Breaking News

Turkiyaning NATO kengayishiga nisbatan pozitsiyasi yumshaydimi?


Iyun oxirida Ispaniyada NATO sammiti o’tkaziladi. Finlandiya va Shvetsiyani o’z saflarida ko’rishni istayotgan alyans a’zolarining umidi bu ikki mamlakatni terrorchilarni qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblayotgan Turkiyaning e’tirozi sabab puchga chiqishi mumkin.

Xalqaro hayot - 10-iyun, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:59 0:00

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, Shvetsiya va Finlyandiya Anqara terrorchi deb tan olgan “Kurdiston ishchilar partiyasi” isyonchi guruhiga yordamini to’xtatmasa, ularning a’zolik uchun arizalari ma’qullanmaydi.

Xelsinki va Stokgolm kurd jangarilariga madad berayotganini inkor etmoqda va Turkiya bilan muloqot orqali masalani ijobiy hal qilishga urinmoqda.

“Turkiyaning bu masalada qo’li baland, chunki veto huquqiga ega. Masala silliq hal bo’ladi deb o’ylamayman”, - deydi Yevropa tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Asli Oydintoshbosh.

AQSh va Yevropa Ittifoqi ham “Kurdiston ishchilar partiyasi” yoki PKK ni terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga qo’shgan.

Erdog’an, shuningdek, mamlakatlarni “Xalq mudofaa otryadlari” deb ataluvchi suriyalik kurd tashkilotiga ham yordam bermaslikka chaqirmoqda. Unga ko’ra, guruhning PKK bilan tili bir.

Suriyalik kurdlar mamlakat shimolida “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qarshi kurashda AQSh va NATO hamkoridir. Ba’zi tahlilchilarga ko’ra, Erdog’anning NATO kengayishiga qarshiligi Amerika prezidentini o’ziga qaratishni ham maqsad qiladi.

“Ko’plar nazarida, Finlyandiya va Shvetsiya arizasiga qarshilik AQShga “Turkiyani jiddiy qabul qiling, Turkiya bilan ko’proq ishlang” degan signal yuborishga qaratilgan. Erdog’an sobiq prezident Tramp bilan bo’lgani kabi Baydenni ham yaqin aloqada bo’lishga undamoqchi”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universiteti professori Soli O’zel.

Oldingi rahbarlardan farqli o’laroq, Bayden Turkiyada inson huquqlarining poymol etilishini tanqid qilib keladi va Erdog’an bilan bevosita muloqotdan o’ziyini tiyishga urinmoqda. Shu sabab Vashington Turkiya vetosiga ahamiyat bermay, AQSh va NATOga a’zo boshqa mamlakatlar qurolli kuchlarini Shvetsiya va Finlyandiyaga kiritmoqchi. Bu esa Turkiyaning alyans doirasida yanada yakkalanishiga olib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG