Rossiya-Ukraina urushi beshinchi oyga kirdi. Yakunlangan haftada Rossiya armiyasi siljishi ancha ildamlashdi. Uch oylik janglar ortidan Severedonetsk va bu shahardagi “Azot” zavodi Rossiya nazoratiga o’tdi.
Siyosiy frontda esa Ukrainaning Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod bo’lishi asosiy voqelik bo’ldi deyish mumkin.
Bu hafta Ukraina armiyasi dastlabki yirik mag’lubiyatini qabul qildi. Severedonetskda uch oy davom etgan og’ir janglar shahar rus armiyasi ixtiyoriga o’tishi bilan tugadi.
Ukraina nazoratidagi Lugansk hududining ma’muriy markazi hisoblangan bu shaharning boy berilishi urushdagi yirik yo’qotish sifatida baholanyapti.
Ukraina armiyasi Severodonetsk yaqinidagi Lisichansk shahri mudofaasini ushlab turibdi. Bu mudofaa rus armiyasining daryoni kesib o’tishiga imkon bermaslik uchun ham muhim.
Ammo Lisichansk ham qamalda qolishi xavfi yuqori, mudofaa uzoq davom etmasligiga doir taxminlar bor. Lisichansk boy berilgan taqdirda front chizig’ida Ukraina ichkarisi tomon jiddiy siljish bo’ladi. Front markazi Slavyansk, Kramatorskka ko’chishi kutilyapti.
Shanba kuni Rossiya armiyasi poytaxt Kiyev doxil bir nechta yirik shaharlarni nishonga oldi. Kiyevga yo’llangan zarba harbiy inshootni nishonga olgani ta’kidlanadi, ammo raketa aholi yashaydigan ko’p qavatli uylardan birini vayron qilgan, bir kishi halok bo’lgan.
Ukraina Mudofaa vazirligi keng miqyosdagi qarshi hujumga hozirlik ketayotganini bildirgan. AQSh tomonidan va’da qilingan raketa tizimi yetib kelishi ortidan bunday bayonotlar yanada keskinlashgan.
Ukraina armiyasining qarshi hujumi Xerson uchun kechayotgan janglarda kuzatiladi. Ukraina armiyasi shaharga kirganiga doir ma’lumotlar ham tarqaldi, ammo rasman tasdiqlanmadi.
Urushdagi vaziyat, ayniqsa hujumlar va talafotlarga doir ma’lumotlar aksariyat hollarda ziddiyatli, ularning xolisligini tasdiqlash imkonsiz.
Urush atrofidagi siyosiy vaziyat ham keskin. Rossiya o’z ittifoqchisi Belarusga yadro qurollari tashuvchi “Iskandar” raketa tizimini yetkazib berishini e’lon qildi. Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenko uchrashuvi ortidan Belarusda yana rus qo’shinlari to’planayotgani ta’kidlanyapti. Har holda, Ukraina razvedkasi shunday fikrda.
Ukraina uchun haftaning eng muhim siyosiy voqeasi, shubhasiz, Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod sifatida tasdiqlanishi bo’ldi.
Prezident Volodimir Zelenskiy shu munosabat bilan ukrainlarni tabriklar ekan, Ukraina bu maqomni egallash uchun ulkan qurbonlar bergani, ittifoqqa to’liq a’zolik istiqboli ham uzoq emasligini ta’kidlab o’tdi.
Yevropa va AQSh Ukrainani qo’llab-quvvatlash qarorida qat’iy. “Katta Yettilik” guruhining Germaniyadagi sammitida asosiy diqqat Ukrainani qo’llab-quvvatlashga, harbiy ko’mak ko’rsatishga qaratilmoqda.
Facebook Forum