Ukraina hukumati o’tgan yili o’rilgan bug’doyni eksportga chiqarishga harakat qilarkan, fermerlar bu yilgi hosilni yig’ish g’amini ham yeyapti. Rossiya kuchlari nazoratiga o’tgan Xerson bilan chegaradosh Nikolayev viloyatida kungaboqar va bug’doy yig’im-terimga tayyor, biroq fermerlar harbiy harakatlardan nolimoqda.
Vladimir Onishchuk ismli dehqon 2000 gektar yerda mehnat qiladi va hosilni odatda Nikolayev porti orqali chiqaradi. U dushman snaryadlari parchalari bilan qoplangan dalaga traktorda chiqishga qo’rqishini aytadi.
“Mana bularni 29-mart kuni dalaga chiqqanda terib oldik. Sapyorlarni chaqirishga majbur bo’ldik, chunki traktor haydovchilarimiz bunday sharoitda ishdan bosh tortyapti. “Dalalar portlovchi moddalardan tozalanmaguncha ishga chiqmaymiz” deyishyapti”, - deydi Onishchuk.
Rossiya hujumlari oqibatida mahalliy qishloq xo’jaligi infratuzilmasi jiddiy zarar ko’rgan, Qora dengiz portlari rus kemalari tomonidan qamalga olingan. Donbassda harbiy harakatlar tugagach, rus qo’shinlari Nikolayev viloyatiga o’tishi kutilmoqda.
Don taqchilligi jahon bozorida narxning keskin oshishiga olib keldi. G’arb davlatlari Rossiyani global ocharchilik xavfini keltirib chiqarayotganlikda ayblamoqda.
"Bug’doyning 70 foizini dengiz portlari orqali eksportga olib chiqardik. 30 yilda mamlakat janubida ko’p portlar qurildi, borlari ta’mirlandi. Ammo 24-fevraldan beri ko’p kemalar portlardan chiqa olmayapti”, - deydi fermer.
Ukraina hukumati bu yilgi hosil taxminan 48,5 million tonna bo’lishini bildirmoqda. Bu o’tgan yilgi 86 million tonna bug’doydan salkam ikki baravar kam.
Portlar to’silgan bir sharoitda Ukraina bug’doyni temir yo’l va avtomobil yo’llari orqali olib chiqishga urinyapti.
BMTga aloqador Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti kengashining Rimda boshlangan majlisida aytilishicha, dunyodagi mojarolar global oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmoqda.
"Ukrainadagi urush va dunyo bo’ylab boshqa mojarolarning jahon oziq-ovqat xavfsizligiga ta’siri bizdan yaxlit tahlil qilishni, unga texnik yondashishni va zarur choralar ko’rishni talab qilmoqda. Ushbu mojarolar oqibatida oziq-ovqat, o’g’it, ozuqa eksporti kamayib ketib, oziq-ovqat narxi va keyingi yil hosiliga ta’sir qilmoqda”, - dedi tashkilot bosh kotibi Chu Dongyu.
BMT rasmiysi oziq-ovqat mahsulotlari eksportini osonlashtirib, soliqlarni bekor qilishga, qattiq zarar ko’rgan mamlakatlarga ko’proq sarmoya qilishga chaqirdi.
Ertaga Sankt-Peterburg shahrida an’anaviy xalqaro iqtisodiy forum boshlanadi. G’arb davlatlari tadbirni boykot qilgan, biroq Osiyodan ko’plab delegatsiyalarning bo’lishi kutilmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligi anjuman kun tartibidagi muhim masalalardan bo’lishi kutilmoqda.
Facebook Forum