Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik Zaporojye atom elektrostansiyasi holatini tekshirish uchun Rossiya va Ukraina bilan kelishuvdan so’ng Ukrainaga 13 mutaxassisdan iborat guruhini yubordi.
Guruhga agentlik rahbari Rafael Grossining o’zi boshchilik qilyapti.
"Ukraina va Yevropadagi eng yirik atom elektrostansiyasi xavfsizligini himoya qilishimiz zarur”, - dedi Grossi.
Ekspertlar guruhi inshootga berilayotgan zarbalar yetkazgan zarar ko’lami, xodimlarining ish sharoiti, stansiyaning xavfsizlik tizimlari ahvolini o’rganadi.
Zaporojye atom elektrostansiyasi Ukrainaning Energodar shahrida joylashgan bo’lib, inshoot mart oyidan beri rus qo’shinlari nazoratida, biroq faoliyatini ukrainalik mutaxassislar ta’minlamoqda. Stansiya atrofdagi ko’plab hududlarni elektr quvvati bilan ta’minlaydi.
Rossiya va Ukraina bir-birini inshootni o’qqa tutganlikda ayblarkan, yadro falokati ehtimoli haqida ogohlantirishmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Ukraina hukumati stansiya hududidan qurollar va harbiy texnikani olib chiqishga chaqirib keladi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov BMTga qarashli idora vakillarining stansiyaga borishini olqishladi.
“Rossiya buni ko’pdan beri kutgan edi”, - dedi u.
Peskovga ko’ra, Ukraina inshootni tinmay o’qqa tutmoqda va xalqaro hamjamiyat unga bosim qo’yib, hujumlarni bas qilishga chaqirishi kerak.
Bugun shvetsiyalik hamkasbi bilan ko’rishgan Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Rossiyani Zaporojye atom elektrostansiyasini tark etishga, Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarmani esa inshootdagi yadroviy xavfsizlik qoidalarining buzilganiga doir dalillarni bayon qilishga chaqirdi.
“Rossiya nafaqat Ukrainani, balki butun dunyoni yadro fojiasi tahdidi bilan yuzlashtiryapti”, - dedi Kuleba.
Rossiya Mudofaa vazirligi tarqatgan ma’lumotga ko’ra, yakshanba kuni elektrostansiya uzra uchgan Ukrainaga qarashli harbiy dron urib tushirilgan.
Ukraina nazoratidagi Zaporojye shahrida yadroviy halokat ehtimolidan xavotirga tushgan mahalliy aholiga yod tabletkalari tarqatilmoqda.
Nurlanish paytida oddiy yod qalqonsimon bezni radioaktiv yoddan himoya qiladi. Odamlarga nurlanish paytida yodni qanday iste’mol qilish o’rgatilmoqda.
Zaporojye rus qo’shinlarining navbatdagi nishoni bo’lib, Energodardan 55 kilometr narida joylashgan.
Rossiya-Ukraina mojarosiga oid boshqa xabarlar
Shvetsiya Tashqi ishlar vazirasi Magdalena Andersson Ukrainaga salkam 47 million dollarga teng navbatdagi harbiy yordam berilishi haqida ma’lum qildi.
Bungacha Shvetsiya tankka qarshi qurollar, shaxsiy himoya vositalari, minalardan tozalovchi moslamalar bergan edi.
Stokgolmga borgan Kuleba gaubitsa va unga snaryadlar so’raganini aytdi.
Shvetsiya, shuningdek, Ukrainadan bug’doy sotib olib, uni oziq-ovqatga muhtoj mamlakatlarga uzatishini bildirgan.
So’nggi haftalarda rus armiyasining yurishi sekinlashgan. Ukraina sharqidagi Donbassni qo’lga kiritishni asosiy maqsad qilgan Rossiya olti oyda bu hudud uchun hamon jang qilmoqda. Janubiy yo’nalishlarda ham to’qnashuvlar kuzatilyapti.
Bugun Rossiya Mudofaa vazirligi Nikolayev oblastidagi Blagodatnoye qishlog’i ishg’ol etilgani haqida ma’lum qildi. Posyolok Nikolayev shahridan 52 kilometr sharqda joylashgan. Uning zabt etilgani viloyat markaziga hujumlarni osonlashtirishi aytilmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun Fransiya ish beruvchilari milliy federatsiyasining yoz oxirida o’tadigan forumida qatnashayotgan fransuz tadbirkorlari va vazirlariga virtual murojaat qilib, ularni Ukrainani qayta qurishga da’vat etdi.
Yevropadagi birorta jiddiy tadbir Zelenskiy ishtirokisiz o’tmayapti. Bugun, u, shuningdek Norvegiyadagi neft va gaz anjumani qatnashchilariga fikrlarini bildirgan. Unga ko’ra, Rossiya Yevropaga gaz ta’minotini kamaytirib, qit’a mamlakatlariga qishdan oldin omborlarini tabiiy gaz bilan to’ldirishga imkon bermayapti.
Aytish joiz, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalari doirasida a’zolarini rus yoqilg’isini xarid qilmaslikka chaqirgan, biroq so’nggi paytda ko’p mamlakatlarda turli sanoatlar rus gazisiz jiddiy muammolar bilan yuzlashmoqda.
Masalan, gazning keskin qimmatlashi oqibatida Polsha kelasi ikki haftada go’sht va sutsiz qolishi mumkin. Oziq-ovqat sanoatiga aloqador kompaniyalarning ba’zilari yopilgan, yana ayrimlarida ishlab chiqarish pasayib ketgan.
Britaniyada esa inflyatsiyaning kuchayishi va uylarning qimmatlashishi oqibatida Ukrainadan qochib bu mamlakatda qo’nim topgan 84 ming odamning 50 mingtasi kelasi yil yarmiga borib ko’chada qolib ketishi mumkin.
O’nlab rossiyalik diplomatlarni haydab, bir necha oy oldin Rossiya gazini pisand qilmagan Bolgariya “Gazprom” bilan gaz ta’minoti bo’yicha muzokarani jonlantirishga tayyor ekanini bildirgan.
Aprel oyida gazni rublga sotib olishdan bosh tortgan hukumat iyunda parlamentdagi ishonchsizlik votumi orqali tarqatib yuborildi.
2-oktabrda bo’ladigan saylovgacha tayinlangan muvaqqat hukumat Rossiya gaziga ehtiyoj borligini ta’kidlamoqda.
Facebook Forum