Ukrainaning Severedonetsk, aniqrog’i bu shahardagi “Azot” zavodi uchun janglar hamon davom etyapti. Rossiya armiyasi Severodonetsk ustidan mutlaq nazorat o’rnatishning uddasidan chiqqani yo’q, ammo sharqiy frontda sekinlik bilan siljishda davom etayotgani qayd etilmoqda.
Severedonetsk va Lisichansk shaharlari atrofida shakllanayotgan qurshov xalqasi siqilishga yaqin ko’rinadi. Bir oydirki, frontdagi eng ashaddiy to’qnashuvlar aynan shu hududlarda kechmoqda.
Bu hafta Rossiya armiyasi bir muddat avval tashlab chiqqan Xarkov viloyatida ham to’qnashuvlar kuchaygan. Bu to’qnashuvlar Ukraina sharqidagi yirik shaharlar - Slavyansk, Kramatorsk ishg’oliga hozirlik sifatida baholanyapti.
Xarkov, Izyum yo’nalishidagi siljishlar Slavyansk, Kramatorsk shaharlariga boshlangan hujumni qanotdan qo’llash imkoniyatini berishi ta’kidlanmoqda.
Kiyevda yashayotgan, frontdagi vaziyatni kuzatib kelayotgan qozog’istonlik Aydos Sodiqqa ko’ra, ayni paytda frontda hujumlar shiddati sekinlashgan. Ruslar ukrain armiyasini holdan toydirish, shundan so’ng hujumga o’tish taktikasini qo’llamoqda.
“[Vladimir] Putin urush taktikasini o’zgartirdi. Avvalgi shiddat bilan bosib olish rejasi uzoq ko’zlangan urushga o’zgartirildi, diqqat Ukraina sharqi va janubiga ko’chdi. Maqsad - Ukrainani o’zi istagan bitimni imzolashga majbur qoldirish. Qrimni, boshqa hududlarni Rossiya tarkibida deb tan oldirish. Xullas, Putin hozir shoshilmayapti, uzoq urushmoqchi, ukrainlarni holdan toydirmoqchi. Ukraina armiyasi esa hozir asosiy diqqatni rus qo’shinlarini hozirgi chegarada ushlab turishga qaratmoqda”, - deydi Sodiq.
Ukraina hukumati front bo’ylab, xususan, Qrimni ozod qilish maqsadidagi qarshi hujumlar boshlashini e’lon qilgan. Bu e’lon shu hafta AQSh va boshqa ittifoqchilar tomonidan Ukrainaga qurol yetkazib berish rejasi tasdiqlanishi ortidan bildirilmoqda.
Aydos Sodiq fikricha, Ukraina uchun G’arb, Yevropa harbiy yordami o’ta muhim, ammo qurol yetkazilishidagi sekinlik urushda o’zgarish qilishga imkoniyat bermayapti:
“Ittifoqchilar Ukrainaga qurol berishmoqda, ammo bu qurollar davomli kelyapti, birdaniga emas. Urush esa har kuni, har soat davom etmoqda. Shu bois bu qurollar jiddiy o’zgarish qilayotgani yo’q, chunki ular yetib kelguncha frontdagi vaziyat ishdan chiqmoqda”.
Bu hafta urush atrofidagi muhim siyosiy voqelik Rossiyada kuzatildi. Sankt-Peterburgdagi iqtisodiy forumda ishtirok etgan Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev Qozog’iston Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olmasligini ochiq aytdi.
Bu bayonot bevosita Vladimir Putin ishtirok etgan forumda qilingani To’qayev jur’ati olqishlangan ko’plab muhokamalarga sabab bo’ldi. Qozog’istonda kuzatilgan yirik namoyishlarni bostirish uchun Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqqa murojaat qilishi ortidan tanqidlar ostida qolgan To’qayevning Putinga qaratilgan navbatdagi bayonoti haqiqatda jur’at namunasidek.
Ammo qozoq muxolifati faoli Aydos Sodiqqa ko’ra, To’qayev shunchaki mavjud faktni qayd etdi xolos.
“To’qayev Ukrainadagi urushni yoqlaysizmi, yo’qmi, degan to’g’ri savolni javobsiz qoldirdi. Aksincha, tan olinmagan respublikalarni sanashga o’tdi, so’nggida esa Lugansk va Donetsk tan olinmasligini aytdi. Ammo bu yangilik emas, ularni Rossiyadan boshqa hech kim, hatto Belarus ham tan olmagan. Bu yerda biror yangilik yo’q, faktni tasdiqladi xolos. Siyosatdan uzoq odamlar buni To’qayevning Putinga nisbatan jasorati deb jar solishmoqda”.
Ukrainadagi urushning to’rtinchi oyi yakunlanyapti. Bu urush allaqachon ikki davlat ziddiyati miqyosidan chetga chiqib, dunyo siyosati, iqtisodiga o’z ta’sirini o’tkazmoqda. O’zbekistondagi vaziyat ham bundan chetda emas.
Facebook Forum