Bugun Daniya poytaxti Kopengagenda Ukrainaga yordam beruvchi mamlakatlar mudofaa vazirlari to’planib, Ukrainani qurol va harbiy tayyorgarlik bilan ta’minlash, mamlakatga minalardan tozalashda yordam berish haqida gaplashdi.
Majlis ishtirokchilariga virtual murojaat qilgan Prezident Vladimir Zelenskiy Rossiyani “yadroviy terror”da ayblab, Ukrainaga ko’proq pul va qurol berishga chaqirdi.
Rossiya va Ukraina bir-birini Zaporojyedagi atom elektrostansiyasiga zarbalarda ayblaydi. Yevropadagi eng yirik yadro inshooti ayni paytda rus armiyasi nazoratida, xodimlari esa ukrainaliklar.
"Rossiya Ukrainani qanotli raketalar bilan nishonga olganda ular atom elektrostansiyalari uzra uchadi. Bu bekorga qilinmayapti. Bu Rossiyaning yadroviy terrori nishonasi”, - dedi Zelenskiy.
U G’arb davlatlarini Rossiyaning yadro sanoati, jumladan “RosAtom” davlat kompaniyasiga sanksiya qo’yishga chaqirdi.
Rossiya tarafiga o’tishga qaror qilgan zaporojyelik ukrainaliklar viloyatning Rossiya tarkibiga kirishini targ’ib qilarkan, kelasi oy hududda referendum o’tkazilishi kutilmoqda. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, shunday bo’lgan taqdirda, Zaporojye atom elektrostansiyasi Ukraina energosistemasidan chiqarilib, Rossiyanikiga ulanadi.
Kreml nazarida, referendumga qarshi Kiyev atom elektrostansiyasiga hujumlar qilmoqda. Rossiya Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma inspektorlarini stansiyani tekshirish uchun Zaporoyjega taklif qilgan.
Shvetsiyalik tahlilchi Yan Obergning aytishicha, AQSh va G’arbning Rossiyaga qarshi bir tomonlama sanksiyalari Ukrainada tinchlik qaror topishiga olib kelmaydi, Yevropaning o’ziga zarar bo’ladi.
Tinchlik va kelajak izlanishi uchun transmilliy jamg’arma asoschisi Yevropada narxlarning oshishini va ijtimoiy ziddiyatlarni mazkur sanksiyalar bilan bog’laydi.
"G’arbning mana shu chorasini deb Yevropa endi qishda qattiq qiynaladi. Sanksiyalar Yeropaning o‘ziga zarar bo’lyapti, ijtimoiy isyonlarga sabab bo’lyapti”, - deydi tahlilchi.
Yevropa Ittifoqi rahbarlari qit’a davlatlarini iqtisodiy va ijtimoiy qiyinchiliklarga sabr qlishga, Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga befarq bo’lmaslikka chaqirmoqda.
Bu o’rtada Moskvani Ukraina xalqiga qarshi qatliomda ayblayotgan Latviya parlamenti bugun Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlat deb e’tirof etdi.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba boshqa mamlakatlarni ham Latviya yo’lidan borishga chaqirdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Latviya parlamenti qarorini “hayvoniy ksenofobiya”, uning mualliflarini esa “neonatsitslar” deb atadi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Shveysariyani ortiq vositachi deb hisoblamasligini bildirdi.
"Afsuski, Shveysariya betaraflik maqomini boy berdi va endi na vositachi, na manfaatlarimiz vakili bo’la oladi. Bern G’arbning noqonuniy sanksiyalariga qo’shilib, Kiyevdagi neonatsist rejimni qo’llab-quvvatlayapti, G’arb va Ukraina tashkil etgan agressiv rusofob kampaniyada qatnashyapti”, - dedi vazirlik vakili Ivan Nechayev.
Ukraina sharqidagi bo’lginchi Donetsk xalq respublikasi rahbari Denis Pushilinning aytishicha, rus armiyasi nazoratiga o’tgan Mariupol shahrida oy oxirida “Azov” millatchi polkining asirga olingan jangchilari ustidan sud bo’lib o’tadi.
Shahardagi “Azovstal” po’lat zavodida haftalab yashiringan yuzlab azovchilar may oyida taslim bo’lgan. Rossiya yaqinda “Azov” polkini terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga qo’shdi, azovchilarni neonatsistlar deb biladi.
Pushilinga ko’ra, harbiy tribunal ochiq o’tkaziladi, xorijiy matbuot ham taklif etiladi.
Facebook Forum