Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 148-kun tafsilotlari


Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning turmush o'rtog'i Olena
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning turmush o'rtog'i Olena

Zelenskaya Kongressdan qurol so'radi

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning rafiqasi Olena Zelenskaya chorshanba kuni AQSh Kongressining har ikki palatasi vakillari oldida nutq so’zlab, Kongressga murojaat qilgan xorijiy davlat rahbarining ilk rafiqasi bo’ldi.

Xalqaro hayot - 21-iyul, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:53 0:00

Zelenskayaning aytishicha, prezidentning turmush o’rtoqlari odatda madaniyat va ta’limga doir mavzular bilan shug’ullanadi, biroq u Rossiyaning hujumlariga jim qarab tura olmasligini bildirdi.

"Oldin so’ramagan narsani so’rashga majburman. Sizdan qurol so’ramoqchiman. O’zgalar yurtida urush qilish uchun kerakli qurollarni emas, o’z yurtimizni va tirik uyg’onish huquqini himoya qilishga kerakli qurollarni so’ramoqchiman. Raketalar aravachada yotgan bolalarni o’ldirmasligi uchun bizga havo mudofaasi tizimlari kerak”, - dedi u.

Lavrov maxsus amaliyot jug'rofiyasi kengayishini aytdi

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, G’arb Ukrainaga uzoq masofali va qudratliroq qurollar uzatsa, Rossiya maxsus amaliyot jug’rofiyasini kengaytirishga majbur bo’ladi.

"Ukraina Mudofaa vaziri [Oleksiy] Reznikov maqtanganidek, ular 300 kilometrgacha uchadigan raketalarni olganmish. Bu degani biz maxsus amaliyotning jug’rofiy vazifalarini hozirgi front chizig’idan kengaytirishga majbur bo’lamiz. Biz Zelenskiy yoki uning o’rniga keladigan boshqa rahbar nazoratidagi hududlarda Rossiya va mustaqillik e’lon qilgan respublikalarga bevosita tahdid bo’ladigan qurollarning joylashtirilishiga yo’l qo’ya olmaymiz”, - dedi Lavrov.

AQSh qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari general Mark Milli Ukrainaning Amerikadan olgan qurollar bilan boy berilgan hududlarni qaytarib olish salohiyatini ijobiy baholadi.

“[Rossiya] katta talafotlar ko’rmoqda, muvaffaqiyatlari esa kamtarona. Donbassning ikki viloyatida sillani quritishga qaratilgan janglar bo’lyapti. Mintaqa qo’ldan chiqarilgani yo’q hali”, - dedi general.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning aytishicha, besh oylik janglardan so’ng ham Rossiya Ukrainani mag’lub qila olgani yo’q, Kiyevni qo’lga olgani yo’q.

Rossiyalik rasmiylar Kiyevni zabt etish ustuvor vazifa emasligini ta’kidlarkan, Mudofaa vazirligi har kungi bayonotlarida jang maydonidagi yutuqlar haqida hisobot bermoqda.

Donbassda janglar davom etmoqda

Xususan bugun vazirlik so’zlovchisi Donetsk viloyatining Ukraina armiyasi nazoratidagi Kramatorsk shahri yonida Su-25 ukrain samolyoti, Nikolayev oblastida esa Mi-8 vertolyoti urib tushirilgani, Odessa viloyatidagi dam olish maskaniga raketa hujumida 600 dan ziyod harbiy, jumladan 120 nafar xorijiy jangari, Nikolayevdagi sabzavot bazasida joylashgan qismlarga hujumda esa 320 dan ortiq ukrain harbiysi yo’q qilingani haqida ma’lum qildi.

Ukrain tarafi Kramatorskda maktab va uning atrofidagi uylar vayron bo’lganini bildirarkan, Rossiya Ukraina armiyasini harbiylarni o’quv markazlari va aholi yashovchi hududlarda joylashtirayotganlikda ayblayapti.

Rus armiyasi Lugansk viloyati ketidan Donetskni ham butunlay ishg’ol qilishni maqsad qilgan ekan, aholining bir qismi viloyatning Pokrovsk shahridagi temir yo’l stansiyasi orqali boshqa hududlarga ko’chib ketishga harakat qilyapti.

Rossiya "Shimoliy oqim-1" quvuri bo'yicha Yevropaga gaz ta'minotini jonlantridi

G’arb xavotirlari va taxminlariga qaramay, Rossiya 10 kunlik ta’mir ishlaridan so’ng Germaniyaga gaz uzatuvchi “Shimoliy oqim-1” quvurini qayta ochdi.

Yevropa Ittifoqi rasmiylari Rossiyani yoqilg’idan G’arbga qarshi qurol sifatida foydalanayotganlikda ayblab, ta’mirdan so’ng quvur qayta ishga tushishiga shubha bildirgan edi.

Germaniya gaz ta’minoti jonlanganini birinchilardan olqishladi.

“Gaz yana oqib kelayotganidan xursandman. Rossiyaga bizni shantaj qilishga yo’l qo’ymaslik kerak”, - deydi nemislardan biri.

Yevropa gaz omborlarini qishgacha to’ldirishga zo’r berarkan, yoqilg’i tanqisligi oqibatida narx keskin oshganidan noliyapti.

Bundan bir kun oldin Yevropa Ittifoqi a’zo mamlakatlardan mart oyigacha gaz iste’molini 15 foizga qisqartirishni so’radi.

2011-yilda ishga tushgan quvur orqali gaz Rossiyaning Viborg shahridan Boltiq dengizi tubi orqali Germaniyaning Lyubmin shahriga yetkazilib, u yerdan Belgiya, Daniya, Fransiya va Niderlandiya kabi mamlakatlarga uzatiladi.

Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov Rossiyani “ishonchli hamkor” deb ta’riflab, gaz ta’minoti uzilishida Yevropani aybladi.

Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi ta’minotdagi uzilishlarni Kanadaga ta’mir uchun yuborilgan quvur turbinasi o’z vaqtida qaytarilmagani bilan izohlagan.

Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalar sabab avvaliga turbinani qaytarishdan bosh tortgan Kanada Germaniya iltimosidan so’ng fikrini o’zgartirishga qaror qildi.

"Yevropa qo’ygan cheklovlar uskunalarga o’z vaqtida xizmat ko’rsatilishiga halaqit bermoqda. Yevropa muammosiga ularning o’zi qo’ygan cheklovlar sabab bo’lyapti”, - dedi Peskov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG