Asosiy janglar Lugansk viloyatidan Donetsk viloyatiga o'tdi
Ukrainadan ajralgan Donetsk va Lugansk viloyatlaridagi bo’lginchi kuchlar Rossiya armiyasi yordamida Lugansk viloyatida Ukraina qo’shinlari nazoratidagi so’nggi shahar – Lisichanskni egallashi ketidan qo’shni Donetsk viloyatida Ukraina armiyasi nazoratidagi hududlar uchun janglar avj olmoqda. Front, xususan, Seversk, Fedorovka va Baxmut tomon siljimoqda.
Rus matbuoti Luganskning butunlay qo’lga kiritilishini yirik g’alaba sifatida ta’riflamoqda.
Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning aytishicha, “maxsus harbiy amaliyot” bu bilan to’xtamaydi va davom ettiriladi. Unga ko’ra, so’nggi 10 kunda Ukrainada 170 nafar xorijiy yollanma jangari yo’q qilingan.
Ukraina tarafi G’arb va’da qilgan uzoq masofali og’ir artilleriyaga umid qilmoqda. AQSh, Britaniya va Fransiya Kiyevga bir nechta shunday tizim bergan va yana qo’shimcha yordam va’da qilgan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabiga ko’ra, rus qo’shinlari Donetskdan tashqari Chernigov, Sumi, Xarkov, Odessa viloyatlarini ham o’qqa tutmoqda.
Ukraina armiyasining Donetsk shahriga hujumlari
Ukraina armiyasi esa bir necha kundan beri Donetsk shahriga tinimsiz zarba beryapti.
“Shaharning hamma joyiga urishyapti”, - deydi donetsklik bir ayol.
“Shaharda trolleybus, avtobuslar yurmayapti. Bizni to’xtamasdan nishonga olishyapti. Aholini qo’rqitishmoqchi”, - deydi bir odam.
Bugungi hujumlarda bir necha donetsklik, jumladan 10 yashar qiz o’lgan.
Finlyandiya va Shvetsiya NATO bilan a'zolik protokolini imzoladi
Rossiyaning Ukrainada urush boshlashi ketidan xavotirga tushib NATOga a’zolik uchun ariza bergan Finlyandiya va Shvetsiya bugun a’zolik protokolini imzoladi. To’liq a’zolik uchun alyans tarkibidagi 30 ta mamlakat parlamentlari protokolni ma’qullashi kerak.
Turkiya bu ikki davlatdan ularning hududida panoh topgan kurdlarni Anqaraga topshirishni so’ragan. Uning bu talabi qondirilmasa, Prezident Rajab Toyib Erdog’an ratifikatsiya uchun hujjat parlamentga yuborilmasligini bildirgan.
Bugun imzolangan protokol Finlyandiya va Shvetsiyaga NATO majlislarida qatnashish huquqini va razvedka ma’lumotlarini olish imkonini beradi, biroq alyans himoyasini ta’minlamaydi.
Serbiya sobiq prezidenti urushning iqtisodiy oqibatlaridan xavotirda
Serbiya sobiq prezidenti Boris Tadichning aytishicha, Rossiya-Ukraina urushi kichik va zaif mamlakatlar iqtisodiyotiga jiddiy zarar ko’rsatadi.
Tadich bu haqda Pekinda o’tayotgan global taraqqiyot forumi ishtirokchilariga virtual murojaatida so’zladi.
"Yevropadagi bu mojaro oqibatida giperinflyatsiya to’lqini, yangi iqtisodiy inqiroz, strukturaviy energetik muvozanatsizlik yuzaga kelmoqda”, - dedi u.
Sobiq rahbarga ko’ra, inqirozni yengish uchun ko’p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish zarur.
Zelenskiyning navbatdagi virtual chiqishi
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa bugun Afinada “The Economist” jurnalining yillik hukumat davra stoli qatnashchilariga virtual murojaatida Rossiyaga bosimni kuchaytirishga, uni mag’lub etishga chaqirdi. Aks holda, dedi u, Yevropada yana bir mojaro yuzaga kelishi mumkin.
"Rossiya rahbariyati yana bir qo’shni davlat hududini bosib olishni rejalayotgan bo’lishi mumkinmi? Buni hisobdan chiqarib bo’lmaydi”, - dedi Zelenskiy.
Ukraina rahbariga ko’ra, Yevropada Rossiyaga sanksiya qo’yish bobida birlik yetishmayapti.
Luganoda Ukrainani tiklash haqida gap ketmoqda
Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal bugun Shveysariyaning Lugano shahrida Ukrainani urushdan so’ng tiklashga qaratilgan xalqaro anjumanda qatnashdi. Unga ko’ra, qayta qurish xarajatlari 750 milliard dollargacha tashkil etishi mumkin.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyennning aytishicha, Yevropa Ittifoqi shu maqsadda mablag’ jamg’armoqda, xalqaro moliyaviy tashkilotlar, xususiy sektor qayta qurish ishlariga jalb qilinadi.
Britaniya Bosh vazirasi Liz Trassga ko’ra, ayni paytda Rossiyaning muzlatilgan puli va mulklarini Ukrainani qayta qurishga sarflashga ruxsat beruvchi qonun loyihasini tayyorlanmoqda.
Norvegiyada ish tashlashlar
Rossiyaga qo’yilayotgan iqtisodiy va moliyaviy bosim Yevropaning o’zida ham aks-sado bermoqda. Xususan, Yevropa davlatlari, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va Kanadaga gaz va neft eksport qiluvchi Norvegiyada ofshor ishchilar ish tashlash e’lon qilib, ishlab chiqarish kamayishiga sabab bo’ldi.
Ishchilar inflyatsiya sharoitida maoshlar oshirilishini talab qilmoqda. Natijada Shimoliy dengizdagi uchta gaz konida ish to’xtagan.
Facebook Forum