Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 139-kun tafsilotlari


Rossiyaning TASS axborot agentligi tarqatgan ma’lumotga ko’ra, dushanba kuni Ukraina tomonidan chiqarilgan raketalar Ukraina janubidagi Xerson viloyatiga qarashli Novaya Kaxovka shahrida kamida 7 odamning o’limiga sabab bo’ldi.

Xalqaro hayot - 12-iyul, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:28 0:00

Shahar hozir Rossiya armiyasi qo’lida. Rus manbalariga ko’ra, hujumda AQSh yaqinda Ukrainaga uzatgan HIMARS raketa tizimi qo’llangan. Mahalliy ma’muriyat 60 ga yaqin odam jarohat olganini bildirdi.

Raketalar selitra saqlangan omborga kelib tushgani, bundan tashqari, uylar, kasalxona, bozor va bir zavod vayron bo’lgani aytilmoqda.

Ukrainalik rasmiylar esa hujumda o’q-dori ombori yo’q qilinganini da’vo qilyapti.

Novaya Kaxovka rus qo’shinlari nazoratidagi Xerson shahridan 55 kilometr narida joylashgan.

Bu o’rtada Rossiya Mudofaa vazirligi Odessa viloyatida harbiy inshootga zarba berilib, AQShning kemaga qarshi “Garpun” raketalari yo’q qilingani haqida ma’lum qildi.

Vazirlik so’zlovchisi Igor Konashenkovning aytishicha, Ukraina armiyasiga yordam berish uchun xorijdan kelayotgan yollanma jangarilar chegaradan o’tmasidan Rossiya qurolli kuchlari tomonidan hisobga olinmoqda. Moskva bunday shaxslar qo’lga tushsa, qonuniy askar sifatida tan olinmasligi haqida ogohlantirmoqda.

Konashenkovga ko’ra, Donbassda 3000 dan ziyod xorijlik bor edi, biroq ularning soni so’nggi 3 haftada 500 nafarga qisqargan. Ukraina esa xorijiy jangchilar soni 20 ming atrofida ekanini da’vo qilyapti

"Xorijiy jangarilarning 20 mingta ekani haqidagi bayonotlar yolg’on. Ularning soni ancha kam va muttasil kamayib bormoqda”, - deydi rus rasmiysi.

Ukrainadagi urushni kuzatayotgan G’arb tahlilchilari Rossiya qo’shinlari va bo’lginchi kuchlar Donetsk viloyatining Kramatorsk va Slavyansk shaharlarini ishg’ol qilishga urinayotganini, Ukraina armiyasi oyiga 20 minggacha askar yo’qotayotganini bildirmoqda.

Kramatorsk aholisiga Ukraina g’arbiga evakuatsiya qilish taklif etilgan, biroq hamma ham shaharni tark etmoqchi emas.

"Boradigan joyim yo’q. Istamayman. U yerlarga borib nima ham qilardim”, - deydi bir xonali kvartirada yolg’iz o’zi yashovchi Valeriy Ilchenko ismli 70 yashar bir odam.

Donbass mintaqasini qo’lga olishga intilayotgan Rossiya armiyasi va bo’lginchi kuchlar Lugansk viloyati ketidan Donetsk oblastini ham o’z nazoratiga olmoqchi.

Viloyatning ukrain hokimi Pavlo Kirilenkoning aytishicha, aholi evakuatsiya qilinsa, Kramatorskni mudofaa qilish osonroq bo’ladi.

Biroq kuzatuvchilarga ko’ra, bu shahar ham yaqin orada ruslar qo’liga o’tishi mumkin. Evakuatsiya taklifidan voz kechayotgan rusiyazabon kramatorskliklar Ukraina g’arbida iliq qarshilanmasligini aytadi.

"Shu shaharda tug’ildik, shu yerda o’lamiz”, - deydi 85 yashar bir ayol.

Shaharni tark etayotganlar esa har kuni 85 kilometr naridagi Pokrovsk shahridan qo’zg’alayotgan poyezdga o’tirmoqda.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin fuqarolikni olmoqchi bo’lgan ukrainaliklarga jarayonni osonlashtiruvchi farmon imzoladi. Bungacha, asosan, Ukrainaning rus armiyasi nazoratiga o’tgan hududlarida mahalliy aholiga Rossiya fuqaroligi taklif etilayotgan edi. Kremlga ko’ra, ko’p ukrainaliklar Rossiya fuqarosi bo’lmoqchi.

Ukraina hukumati Kremlning bu siyosatini qoralab chiqdi.

Kelasi hafta Tehronga yo’l olayotgan Putin Eron va Turkiya prezidentlari bilan uchrashmoqchi. Urush boshidan beri Putin faqat bir marta xorijga chiqib keldi.

AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivanga ko’ra, Eron Rossiyani bir necha yuz dona dron bilan ta’minlamoqchi. Moskva bu da’volarni tasdiqlagani yo’q, biroq rossiyalik rasmiylar Ukrainadagi maxsus harbiy amaliyot uchun dronlar yetishmayotganini tan oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG