Breaking News

Zaporojye atom elektrostansiyasida xavfsizlik choralari qanday?


ZAPOROJYE ATOM ELEKTROSTANSIYASI
ZAPOROJYE ATOM ELEKTROSTANSIYASI

Rossiya Ukrainaning Zaporojye atom elektrostansiyasi hududida harbiy texnika joylashtirilgani haqidagi da’volarini inkor etmoqda. BMTning Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentligi inspektorlarining inshootga tashrifidan so’ng hisobot tayyorlab, stansiya atrofini xavfsiz zonaga aylantirishni taklif etdi.

Xalqaro hayot - 8-sentabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:21 0:00

Atom elektrostansiyasiga hujumlar natijasida yadroviy yoqilg’i va radioaktiv chiqindi joylashgan bino zarar ko’rgan.

Ukraina va Rossiya hujumlarda bir-birini ayblab keladi, agentlik o’z hisobotida hujumlar ortida kim turganini bildirmagan.

“Olov bilan o’ynashilyapti, judayam jiddiy falokat yuz berishi mumkin”, - dedi tashkilot rahbari Rafael Grossi.

BMT bosh kotibi Rossiyadan askarlari va harbiy texnikasini stansiya atrofidan uzoqlashtirishni, Ukrainadan esa inshoot tomon qo’shin yubormaslikni so’radi. Rossiya tarafi stansiyada uni qo’riqlayotgan “Rosgvardiya” jangchilaridan boshqa harbiylar yo’qligini bildiryapti.

Ukrainaga ko’ra, Rossiya inshootga hujum qilib, bu ishda Ukrainani ayblamoqda.

“Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik vakillari Rossiyani stansiya hududini demilitarizatsiyalashga majburlab, inshoot boshqaruvini to’liq Ukrainaga topshirishi kerak”, - deydi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy.

Rossiya rahbari rus qo’shinlari o’z nazoratidagi stansiyaga hujum qilayotgani haqidagi da’volarni safsata deb atadi.

“Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik ma’suliyatli tashkilot, rahbari esa professional inson. Ammo ular AQSh, Yevropa mamlakatlari bosimi ostida, chunki ular shu mamlakatlarda ishlashadi. Ular snaryadlar Ukraina hududidan kelayotganini ochiq aytisha olmaydi. Stansiya bizning nazoratimizda, u yerda askarlarimiz bor. Demak biz o’zimizni o’zimiz otayotgan ekanmizda. Ahmoqlik. Boshqachasiga buni ta’riflab bo’lmaydi”, - dedi Putin.

Unga ko’ra, Ukraina nafaqat Zaporojyedagi stansiyaga, balki Rossiya hududida joylashgan atom elektrostansiyalari atrofidagi yuqori voltli elektr tarmoqlariga ham hujumlar uyushtirmoqda.

Mutaxassislar stansiyadagi oltita yadro reaktori yaxshi himoyalanganini aytarkan, asosan yadro chiqindilari joylashgan bino xavfsizligidan xavotir olmoqda.

“Reaktorlar o’ta qalin beton qobiq bilan himoyalangan. Uning ichida esa salkam yarim metr qalinlikdagi yuqori bosimga chidamli po’lat konteyner bor”, - deydi Birmingem universitetida yadro fizikasi professori Pol Norman.

Stansiyaning asosiy elektr tarmoqlari zarar ko’rgan, sovitish tizimi esa ayni paytda dizelda ishlovchi generatorga ulangan zaxira tarmog’idan quvvat olmoqda.

“Shu tobda front chizig’i orqali bu qadar ko’p dizel olib o’tish o’ta qiyin”, - deydi ukrainalik yadro inspektori Oleg Korikov.

Stansiya elektr quvvatidan butunlay mahrum bo’lsa, reaktorni sovituvchi tizimlar ishdan chiqishi mumkin.

“Natijada reaktordagi yoqilg’i haddan tashqari qizib, reaktorning erib ketishi ehtimoli bor”, - deydi Norman.

Ayni paytda oltita reaktordan bittasi ishlayapti, xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG