Breaking News

Rossiyani xo’rlamaslikka undagan Makron Ukraina tanqidiga uchradi


Urushni diplomatik yo’l bilan hal qilish imkoniyatini saqlab qolish uchun Rossiyani xo’rlamaslikka chaqirayotgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaning tanqidiga uchradi.

“Rossiyani yerga urmang degan chaqiriqlar faqat Fransiyani va bunga da’vat etayotgan boshqa davlatlarning o’zini sharmanda qiladi. Aslida Rossiya o’zini o’zi sharmanda qilayapti. Barchamiz uning hushini joyiga keltirib qo'yishga e’tibor qaratganimiz ma’qul. Shunda tinchlik bo’ladi, odamlar hayotini saqlab qolgan bo’lamiz”, - deydi Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba.

Emmanuel Makron sulhga erishish va muzokaraga qaytish uchun Vladimir Putin bilan muntazam telefon suhbatlar o’tkazadi.

Moskva, 7-fevral, 2022
Moskva, 7-fevral, 2022

“Unga [Putinga] o’z xalqi, o’zi va tarix oldida fundamental xatoga yo’l qo’yganini aytganman. Nazarimda, u yakkalanib qolgan. O’z-o’zini izolyatsiya qilish bir narsa, lekin undan chiqish mushkul”, - dedi Fransiya rahbari matbuot bilan intervyuda.

Kiyev Rossiyaga hudud masalasida yon bermasligini aytib kelmoqda.

Makron Putin bilan dialogni davom ettirishga harakat qilayotgani, xususan, Boltiq davlatlari tomonidan tanqid qilingan. Ular fikricha, bunday yondashuv Rossiya rahbarini muzokara stoliga majburlash sa’y-harakatlariga putur yetkazmoqda.

Prezident Volodimir Zelenskiy shanba kungi murojaatiga Makronning so'zlariga ishora qildi.

"Rossiya armiyasi cherkovlarni yoqishni, shahalarni vayron qilishni, bolalarni o'ldirishni, to'xtata oladi. Faqat Moskvadagi bir odam buyruq bersa bas. Haligacha shunday buyruq berilmagani butun dunyo uchun ochiq sharmandalik", - deydi Zelenskiy.

Fransiya Ukrainani harbiy va moliyaviy jihatdan qo’llab-quvvatlayotgan bo’lsa-da, Yevropaning boshqa liderlari kabi Kiyevga ramziy tashrif bilan borganicha yo’q. Makronga ko’ra, Ukrainaga tashrif ehtimoli yo’q emas.

Hozirda Donbassning Severodonetsk shahrida janglar avjida. Ukraina armiyasi rus tanklari, piyoda askarlari va artilleriyasiga kuchli qarshilik ko’rsatmoqda. Lugansk gubernatori Sergiy Hayday deydiki, shaharning avvalroq boy berilgan ayrim qismlari Rossiya kuchlaridan qaytarib olingan. Rossiya esa ukrain askarlari chekinayotganini aytmoqda.

“G’arbdan uzoq masofaga uchadigan qurollar yetib kelishi bilanoq ularning artilleriyasini o'zimizdan uzoqlashtiramiz”, - deydi Hayday.

AQSh Rossiya pozitsiyalariga uzoq masofadan zarba bera oladigan, mo’ljalni aniq uradigan HIMARS tizimlarini Ukrainaga jo’natmoqda.

Haydayning aytishicha, Severodonetsk shahriga harbiy ta’minot yo’llarini to’sish va aholiga yordam yetkazishni to’xtatish uchun Rossiya armiyasi ko’priklarni portlatmoqda.

“Ular kichik qadamlar bilan oldinga siljib, artilleriya, samolyotlar, minomyotlar va tanklar bilan hamma narsani yer bilan yakson qilayapti”, - deydi Lugansk hokimi.

Britaniya razvedkasiga ko’ra, hozirda Lugansk viloyatining 90 foizdan ziyodi Rossiya nazoratiga o’tgan va kelasi ikki haftada to’liq bosib olinishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG