Breaking News

Zelenskiy mustaqillik kunida Kiyevga hujumlar bo'lishi haqida ogohlantiryapti


Ukraina hukumati 24-avgust kuni Rossiyaning poytaxt Kiyevga hujumi ehtimolidan xavotir bildirmoqda.

Xalqaro hayot - 23-avgust, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:55 0:00

Chorshanba kuni mamlakat Mustaqillik kunini nishonlaydi, biroq yirik shaharlarda tantanalar bekor qilingan, aholiga ommaviy tadbirlarda qatnashish man qilingan, Kiyevda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, ikkinchi yirik shahar Xarkovda ikki kunlik komendant soati joriy etildi.

“Agar bizga hujum qilishsa, javobimiz keskin bo’ladi. Har kuni qattiqroq javob beramiz”, - dedi Prezident Vladimir Zelenskiy.

Bugun Kiyevda bayroq ko’tarish marosimida qatnashgan davlat rahbari Ukraina bayroqlari istilo qilingan hududlarda yana ko’tarilishiga va’da berdi.

“Ko’k-sariq bayroq Melitopolning G’alaba maydonida, Xersonning Ozodlik maydonida yana hilpiraydi”, - dedi u.

Ushbu hududlar hozir Rossiya kuchlari nazoratida ekan, Xersondagi harbiy-ma’muriy administratsiya Rossiyaga qo’shilish bo’yicha referendum o’tkazishga hozirlanmoqda.

Qo’shma Shtatlar ham Rossiyaning Kiyevga hujumlari haqida ogohlantirarkan, o’z fuqarolarini mamlakatni tark etishga chaqirdi. AQSh elchixonasiga ko’ra, Rossiya kelasi bir necha kunda Ukraina davlat infratuzilmasiga zarba berishi mumkin.

Ayrimlarning taxmin qilishicha, hujumlar o’tgan shanba kuni Moskva yaqinida avtomobilga o’rnatilgan bomba portlashida nobud bo’lgan Darya Duginaning o’limiga javob bo’lishi mumkin.

30 yashar marhum jurnalist va siyosatshunos ultra millatchi qarashlarga ega siyosiy faylasuf Aleksandr Duginning qizi bo’lib, Rossiya Ukraina xavfsizlik xizmatini xurujga aloqadorlikda ayblamoqda.

Kiyev ayblovlarni rad etyapti. G’arb matbuoti Duginni Putinga yaqin odamlardan biri deb hisoblaydi.

Kecha Moskvaning “Ostankino” televizion minorasida o’tgan xotira marosimida so’zlagan Duginning aytishicha, uning qizi “g’alaba uchun yashagan va g’alaba uchun jonini fido qildi”.

"U xalq uchun o’ldi, front chizig’idagi Rossiya uchun o’ldi. Front chizig’i shu yerda. Qizim buyuk vatanimiz uchun kurashishingizni, e’tiqodimiz, muqaddas pravoslav dinimizni himoya qilishingizni istardi”, - dedi ota.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Darya Duginaga qarshi xurujni “qabihlik” deb atadi, uni “Jasorat” ordeni bilan taqdirladi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa “aybdorlarga shafqat bo’lishi mumkin emas” dedi.

Xotira marosimida so’zlagan ayrim odamlar “maxsus harbiy amaliyot”dan urushga o’tishni taklif etdi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga ko’ra, Ukrainaning “Azov” millatchi polkida xizmat qilgan ayol bir oy oldin Rossiyaga kelib, Duginaga qarshi xurujni amalga oshirgan.

“Azov” polkining vakillaridan biri Natalya Vovk deb aytilayotgan bu ayolning aslida “Milliy gvardiya” xizmatchisi ekanini aytadi.

“Bu ishga “Azov”ni aralashtirishayotganiga bir sabab bor. Asirga tushgan safdoshlarimiz erta-indin qiynoqlar ostida Vovk familiyali ayolni tanishlari haqida guvohlik berishi mumkin”, - deydi Vladislav Javoronyuk ismli “azov”chilardan biri.

Zelenskiy bugun Kiyevga tashrif buyurgan Polsha Prezidenti Andjey Duda bilan ko’rishib, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish xususida gaplashgan. Duda Yevropa Ittifoqini Rossiya fuqarolarini ittifoqqa a’zo mamlakatlar hududiga kiritmaslikka undayapti. Boltiq davlatlari rossiyaliklarga Shengen vizasini berishni to’xtatgan, Finlyandiya konsullik xizmatlarini kamaytirgan.

Duda, shuningdek, Rossiya gazini Germaniya orqali Yevropaga uzatish maqsadida qurilgan “Shimoliy oqim-2” quvurini demontaj qilishga chaqirdi. 10 milliard dollarlik quvur qurilishi yakunlangani bilan Rossiyaning Ukrainadagi urushi sabab ishga tushirilmagan.

Germaniya yoqilg’i taqchilligi bilan yuzlashayotganiga va ba’zilar quvurni ishga tushirishga da’vat etayotganiga qaramay, Olaf Shols hukumati bunga qarshilik ko’rsatmoqda.

Bugun Kiyevda Qrim bo’yicha xalqaro anjuman ishtirokchilariga murojaat qilgan Shols xalqaro hamjamiyat Rossiyaning ukrain hududlarini bosib olganini tan olmasligini aytdi.

Britaniyaning iste’foga chiqayotgan bosh vaziri Boris Jonson nazarida esa, Rossiyaning 2014-yilda Qrimni o’ziga qo’shib olgani bugungi urushga asos bo’ldi.

Zelenskiy Qrimni ozod etishga, Ukrainaga qaytarishga so’z berdi.

“Buning uchun Rossiya ustidan g’alaba qozonishimiz kerak”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG