Breaking News

Ukraina doni jahon bozoriga chiqa boshladi


Odessa, Ukraina, 7-avgust, 2022
Odessa, Ukraina, 7-avgust, 2022

7-avgust kuni Ukrainaning to'rt yirik yuk kemasi Qora dengiz orqali turli davlatlarga yo'l oldi. Ularda minglab tonna bug'doy bor.

Dengizda ochilgan insonparvarlik yo'lagini yuritayotgan xalqaro guruh bu mahsulotlarning manzilga xavfsiz tarzda yetib borishini ta'minlashi kerak.

Bu tashabbus BMT yetakchiligida olib borilmoqda. Maqsad - urush davom etayotgan Ukrainadan don mahsulotlari eksportini qayta jonlantirish va uzilib qolgan tizimni astalik bilan tiklash.

Bugun yo'lga chiqqan kemalar Xitoy, Italiya va Turkiyaning ikki portiga borishi kerak.

Yana bir kema esa Ukrainaga tomon yo'nalgan, yuk olish uchun.

Ukraina dunyo ahlini don bilan ta'minlovchi eng yirik davlatlardan biri. Rossiya shu yilning fevral oyida bostirb kirganidan beri mamlakat blokada ichida qoldi. Natijada jahon bozorida oziq-ovqat narxlari ko'tarildi.

Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy inson huquqlari tashkilotlaridan norozi. Uning nazarida, hozirga kelib Rossiyaning urush jinoyatlariga ko'z yumilmoqda va huquq himoyachilari uning siyosatini yetarlicha qoralamayapti. Zelenskiy, xususan, "Xalqaro amnistiya" tashkilotini tanqid qilmoqda.

Ukraina prezidentiga ko'ra, Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo'mish Zaporojye Rossiya tomonidan o'qqa tutilganini "Xalqaro amnistiya" nazardan qochirmoqda.

Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik, BMT qoshidagi idora, zavodga hujumni la'natlab, Rossiya xatti-harakatlari jahon tinchligiga tahdid ekanini bildirgan.

"Xalqaro amnistiya" qayd etishicha esa, Ukraina qo'shinlari aholi zich yashaydigan joylarda baza ochib, qurol-aslahalar olib kirmoqda. Harbiy kontingentlar maktablar va kasalxonalar yaqinida ekani noto'g'ri, deya baholagan tashkilot.

Tashkilotning 4-avgust kuni chiqqan hisoboti Kiyevda "Rossiya propagandasi" va "Ukrainaga zarba" deya qabul qilingan.

"Xalqaro amnistiya"ning mamlakatdagi direktori Oksana Pokalchuk ishxonasi bayonotidan norozi bo'lib, ishdan bo'shagan.

Tashkilot o'z pozitsiyasini tushuntirishi kutilmoqda.

Zelenskiy fikricha, Rossiya aholi punktlari va strategik inshootlarga xuruj qilayotganiga hech kim toqat qilmasligi kerak.

"Davlatimizga nisbatan agressiya asossiz, bosqinchilik va ochiqchasiga terror bu", - deydi Ukraina rahbari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG