Breaking News

Qarzga botish va uni qaytara olmaslik - Rossiya o'tmishidagi to'rt ko'rgilik


Moskva, 2-iyun, 2022
Moskva, 2-iyun, 2022

1918-yilda bolsheviklar Rossiya qarzini tan olishdan bosh tortganida G'arb bankirlari dahshatga tushgan. Sovet inqilobchisi Lev Trotskiy esa ularga "sizni qayta-qayta ogohlantirganmiz", deya javob qilgan.

Trotskiy tushuntirganki, podsho davrida qarzga botish va uni to'lay olmay qolish aslida 1905-yilda odamlarni isyonga undagan omil bo'lgan. Inqilob qilamiz deya ko'chaga chiqqanlar o'shandayoq bu qarzni xalq tan olmaydi va to'lamaydi, deya bong urgan.

Oradan bir asrdan oshiq vaqt o'tib, bugun Rossiya yana shunday moliyaviy inqirozda. Defolt deb ataladigan ko'rgilik Moskvada bu qadar chuqur bo'ladi deb taxmin qilinmagan.

Ukrainadagi urush qisqa bo'ladi, deb ishongan Kreml G'arb bu qadar keskin va ko'p sanksiyalar qo'yishini tasavvur qilmagan, deydi mutaxassislar. Bugungi Rossiya global moliya tizimlari va to'lov strukturalaridan uzilgan.

Rossiya boshiga kelgan defoltlarga nazar tashlasak.

1918-yildagi inqiroz

1917-yilda bolsheviklar inqilobi yuz berishidan oldin Rossiya jahonda eng qarzdor davlat edi. Qarzning katta qismi sanoatlashish va temir yo'llar qurish uchun olingan edi.

Podshoni bu jarayonni eplay olmaganlikda qoralab, mehnatkashlarni ezganlikda ayblab chiqqan bolsheviklar chet eldan olingan barcha qarzni inkor etgan. Yangi tuzum ularni to'lashdan bosh tortgan.

"To'lamaymiz, deyishgan. Qurbimiz yetgan taqdirda ham bosh tortamiz, deyishgan", - deya izohlaydi Hassan Malik, "Bankirlar va bolsheviklar: xalqaro moliya va Rossiya inqilobi" nomli kitob muallifi.

Trotskiy qanchalik ogohlantirmasin, defolt dunyoni karaxt holga solgan, ayniqsa Fransiyani, chunki bu mamlakat moliya institutlari va fuqarolari Rossiyaga yirik miqdorda kredit bergan edi.

"Bu sarmoyachilar Rossiyada bunday ishlar bo'lishi haqida o'ylamagan, chunki foydadan u ham manfaatdor deb o'ylashgan", - deydi Malik.

O'sha paytda jami qarz miqdori 2020-yildagi qiymatiga ko'ra kamida 500 milliard dollar bo'lgan.

1980-yillarning o'rtalariga kelib, Moskva bu qarzning ayrim qismlarini tan olgan. Lekin bu davrda Sovet ittifoqi yana bir inqirozga kirayotgan edi.

1991: SSSRdan Rossiyaga

1991-yilda SSSR parchalanganida Rossiya eski tuzumdan qolgan qarzning katta qismlarini to'lashdan bosh tortgan.

1994-1997 yillarda Rossiya Moliya vaziri o'rinbosari bo'lgan Andrey Vavilov o'sha paytda aytganki, uning davlati bo'yniga Sovet ittifoqining 105 milliard dollarlik qarzi o'tgan, lekin federatsiyaning o'z qarzi atigi 2,8 milliard bo'lgan.

Keyinchalik Rossiya bilan kelishilgan: Moskva 1996-yilda sobiq ittifoq qarzining 28 milliard dollarini qayta taqsimlashga ko'ngan va G'arb banklari unga kelasi o'n yillikda qolgan kreditlarni to'lash imkoniyatini bergan.

2017-yilga kelib, Kreml o'sha davrda belgilangan miqdordagi qarzdan qutulishga muvaffaq bo'lgan.

1998: rubl defolti

1997-yilda neft bahosi tushishi Rossiyani daromaddan ayirdi. 1995-yilda tashqi qarz yillik yalpi daromadning 50 foizga yaqinini tashkil etgan bo'lsa, 1998-yilda 77 foizga chiqqan. Kreml Xalqaro valyuta jamg'armasi va Jahon bankini Rossiyaga ataylab yordam bermayotganlikda ayblagan.

Rubl qadrini tushirmaslik uchun ko'rilgan choralar samara bermagan. Lekin inqirozdan xavfsiragan sarmoyadorlar o'shanda mamlakat bozorini katta sonlarda tark etgan.

Defoltga uchragan Rossiyaga Xalqaro valyuta fondi 22,6 milliard dollarlik ko'mak paketi taklif qilgan. Biroq Moskva fonddan qo'shimcha 20 milliard dollar kutgan.

Kutilgan yordam kelmagach, Kreml rubl chilparchin bo'lganini asos sifatida keltirib, milliy pulida olingan qarzni to'lay olmasligini e'lon qilgan. Valyutadagi kreditning salmoqli bo'lagini ham uch oy qaytara olmasligini bildirgan.

Xususiy sektor sezilarli darajada barbod bo'lgan.

2022: majburiy defolt

1998-yildan beri Moskva "Yevrobond"ga qarzni to'lab keladi. Hozirda qo'lida naqd puli bo'lsa-da, defoltning oldini ololmayapti.

Ukrainadagi urush bois qo'yilgan sanksiyalardan qochish uchun Kreml xorijiy kreditorlarga Rossiya banklaridan hisob ochib, to'lovni dollarda emas, boshqa valyutalarda olishni taklif qilmoqda. Amerika investorlari bunday qilolmaydi. Lekin AQSh Moliya vazirligi bu masalani ko'rib chiqmoqda.

Ekspertlar ta'biricha, Rossiya "Yevrobond" defoltidan qochish uchun tish-tirnog'i bilan kurashadi. Ular nazarida mamlakat markaziy bankida aynan shunday muammolarga qarshi kurashishga ixtisoslashgan mutaxassislar o'tiribdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG