Breaking News

165 kunga o’tgan Ukraina urushi haftaligi


Nikoyalyev viloyati ma'muriyati binosining Rossiya hujumidan keyingi ahvoli, Ukraina, 5-avgust, 2022.
Nikoyalyev viloyati ma'muriyati binosining Rossiya hujumidan keyingi ahvoli, Ukraina, 5-avgust, 2022.

Yakunlangan haftada Ukraina front chizig’ida siljish kuzatilmadi. Ammo artilleriyaga tayanayotgan urush maydonida yana yadroviy tahdid yuzaga chiqdi. Zaporojyedagi atom stansiyasi o’qqa tutildi.

Ayni paytda Rossiya nazoratiga o’tgan atom stansiyasiga qilingan hujumda tomonlar bir-birlarini ayblashmoqda. Prezident Volodimir Zelenskiy hujum natijasida butin Yevropa qit’asi yadroviy tahdid ostida qolgani, Rossiya Yevropani shu yo’l bilan qo’rqitishga o’tayotgani haqida bayonot qildi.

Frontning qaynoq nuqtasi hamon Donbass va Xerson. Donbassda rus qo’shinlari, Xerson viloyatida ukrain qo’shinlari hujumga o’tishga urinmoqda.

Xersonni ozod qilish uchun keng miqyosdagi qarshi hujumlar haqida bayonot qilgan Ukraina tomoni hozircha bu rejaga kirishmadi, har holda janubiy frontdagi vaziyatda jiddiy o’zgarishlar kuzatilmadi.

Ayirmachi respublikalardan biri Donetsk hududini ozod qilishga urinayotgan Rossiya qo’shinlari ham asosiy nishon Slavyansk, Kramotorsk, Baxmut shaharlari ishg’oliga yaqinlasha olmadi.

Ukraina armiyasi esa bir oylar muqaddam ishg’ol qilinishi kutilgan Severks shahri mudofaasini hamon ushlab turishibdi.

Zaporojye, Ukraina, 5-avgust, 2022
Zaporojye, Ukraina, 5-avgust, 2022

Munozarali tadqiqot

Urushning biror haftasi jamoatchilikni larzaga solgan yoki jiddiy munozaralar qo’zg’agan favqulodda hodisalarsiz kuzatilmaydi.

O’tgan hafta Rossiya nazoratidagi Donetsk hududida joylashgan Elenovka qamoqxonasini o’qqa tutilishi oqibatida 70 yaqin ukrain harbiy asirlarining halok bo’lishi jamoatchilikni larzaga solgan edi.

Bu hafta "Xalqaro amnistiya" tashkilotining urushdagi vaziyatga doir tadqiqoti muhokamada bo'ldi.

"Xalqaro amnistiya" o’z surushtiruvlaridan kelib chiqqan holda Ukraina armiyasini urush qoidalarini buzishda, harbiylarni fuqarolik obyektlari, xususan maktab va shifoxonalarda joylashtirishda, ulardan harbiy istehkomlar sifatida foydalanishda, tinch aholining hayotini xatarga qo’yishda aybladi.

Bu hisobot Ukraina tomonidan jiddiy tanqid bilan kutib olindi. Prezident Zelenskiy, uning ma’muriyati, mudofaa va tashqi ishlar vazirliklari hamda jamoatchilik xalqaro tashkilotni noxolislikda, Rossiya agressiyasini inobatga olmaganlikda qoralamoqda.

"Xalqaro amnistiya" tadqiqotini Rossiya armiyasi zarbalarini oqlashga urinish sifatida baholagan Prezident Zelenskiyga ko’ra, tashkilot agressor kimligini inobatsiz qoldirgan.

"Xalqaro amnistiya" rahbari Agness Kalamar tanqidlardan qat’i nazar, tashkilot o’z xulosalariga sodiqligi, Rossiya agressiyasi Ukraina armiyasiga urush qoidalarini buzishga vakolat bermasligi, tadqiqot o’zgarishsiz qolishi haqida bayonot berdi.

Bu mojaro "Xalqaro amnistiya" jamoasini ham chetlab o’tmadi. Tadqiqotda qatnashmagan bo’lsa-da, tashkilotning Ukraina bo’limi rahbari Oksana Pokalchuk ishdan bo'shagan.

"Xalqaro amnistiya"ning munozaralar qo’zg’agan tadqiqoti Donbass, Xarkov va Nikolayev viloyatlarida o’tkazilgan.

Ta’kidlanishicha, tadqiqot davomida qurbonlarning yaqinlari, guvohlar bilan gaplashilgan. Qurollar o’rganilgan. Ayrim holatda tadqiqot o’tkazgan mutaxassislar ham ukrain harbiylar tinch aholi yashayotgan binodan o’t ochishayotganiga, harbiylar maktab va shifoxonalarga joylashtirilganiga guvoh bo’lishgan.

Tashkilot o’z tadqiqoti davomida Rossiya armiyasi aniq nishonsiz otilgan kassetali bombalardan foydalanganini aniqlagan, ammo Rossiya agressiyasi urish qoidalarini buzishga huquq bermasligini ta’kidlaydi.

Rossiya va Turkiya rahbarlari Sochida muloqot qildi, 5-avgust, 2022
Rossiya va Turkiya rahbarlari Sochida muloqot qildi, 5-avgust, 2022

Qayta jonlanayotgan tinchlik tashabbusi

Turkiya rahbariyati Rossiya va Ukraina orasida vositachilik qilish niyatida qat'iy. Rossiya bilan Sochidagi muzokara sulh haqidagi umidlarni yangilagan. Anqara ikki davlat rahbarlarini Turkiyada uchrashishga undamoqda.

Rossiya va Ukraina delegatsiyalari bir muddat oldin Antaliyada muzokara qilganida Moskva o’z harbiylarini Kiyev va Chernigov viloyatlaridan olib chiqishini e’lon qilgan edi.

Ukrainadan don mahsulotlari eksportini tiklash, xavfsiz dengiz yo’lagini tashkil qilish bitimi ham Turkiya ishtirokida amalga oshdi.

Ta’kidlash joiz, Turkiya Ukraina hududiy yaxlitligini yoqlab chiqqan, shuningdek, Qrim ishg’olini agressiya deb baholagan.

Ukrainadagi qrim-tatar faollar buni olqishlasa-da, ayni damdagi tashabbus biror tomon manfaatlariga xizmat qilmaydi degan fikrda.

Ikki va uch tomonlama o’tgan muhokamalar natijasiz tugagan. Ukraina Rossiya o’z qo’shinlarini olib chiqmas ekan, muzokara qilmaasligini bildirmoqda. Rossiya esa o’z shartlariga ko’ra gaplashmoqchi.

AQSh nazarida Rossiya urushni muzokaralar yo’li bilan tugatish niyatida emas. Bu haqda AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild oziq-ovqat xavfsizligiga doir ma’ruzasida aytgan.

Kostiantinivka, Ukraina, 6-avgust, 2022
Kostiantinivka, Ukraina, 6-avgust, 2022

Rossiya qamoqxonasidan Ukraina frontiga

Bu hafta Rossiyada bloklangan mustaqil nashrlardan biri “Mediazona” Ukrainadagi urushda qatnashayotgan “Vagner” xususiy harbiy kompaniyaga doir navbatdagi surishtiruvini e’lon qildi.

“Vagner"ning egasi - Putining yaqin hamkorlaridan biri, biznesmen Yevgeniy Prigojin.

Avvalroq qirg’izistonlik jurnalistlar “Vagner” kompaniyasi mintaqa, jumladan, O’zbekiston fuqarolarini ham Ukrainadagi urushda jang qilishga taklif qilayotgani xususida material bergan edi.

“Mediazona” olib borgan navbatdagi surushtiruvda xususiy kompaniya vakillari Rossiyadagi qamoqxonalarda suhbatlar o’tkazayotgani, mahbuslar orasidan jangchilar yollayotgani haqida gap boradi.

Nashr ehtimol qilishicha, qamoqxonalarda o’tkazilgan uchrashuvlarda shaxsan “Vagner” kompaniyasi rahbari Prigojining o’zi ham ishtirok etgan va urushga borishga rozilik bergan mahbuslarga pul va ozodlik va’da qilgan. Mahbuslar kompaniyaga yollanayotgani xabar qilinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG