Breaking News

AQSh va ittifoqchilari Rossiya neftiga pastroq narx belgilamoqchi


Rossiya iqtisodiyotiga shu kungacha minglab sanksiyalar qo’yildi. AQSh va uning ittifoqchilari Rossiyaning urush mashinasini resurslardan ayirish bilan bir qatorda neft va benzin narxining keskin oshishini bartaraf etish yo’llarini ham qidirmoqda.

Taqiqlar, sanksiyalar va Rossiya Markaziy banki aktivlari muzlatilganiga qaramay, mamlakat iqtisodiyotini neft daromadlari tebratib turibdi. AQSh ketidan Yevropa Ittifoqi ham yil oxirida Rossiya neftidan voz kechish uchun qadamlar tashlashi kutilmoqda. Ayrim iqtisodchilar fikricha, ta’minot kamayishi oqibatida bir barrel neft 200 dollarga oshishi mumkin.

Vashington va uning ittifoqchilari Rossiyani o’z neftini arzonroqqa sotishga majburlash uchun xaridorlar kartelini tuzishni rejalayapti. “Katta Yettilik” guruhi bu borada dastlabki kelishuvga erishgan. Oddiy qilib aytganda, ishtirokchi davlatlar neftni bozor narxidan pastroq narxda sotib olishga rozi bo’ladi.

Kreml bunday sa’y-harakatlar neft yanada qimmatlashishiga olib kelishi haqida ogohlantirmoqda.

“Bu kabi rejalar bozor qoidalariga zid va xavfli”, - deydi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Zaxarova.

Energiya qimmatlashuvi Ukrainaga bostirib kirgan Rossiyani jazolashga harakat qilayotgan mamlakatlar iqtisodiyotini qiyin ahvolga solib qo’ydi. AQShdagi yuqori inflyatsiya sabab oraliq saylovlar oldidan Prezident Jo Baydenning xalq orasidagi reytingi tushib ketgan. Britaniya, Germaniya va Italiya rahbarlari esa Rossiya nefti va gazidan voz kechishning iqtisodiy oqibatlari bilan kurashmoqda.

Davlatlar neft narxini cheklash orqali iste’molchilar uchun benzinni arzonlashtirishga, shuningdek, Ukrainadagi urushni to’xtatishga erishmoqchi. AQSh Moliya vaziri Janet Yellen taklifni targ’ib qilish maqsadida Hind-Tinch okeani mamlakatlariga safar qilmoqda.

Biroq Xitoy va Hindiston, Rossiya bilan biznes aloqalarni davom ettirayotgan ikki mamlakat, kelishuvga qo’shilishi no’malum. Bayden ma’muriyatiga ko’ra, Rossiyadan katta chegirma bilan neft olayotgan bu ikki davlatni ko’ndirish mumkin.

“Oylaymizki, Rossiya neftini sotib olayotgan davlatlar imkon qadar kamroq to’lashdan juda manfaatdor”, - deydi AQSh moliya vaziri o’rinbosari Velli Adeyemo.

Rossiya neftiga muayyan narx belgilash tashabbusi amalga oshsa, deydi Garvard universitetida iqtisodchi Jeyson Furman, "Rossiyaning urush mashinasiga maksimal zarar yetkazish va dunyoning qolgan qismiga zararni minimallashtirishga erishgan bo’lamiz".

Brukings institutidan Deyvid Vessel fikricha, bunday rejani amalga oshirishga urinib ko’rmaslik “yoqimsiz muqobil variantdir”.

Agar narx cheklovi qo’yilmasa, yil oxirida Yevropa Ittifoqining Rossiyadan neft importini taqiqlashi natijasida narxlar keskin oshishi tayin. Ittifoq Rossiya neftini dengiz orqali tashishni sug’urtalash va moliyalashni taqiqlashi ham kutilmoqda.

“Barclays” banki tahlilnomasida qayd etilishicha, neft embargosi va boshqa cheklovlar tatbiq etilgan va dengiz orqali eksport to’xtatilgan taqdirda, Rossiya nefti bahosi barreliga 150 va hatto 200 dollargacha ko’tarilishi mumkin. Hozir Brent markasidagi neft bahosi 100 dollar atrofida.

Kaliforniya universiteti iqtisodchisi Jeyms Hamiltonga ko’ra, narxlarni cheklash tashabbusida Xitoy va Hindistonning ishtiroki muhim.

“Tomonlarni bir yoqadan bosh chiqarishga ko’ndirish diplomatik jihatdan qiyin vazifa. Hindiston va Xitoy yuqori narxda neft xarid qilishda davom etsa, Rossiyaning daromadlari o’zgarmaydi, – deydi u. – Rossiya neft sotishdan qancha kam daromad olsa, Ukrainaga yog’dirayogan bombalari uchun kamroq pul sarflashga majbur bo’ladi”.

Rossiya bu qadamlarga javoban neftini bozordan butunlay chiqarish ham mumkin. Bu holatda, davlatlar muqobil manbalarni topishi uchun yetarli vaqt bo’ladimi degan savol o’rtaga chiqadi, deydi iqtisodchi Kristian Baumayster.

Yil oxirida Yevropa Ittifoqi yangi taqiqlarni joriy etganida narx cheklovi to’g’risidagi kelishuv allaqachon kuchga kirgan bo’lishi va samara berayotgan bo’lishi lozim. Aks holda narx-navo yanada oshishi tayin.

Jo Baydenning ta’kidlashicha, benzin qimmatlashuvi Putinni to’xtatish sa’y-harakatlarining natijasidir.

Baumaysterga ko’ra, Yevropaning neft importiga taqiqlari narx cheklovlarisiz kuchga kirsa, buning ta’siri benzin narxi orqali iste’molchilarga o’tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG