzatishga qaror qildi. Prezident Jo Bayden bunday qurollar Rossiya hududiga zarba berishda qo’llanilishi mumkinligidan xavotir olib shu kungacha ularni Ukrainaga berishdan bosh tortib kelayotgan edi.
Biroq rus qo’shinlarining Donbassdagi muvaffaqiyatlari Rossiyaning bu urushda mag’lub bo’lishini istayotgan Oq uy siyosatining o’zgarishiga sabab bo’ldi.
Ketma-ket raketa chiqaruvchi HIMARS tizimi 500 kilometrgacha bo’lgan masofadagi nishonlarni urishi mumkin, biroq AQSh Ukrainani 70 kilometrgacha uchadigan raketa bilan ta’minlashini bildirdi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken raketa tizimining Ukrainaga uzatilishi urush ko’lamini kengaytirishi ehtimoli haqidagi xavotirlarga quyidagicha munosabat bildirdi:
“Ukrainaliklar tizim Rossiya hududidagi nishonlarga qarshi ishlatilmaydi deya bizni ishontirishdi”, - dedi u.
Biroq Kreml Ukrainaga ishonmasligini bildirib, Oq uyni olovga moy sepayotganlikda aybladi.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg urush va vayronalarga aslida Prezident Vladimir Putin sababchi ekanini aytdi.
"Prezident Putin strategik xatoga yo’l qo’ydi. U Ukraina xalqi va qurolli kuchlarining kuchi va irodasini, NATO, alyans ittifoqchilari va hamkorlarining Ukrainani qo’llab-quvvatlash uchuni birligini mensimadi”, - dedi Stoltenberg.
Yevropadagi ayrim davlatlar ham Ukrainaga turli xildagi qurol va harbiy texnika uzatishini ma’lum qildi.
Ba’zi xabarlarga ko’ra, AQSh Turkiya Ukrainaga bergan “Bayroqdor” harbiy dronlaridan qudratliroq va ilg’or zarbdor dronlarini Kiyevga sotishi mumkin.
Lyuksemburg qonunchilariga virtual murojaat qilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Rossiya armiyasi ayni paytda Ukraina hududining 20 foizini egallab olgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina g’arbida xorijiy qurollar o’tayotgan tunnel nishonga olinganini, mamlakat bo’ylab hujumlarda yuzdan ortiq askar yo’q qilinganini bildirdi. Zelenskiy ham talafotlarni tan olib, kuniga 100 tagacha ukrain askari halok bo’layotganini aytdi.
Ayni paytda tomonlar sharqdagi Lugansk viloyatining Severodonetsk shahri uchun olishmoqda. Shaharning katta qismi rus qo’shinlari nazoratida. Unga qo’shni Lisichansk ham zabt etilsa, Lugansk viloyati butunlay ruslar boshqaruviga o’tadi.
Yevropa Ittifoqi rahbarlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketiga kelishib olganiga qaramay, kelishuvni qog’ozga tushirishda yana Vengriya to’g’anoq bo’lyapti. Viktor Orban hukumati rus pravoslav cherkovi rahbari patriarx Kirilning qora ro’yxatga kiritilishiga e’tiroz bildirmoqda. Kiril Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotini qo’llab-quvvatlagan.
"Bir mamlakat qolgan 26 ta a’zo davlatni garovda ushlab turishi to’g’ri emas, buni qabul qilmayman”, - dedi Lyuksemburg Bosh vaziri Xavyer Bettel.
Sanksiyalarning oltinchi paketida rus nefti importiga ham qisman cheklov qo’yish nazarda tutilgan. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, bu Yevropaning o’zida yoqilg’i inqirozini kuchaytiradi.
G’arb qora oltin narxini tushirish maqsadida Yaqin Sharqning neftga boy mamlakatlarini neft ishlab chiqarishni kuchaytirishga chaqirgan.
Ayrim xabarlarga ko’ra, neft ishlab chiqaruvchi mamlakatlarni birlashtiruvchi OPEK tashkiloti AQSh rahbarining Saudiya Arabistoniga safaridan oldin ishlab chiqarishni oshirishi mumkin.
Sanksiyalar natijasida Rossiyada kundalik ishlab chiqarish 1 million barrelga qisqargan va G’arb boshqa mamlakatlardan kamomadni to’ldirishni so’ramoqda.
Shu hafta Bahrayn va Saudiya Arabistonida bo’lgan hamda Fors ko’rfazi atrofidagi arab mamlakatlari vazirlari bilan ko’rishgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, bu davlatlar G’arb sanksiyalariga qo’shilmasligini bildirdi.
Facebook Forum