Shimoliy Atlantika harbiy alyansi, qisqacha NATO deb tanilgan ittifoqning asosiy e'tibori Yevropa yuragida - Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushida. Moskva blokni Ukrainani o'ziga qo'shib olish uchun jiddiy qadamlarda va shu tariqa Rossiya tinchligiga raxna solayotganlikda ayblaydi. NATO liderlari esa yangi a'zolarni qabul qilish biror davlatga xavf emas, deya javob beradi va Rossiyani har qanday bahona bilan qo'shnilariga kuchini ko'rsatishga bel bog'lagan agressor deb biladi.
NATOning sharqqa e'tibori oshgan. Dunyoning bu tomonidagi eng qudratli davlat - Xitoy shu paytgacha ham muhokama qilingan, ammo endilikda blok prioritetlaridan biri.
NATOning Ispaniyada o'tadigan sammitida Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Yangi Zelandiya rahbarlari ham qatnashadi. Ularning birortasi NATOda emas, ammo Xitoyning tobora kuchayib borayotgan ta'siri va bosimidan nolib keladi.
2020-yildan beri NATO Osiyodagi demokratik davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirgan. Blok ularni Osiyo-Tinch okeani hududidagi sheriklar deb ataydi.
NATO aslida Shimoliy Amerika va Yevropa xavfsizligini ta'minlash uchun tuzilgan, lekin bu ish bugun butun dunyo tinchligi ustida qayg'urishni talab etadi. Sabab, deydi siyosatdonlar, Amerika va Yevropa osoyishta yashashi uchun har qanday mojaro chuqurlashmasligi va qanot yozmasligi lozim.
Xitoyga e'tibor bermaslik strategik ojizlik bo'ladi, deydi NATO rasmiylari. Pekin Rossiya bilan harbiy aloqalarni rivojlantirmoqda.
NATO Osiyodan a'zolar qabul qilish ustida o'ylanayotgani yo'q, biroq blok ular bilan ishlashga bel bog'lagan.
“NATO osiyolashmaydi", - deydi Jusa Anna Ferenji, Yevropa parlamenti sobiq rasmiysi, Tayvanda dars berayotgan mutaxassis.
“Osiyo mamlakatlari G'arb bilan ko'proq hamkorlikka intilar ekan, Xitoy qarshiligi va bosimi oshib bormoqda. Yevropa va AQSh bu masalaga loqayd bo'la olmaydi".
AQSh-Xitoy rishtalari azaldan tarang. Yevropa va Pekin orasidagi aloqalar ko'plar o'ylaganidek, yumshoq emas, deydi sharhlovchilar. Tijorat yuqori, ammo siyosiy qarashlarda tafovut katta.
2020-yildan beri Yevropa Ittifoqining eng yirik savdo sherigi Xitoydir. Ungacha Amerika edi.
Ittifoq nazarida Shi Zinpin qo'l ostidagi Xitoy yanayam avtoritar va agressiv. Yevropa tijoriy manfaatlarini himoya qilsa-da, siyosiy qarshiliklarini yashirmaydi.
Shi rahbarligi davrida Gonkongda demokratiyaga chek qo'yildi. Demokraik Tavvanga Pekinning harbiy tahdid oshdi va Xitoy hukumati uyg'urlarga nisbatan genotsidda ayblanmoqda.
Kommunist rejim Janubiy Xitoy dengizida xo'jayinlik da'volarini kuchaytirib, qo'shni mamlakatlar bilan bu borada tinimsiz tortishuvda.
Diplomatik harakatlarida ham Xitoy unga bo'ysunmaslik yoki uning istak-xohishlariga zid qadamlarga keskin javob berishi haqida ogohlantiradi.
Litva Tayvanda vakolatxona ochgani uchun Xitoy Boltiq dengizi bo'yidagi bu mamlakat bilan oldi-berdini cheklagan. Litva mahsulotlariga embargo qo'yilgan va hatto Litvaning yaqin hamkorlari ham bu cheklovlardan ziyon ko'rmoqda.
Koronavirus pandemiyasi ham aloqalarni sovuqlashtirgan. Yevropa rasmiylari deydiki, Xitoy Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti bilan ataylab ishlamayapti. Pekinga ko'ra esa AQSh va Italiya virusni tarqatgan, aybni esa unga qo'ygan.
NATO aslida Xitoy bilan hech qachon yaqin bo'lmagan, deydi ekspertlar. Uning hujjatlarida ham bu davlat haqida yaqingacha deyarli hech narsa deyilmas edi.
Biroq 2021-yilga kelib, NATO Xitoy xalqaro tizim va global me'yor-qoidalarni buzadigan rejim deya bong ura boshladi.
Blok ko'zida Pekin hozir siyosiy do'q-po'pisa bilan harakatlanadigan, harbiy sanoati yopiq, dizinformatsiya orqali nufuz orttirishga shaylangan, xuddi shu yo'lni tanlagan Rossiya bilan G'arbga qarshi turishga qaror qilgan davlatdir.
Ukrainada urush boshlashidan sal oldin Prezident Vladimir Putin Pekinda Shi bilan muloqot qilib, global miqyosda birga qadam tashlab, Amerika va Yevropa ta'sirini kamaytirishga kelishib oldi.
Rossiya qo'shni davlatga bostirib kirgach, Pekin neytral ekanini bildirdi. NATO doirasida bunga ishonch past. Yevropa diplomatlari deydiki, Xitoy shubhasiz Moskvani qo'llamoqda.
Pekin bayonotlarida esa Vashington sovuq urush davriga xos fikrlashda va provokatsiyada tanqid qilinadi.
Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazidan Piyer Morkos tahlilicha, Ukraina urushi Xitoy-Rossiya birdamligini tasdiqladi.
“G'arb va Hind-Tinch okeanlaridagi davlat orasidagi bog'liqlik oydinlashdi. Urush hukumatlarni tashvishga soldi va hamkorlarni saraladi".
Osiyoda Ukrainaga hamdard mamlakatlar talay va ular buni yashirmayapti, deydi Morkos.
“NATO va Osiyo mamlakatlari yaqinlashib, maslahatlashib, kelajakni birga rejalashga qaror qilgan. Xitoyga qarshi choralar birga ko'riladi", - deydi mutaxassis.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg esa Xitoy dushma emas, deydi. Biroq a'zolar Pekin ta'siri va bosimiga nisbatan birga turishi kerak, deya qo'shadi u.
“Xitoy bizning qadriyatlarimiz, manfaatlarimiz va xavfsizligimiz yo'lida muammolar uyg'otadi", - deydi Stoltenberg.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra NATO unga g'anim sifatida qarab, Osiyoni beqarorlashtirishga urinmoqda.
“NATO Yevropa tinchligini buzib bo'ldi. Endi biz tomonga tahdid solmoqda", -deydi Veng Venbin, vazirlik so'zlovchisi.