Breaking News

Rossiya hujumlarni kuchaytirar ekan, Kiyev G’arbdan ilg’or raketalar so’ramoqda


Asosiy nishonni Ukraina sharqiga ko’chirgan Rossiya armiyasi frontda taktik yutuqlarga erisha boshlagan. Hafta davomida Lugansk hududida kechgan janglarda Ukraina bir nechta shaharni boy berdi. O’nlab harbiylar asirga tushgani, bir nechta batalyonlar qurshov xavfida qolgani ta’kidlanyapti.

Agar Rossiya Severodonetsk atrofidagi ukrain armiyasini xalqaga tushirsa, bu urush davomidagi eng yirik talafot bo’lishi mumkin. Qurshov xavfi bilan to’qnash bu hududda 10 mingdan oshiq ukrain harbiylari joylashgan.

Donbassda Ukraina armiyasi qurshovdami?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:24 0:00

Frontdagi vaziyatni yaqindan kuzatib kelayotgan Kiyevdagi faollardan biri Erfan Quddusovga ko’ra, ukrain armiyasi Luganskda taktik chekinishlar qilmoqda, janubdagi Xerson viloyatida esa hujumni kuchaytirmoqda. Uning aytishicha, rus armiyasining g’alabali yurishi haqidagi qarashlar haqiqatdan yiroq.

Severedonetsk uchun borayotgan janglar ahamiyati shundaki, bu shahar Lugansk o’z mustaqilligini e’lon qilishi ortidan Ukraina nazoratidagi hudud uchun ma’muriy markaz edi.

Sharqda vaziyat taranglashganini Prezident Volodimir Zelenskiy ham ta’kidlamoqda. Unga ko’ra, frontning ayrim hududlarida Rossiya qo’shini va texnikasi Ukrainanikidan 20 barobar ko’p.

Ukraina qurolli kuchlari G’arb davlatlari, xususan, AQShdan uzoq masofaga zarba beruvchi zamonaviy raketa qurilmalarini so’ramoqda. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, AQSh bunga rozilik bergan.

Erfan Quddusovga ko’ra, AQSh raketa tizimining Ukrainada paydo bo’lishi urushda jiddiy burilishlar qilishga qodir.

“Men gaplashgan harbiylar urush asosan masofadan, artilleriya vositasida yurilayotganini aytishmoqda. Ukrainaga G’arbdan aslaha kirib kelgani bu vaziyatda juda muhim. Qanday qurollar ekanligini, ularning samarasini hamma biladi.

Afsuski, bu yordam talab darajasida emas, ammo sekinlik bilan ko’paymoqda. Mana, zamonaviy raketa tizimlari ham kutilyapti. Shunday ekan, Ukraina armiyasi mudofaadan hujumga o’tishiga oz fursat qoldi”, - deydi u.

Rossiya-Ukraina urushi dunyodagi siyosiy va iqtisodiy vaziyatga jiddiy ta’sir o’tkazishda davom etyapti. BMT bu urush tufayli dunyoda ocharchilik xavfi yuzaga kelishidan ogohlantirgan.

Rossiya g’alla yetishtirish bo’yicha dunyodagi yetakchi davlat bo’lgan Ukrainani o’z mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatidan mahrum qildi. Dengiz yo’llari Rossiya armiyasi tomonidan nazorat qilinyapti.

Vladimir Putin Fransiya va Germaniya rahbarlari bilan o’tgan muloqoti ortidan g’alla eksporti uchun dengiz yo’llarini ochishga va’da berdi. Ayrim manbalarda Rossiya buning uchun Ukrainaga og’ir qurollar yetkazmaslik, sanksiyalarni bekor qilish shartini qo’yganini ta’kidlashmoqda.

Rossiya armiyasining Luganskdagi yurishi ortidan Moskva Ukraina poytaxti Kiyevni olish rejasiga qaytishi mumkinligi haqidagi mulohazalar yuzaga chiqdi. Ayrim manbalar bu Moskvada jiddiy muhokama qilinganini ham xabar qilishmoqda.

Kiyevdagi faollar, jumladan, Erfan Quddusov Rossiyada shunday xohish bo’lgan taqdirda ham, Kiyevni olish rus armiyasi uchun imkonsiz ekaniga ishonishadi.

“Razvedka hushyor, shimolda yaxshigina kuch joylashtirilgan. Kiyevga kirish Rossiya, Belarusdagi rejimlarning o’zi uchun halokatli bo’ladi. Albatta, bunday xavf ehtimoldan xoli emas, ammo harbiylar, mudofaa kuchlari bunga tayyor turishibdi. Bizni Belarus orqali Kiyevga qayta kirish bilan qo’rqitish - arzimas tahdid”, - deydi Quddusov.

To’rtinchi oyga kirgan Ukraina-Rossiya urushi atrofidagi munozaralar Markaziy Osiyoni, jumladan O’zbekistonni ham chetlab o’tayotgani yo’q. O’zbekistonda Ukrainadagi urushni to’xtatishga doir chaqiriqlar bilan chiqqan faollar bosim ostida qolayotganiga doir xabarlar mavjud. O’zbekiston hukumati urushga nisbatan rasman betaraflik maqomida.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG