Bayden ma'muriyati Xitoyda asoslangan 25 kompaniyani qora ro'yxatga kiritib, ular bilan savdoni man etdi. AQSh Tijorat vazirligiga ko'ra, bu bizneslar Rossiyaga harbiy yordam berib kelayotgan firmalardir.
Vazirlikning bildirishicha, ular Rossiyaga shu yilning 24-fevralidan oldin, ya'ni Ukrainaga bostirib kirish arafasida turgan davlatga turli vositalar uzatgan va hozirda ham bu borada kelishuvlarga ega. Bu firmalar federatsiyaning G'arb cheklovlari ostidagi organlari bilan hamkor.
Tijorat vazirligi qora ro'yxatga 28-iyun kuni jami 36 kompaniyani kiritdi. Ular - Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Litva, Pokiston, Singapur, Britaniya, O'zbekiston va Vyetnamdagi bizneslar.
“Qarorimiz shundan dalolatki, Rossiyani quvvatlagan har qanday taraf yoki shaxs Amerika nishonida. Biz ularni jazolaymiz", - deydi Tijorat vazirining Sanoat ava xavfsizlik bo'yicha muovini Alan Estevez.
Xitoyning "Connec Electronic Ltd.", "World Jetta", "Logistics Limited", "King Pai Technology Co., Ltd" va "Winninc Electronic" kabi bizneslari shular jumlasidan. "World Jetta" Gonkongda joylashgan.
O'zbekistondagi kompaniyaning nomi "Promcomplektlogistic" bo'lib, Toshkent shahridagi xususiy korxona ekani qayd etiladi. AQSh Moliya vazirligiga ko'ra,
"PE Promcomplektlogistic" deb ham yuritiladigan firma texnologik vositalar sotadi.
AQSh Davlat departamentining tasdiqlashicha, "Promcomplektlogistic" shu yilning 3-martida sanksiya qo'yilgan "Radioavtomatika" kompaniyasi bilan ishlaydi. "Radioavtomatika" - Rossiya mudofaa sanoati ta'minotchisi.
Departamentning xulosa qilishicha, "Promcomplektlogistic" mart oyidan beri "Radioavtomatika"ga sanksiyalarni chetlab o'tishda yordamlashib kelmoqda. Firma Rossiyaga elektronik qismlar, xususan mikrosxemalar yetkazib bergan.
Ochiq manbalarga ko'ra, "Promcomplektlogistic"ni Oleg Grabilin ismli shaxs boshqaradi.
"Promcomplektlogistic" xususiy kompaniyasining qora ro'yxatga kiritilishi dunyo bo'ylab tijoratchilarga saboq va ogohlantirish bo'lsin: sanksiyalangan firma, tashkilot yoki shaxs bilan biznes qilsangiz, o'zingiz ham sanksiya bilan yuzlashasiz", - deyiladi departament bayonotida.
Qora ro'yxatga tushgan kompaniyaning Amerika bilan oldi-berdisi cheklanadi. Amerikada biror hamkori bo'lsa, u bu biznesga biror narsa uzatishidan oldin Tijorat vazirligidan maxsus ruxsat olishi shart.
AQSh Ukrainadagi urush sabab Rossiya hukumatidan ko'plab shaxslarni, agentlik va tashkilotlarni, bizneslar va oligarxlarni jazolamoqda. Sanksiyalar ro'yxati uzayib bormoqda.
Oq uynng eslatishicha, Vashington Rossiyaning harbiy sheriklarini ham kuzatmoqda va agar ularning hamkorligi urush bilan biror jihatdan bog'liq bo'lsa, chora ko'rmoqda.
Rasmiylarga ko'ra, sanksiyalar amaliyoti izchil nazorat ostida. Shartlar va qoidalar buzilsa, AQSh darhol keskin javob beradi, deya ogohlantiradi mutasaddilar.
“Chora ko'rishdan aslo to'xtamaymiz, AQSh qonunlarini buzayotgan taraf qayerda bo'lishidan qat'i nazar", - deydi Moliya vazirining Eksport boshqaruvi bo'yicha muovini Tea Rozman Kendler.
Xitoy hukumati va qora ro'yxatga tushgan kompaniyalar hozircha Vashington qaroriga munosabat bildirmagan.