Breaking News

Ukrainada jurnalistlar uchun xavf yuqori


Shu hafta Ukrainada fransiyalik jurnalistning o’limi urushni yoritayotgan OAV uchun xavf yuqori ekanini ko’rsatmoqda.

Ukraina va Fransiya rasmiylariga ko’ra, “BFM TV” telekompaniyasi muxbiri, 32 yoshli Frederik Leklerk-Imxoff Severodonetsk shahridagi evakuatsiyani yoritayotganda unga shrapnel tekkan. Imxoffning hamkasbi Maksim Brandshtetter jarohatlangan.

Donbassdagi Severodonetsk shahri – shiddatli janglar maydoni. Ukraina ham, Rossiya ham jangdagi yutuqlari haqida bong urmoqda.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ) hisobicha, 24-fevraldan beri Ukrainadagi urushda kamida to'qqiz jurnalist halok bo’lgan. Yana yetti holat o’rganilmoqda.

Frederik Leklerk-Imxoff
Frederik Leklerk-Imxoff

“Jurnalistning o’limi uning ishi bilan bog’liqmi, yo’qmi, buni tasdiqlash uchun reportaj tayyorlash, suratga yoki intervyu olish bilan mashg’ul bo’lganini aniqlaymiz”, - deydi CPJning Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha koordinatori Gulnoza Said.

Tashkilotning tasdiqlashicha, Frederik Leklerk-Imxoff va hamkasblari hududga ma’lumot to’plash uchun borgan.

Aprelda “Ozodlik” radiosining Ukrain xizmati jurnalisti Vera Xirich Rossiya qo’shinlari Kiyevga bergan raketa zarbasi qurboniga aylangan edi. Uning jasadi bino vayronalari ostidan topilgan.

Boshqa media tashkilotlar kattaroq raqamlarni qayd etadi. Ukraina Jurnalistlar milliy uyushmasiga, shu kungacha jami 32 nafar OAV vakillari halok bo’lgan, jumladan armiya safiga qo’shilgan muxbirlar.

“Lekin biz urushdan oldin jurnalist bo’lib ishlagan, so’ng armiyaga qo’shilib, askar sifatida o’lganlarni hisoblamaymiz”, - deya tushuntiradi Gulnoza Said.

Jismoniy xavf - media tashkilotlar uchun asosiy masala. Londonda asoslangan “Frontline Club” urushni yoritayotgan jurnalistlar uchun Ukrainaning Lvov shahrida o’quv markazi ochgan.

Ukrainaning Brovari shahri, 28-mart, 2022
Ukrainaning Brovari shahri, 28-mart, 2022

Urushning to’rtinchi oyida ham Ukrainaga kelayotgan jurnalistlar kamaygani yo’q, deydi britaniyalik fotojurnalist Pol Konroy. Uning taxminicha, mamlakatda 3000 ga yaqin xorijiy jurnalist faoliyat olib borayapti.

“Ko’pchilik Rossiya hech bir qiyinchiliksiz g’alaba qiladi, deb o’ylagan edi. Vaziyat tamoman bochqacha bo’lib chiqdi”, - deydi Konroy, ukrainaliklarning kuchli qarshiligi dunyo e'tiborini tortganini qayd etib.

Dunyo bo’ylab, jumladan Britaniyaning “Sunday Times” gazetasi uchun mojarolarni yoritgan Konroyning aytishicha, “Frontline Club” Ukrainada taxminan 100 jurnalistni treningdan o’tkazgan. Ular asosan frilanser, ya’ni mustaqil muxbirlar.

Treninglar xavfsizlik, frontda axloqiy normalar va qurol tizimlarini tanib olishga e’tibor qaratadi.

“Urush sharoitida hech kim 100 foiz xavfsiz bo’lolmaydi. Biroq shunday asosiy narsalar borki, ularni bilsansiz, imkoniyatingiz oshadi”, - deydi u.

Kiyev, 29-mart, 2022
Kiyev, 29-mart, 2022

Fransuz muxbiri o’limini dunyo yetakchilari qoraladi. Ukraina rasmiylariga ko’ra, Rossiya kuchlari Imxoff ketayotgan zirhli mashinani o’qqa tutgan. Fransiya mustaqil tekshiruv o’tkazishni talab qilmoqda.

Kreml Imxoffning o’limi haqida ma’lumotga ega emasligini bildiradi.

“Xulosa chiqarish uchun voqea qayerda, qanday sharoitda ro’y berganini bilishimiz, haqiqat va yolg’onni ajrata olishimiz kerak. Bizda bunday ma’lumot yo’q”, - deydi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Fransiya Imxoffning o’limini urush jinoyati deya, tergov boshlagan. YUNESKO Bosh direktori Odri Azule “ushbu jinoyat uchun javobgarlarni aniqlash va ularni sudga tortish” uchun tergov o’tkazishga chaqirgan.

“Urush haqiqatlarini bizga yetkazish uchun tinimsiz ishlayotgan jurnalistlar hujumdan himoyalangan bo’lishi kerak”, - deydi Azule.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG