Breaking News

Ukraina-Rossiya: Urushning yangi bosqichi va unda Belarus ishtiroki


Rossiya armiyasi urushning navbatdagi bosqichini Lugansk viloyati hududini to’liq egallash bilan yakunladi. Front liniyasidagi ayrim janglarni inobatga olmasa, tanaffus yuzaga kelgan, urushning uchinchi bosqichiga, og’ir janglarga hozirlik ketmoqda.

Navbatdagi bosqichga chiqayotgan vaziyatning diqqatli tomoni shundaki, har ikki tomon yirik hujumlar boshlanishidan ogohlantirmoqda.

Ukraina Rossiya nazoratida qolayotgan hududlaridagi fuqarolariga, jumladan, Xerson va Zaporojye aholisiga murojaat bilan chiqdi. Bu murojaatda Ukraina armiyasi yaqin kunlarda keng miqyosli qarshi hujumlarga o’tishi ta’kidlanar ekan, aholiga xavfsiz joylarga ko‘chish, janglar boshlangan taqdirda yerosti binolarga yashirinish tavsiya qilinadi.

Belarus Ukrainadagi urushga qo’shiladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:39 0:00

Hozircha Ukraina armiyasining keng miqyosdagi qarshi hujumlari kuzatilgani yo’q, ammo Xerson shahri uchun borayotgan janglarda bir necha aholi punktlari ozod qilinganiga doir hisobotlar mavjud.

Avvalroq Qora dengizdagi “Ilon” orolchasidan rus armiyasining siqib chiqarilishi Ukraina armiyasining so’nggi paytlardagi jiddiy yutuqlaridan biri sifatida e’tirof etilgan edi. Bu AQSh tomonidan Ukarinaga yetkazib berilgan zamonaviy raketa tizimlari tufayli ekanligi alohida ta’kidlanadi.

So’nggi haftada Ukraina armiyasi tomonidan qo’lga kiritilgan boshqa jiddiy yutuqlar haqida gapirish qiyin. Ukrain jangchilari Lugansk viloyatidan butunlay siqib chiqarildi.

Navbatdagi janglarga hozirlanayotgan Rossiya armiyasi bir necha yo’nalishda hujum uyushtirishi mumkinligi haqidagi taxminlar bor. Ya’ni urush chizig’i Donbass bilan cheklanmasligi, Ukraina g’arbi, mamlakatdagi ikkinchi yirik shahar Xarkov nishonga olinishi va katta ehtimol bilan Ukraina g’arbidagi janglarga Belarus qo’shinlari ham jalb qilinishi mumkin.

Ukrainadagi urushni kuzatib kelayotgan ozarbayjanlik taniqli harbiy ekspert Aqil Rustamzada “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Belarusning Ukrainadagi urushga jalb qilinishi ehtimoli katta ekanligini aytadi.

Aqil Rustamzade: Rossiya urushning yangi bosqichiga tayyorlanyapti, bunga Belarus armiyasi jalb qilinishi ehtimol. Bir necha yo’nalish bor, avvalo Donbass. Boshqa bir variant Donbass bilan birga Ukraina g’arbini nazarda tutadi. Ukraina armiyasining ta’minotini qirqish uchun Lvov va Volinska viloyatlari nishonga olinishi mumkin.

Rossiya hatto Qora dengiz sohili orqali Pridnestrovyega yorib o’tishga ham harakat qilishi mumkin, lekin lozim kuch shakllantira olishi ehtimoli kam. Gap 50 ming atrofidagi qo’shimcha kuchlar haqida ketyapti. Front liniyasida burilish yo’q, kichik taktik yutuqlarni inobatga olmasa, biror tomon jiddiy g’alabaga erishmadi. Urushning ikkinchi bosqichi yakuni shunday.

Amerika Ovozi: Siz Belarusning urushga jalb etilishi haqida aytdingiz. Shunday bo’lgan taqdirda, bu Kollektiv xavfsizlik shartnomasi a’zolariga qanchalik taalluqli bo’ladi?

Aqil Rustamzade: Qozog’iston Rossiyadan uzoqlashishga urinmoqda, rus armiyasiga harbiy texnik yordam berishni rad etmoqda. Armanistonda esa bunday imkoniyatning o’zi yo’q, cheklangan. Belarus boshqa masala, Ukraina bilan chegaradosh, Rossiyaga harbiy-texnik yordam ko’rsatyapti. Belarus rahbari Kreml qaroriga yo’q deya olmaydi. Shuning uchun Belarus armiyasining Ukrainaga kirishi ehtimoli yuqori.

Amerika Ovozi: Rossiyaning navbatdagi hujumi Xarkovga bo’lishi kutilyapti. Sizningcha bu qanchalik haqiqatga yaqin?

Qozog’iston Rossiyadan uzoqlashishga urinmoqda, rus armiyasiga harbiy texnik yordam berishni rad etmoqda. Armanistonda esa bunday imkoniyatning o’zi yo’q, cheklangan. Belarus boshqa masala.

Aqil Rustamzade: Shunday ehtimollik bor. Ammo asosiy maqsad Donbass. Donetsk viloyati hududini egallash birinchi galdagi vazifa. Xarkov esa shundan keyingi maqsadlar sirasida. Hozir ruslar uchun Xarkovdan ko’ra Volinska va Lvov viloyatlari muhim. Rossiya tashqi ko’maksiz Ukraina armiyasi qiyin ahvolda qolishini biladi. Shuning uchun nazarimda ular Xarkovga emas, ta’minot yo’llarini kesish uchun Ukraina g’arbiga hujum qilishadi.

Amerika Ovozi: G’arbdan Ukrainaga yetkazilayotgan qurollar frontda o’zgarish qilayotgani kuzatiladimi?

Aqil Rustamzade: Bilasizmi, men bu haqda urushning dastlabki oyida aytgan edim. Ukraina armiyasi uchun sifatdagi ustunlik juda muhim. Gap yuqori aniqlikdagi zamonaviy qurol-aslaha haqida ketyapti. O’sha paytda ko’plab ekspertlar asosiy diqqatni tank, samolyotlarga qaratishdi.

Ammo vaqt ko’rsatdi, Ukrainaga reaktiv raketa tizimlari yetkazib berilishi o’zgarish qildi, Rossiya harbiy omborlari yakson qilina boshlandi. Zaxirasiz esa hujumga o’tilmaydi. Ukrainada zamonaviy beshinchi avlod urushi ketyapti, ya’ni masofadan, onlayn tarzda nishonni belgilash, aniq zarbalar bilan uni yo’q qilish. Shunday sifatli zamonaviy harbiy texnika ko’payishi bilan Ukraina armiyasi frontda jiddiy ustunlik qilishga o’tadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG