Breaking News

Istanbulda bug'doyni jahon bozoriga olib chiqishga doir bitim imzolandi


Rossiya, Ukraina, Turkiya, BMT bug'doyni jahon bozoriga olib chiqishga doir bitim imzoladi
Rossiya, Ukraina, Turkiya, BMT bug'doyni jahon bozoriga olib chiqishga doir bitim imzoladi

Bugun Istanbulda bug’doyni Qora dengiz orqali jahon bozoriga xavfsiz ravishda olib chiqishga qaratilgan tarixiy hujjat imzolandi. Rossiya talablariga qaramay, Ukraina dengizni minalardan tozalashdan bosh tortgan. Yuk ortilgan kemalar ukrain uchuvchilari ko’rsatgan xavfsiz yo’ldan yurishi aytimoqda.

Xalqaro hayot - 22-iyul, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:47 0:00

Salkam 20 million tonna ukrain bug’doyining Rossiya qamalidagi portlarda qolib ketgani dunyoda oziq-ovqat kamomadi xavfiga sabab bo’lyapti.

G’arb mamlakatlari bunda Moskvani ayblagan. Ukrainadan ancha ko’p bug’doy yetishtiradigan Rossiyaga ko’ra, oziq-ovqat kamomadiga G’arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari sababdir.

Turkiya va BMT bug’doy bo’yicha kelishuv ustida ikki oy ishlagan. Unga ko’ra, ukrain bug’doyi bilan birga Rossiya mahsulotlarining eksporti ham osonlashtiriladi.

Kelishuvni Rossiya va Turkiya Mudofaa vazirlari Sergey Shoygu va Hulusi Oqar, Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov hamda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish imzoladi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ham marosimda qatnashdi.

"Dunyoda qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti xavfsizligini kafolatlash ko’p jihatdan muhimdir. Bugun qo’yilgan qadamlar bilan issiq havo va qurg’oqchilik sabab tushib ketgan hosildorlik natijasida oshgan narxlarning yanada ko’tarilishiga to’siq qo’yildi. Butun dunyo uchun muammoga aylangan oziq-ovqat inflyatsiyasini nazorat qilishga yordam berdik. Bir necha kun ichida dengiz transportining jonlanishi bilan Qora dengizdan ko’p mamlakatlar uchun nafas yo’li ochiladi. Kemalarning portlarni tark etishidan boshlab manzilga yetguniga qadar bo’lgan barcha jarayonlarga kelishildi”, - dedi Erdog’an.

Gutterishning aytishicha, bitimga ko’ra oziq-ovqat mahsulotlari Ukrainaning Odessa, Chernomorsk va Yujniy portlari orqali olib chiqiladi, BMT esa muvofiqlashtiruvchi markaz o’rnatib, kelishuv ijrosini nazorat qiladi.

Shu bahonada Ukraina dengiz orqali maxfiy ravishda qurol tashishidan xavotirlangan Rossiya talabiga ko’ra, portlarga qaytayotgan kemalar sinchkovlik bilan tekshiriladi.

Kemalar Qora dengizdan Turkiyaning Bosfor bo’g’ozi orqali olib chiqiladi.

Kelishuv 4 oyga mo’ljallangan va uzaytirilishi mumkin.

"Shartnoma ijrosi bo’yicha majburiyatga amal qilish juda muhimdir. Tashabbusni to’liq amalga oshirish zarur, chunki butun dunyo global oziq-ovqat inqirozining hal bo’lishini istaydi”, - dedi Guterrish.

BMT rasmiylari buni o’zaro jang qilayotgan Rossiya va Ukraina o’rtasida muzokara orqali erishilgan ilk kelishuv deb atamoqda.

Yana bir bitimga muvofiq Rossiya o’z bug’doyi va o’g’itlarini ham jahon bozoriga olib chiqishi mumkin bo’ladi. AQSh va Yevropa Ittifoqi bunga to’siq qo’ymaslikka rozi bo’lgan. Rossiyada joriy yilda salkam 40 million tonnagacha bug’doy yetishtirilishi kutilmoqda.

Bugun imzolangan shartnomalar dunyoda ocharchilikning hamda oziq-ovqat narxlarining keskin ko’tarilishining oldini olishga qaratilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG