Ukrainadagi urushning 200 kuni. Ukraina armiyasi Rossiya qudrati haqidagi afsonalarni yo’qqa chiqarmoqda.
Ukraina armiyasi anchadan buyon boshlashi kutilgan qarshi hujumlar kutilganidan ham shiddatli bo’lib chiqdi. Hujum avval e’lon qilingani kabi janubiy front emas, shimoldagi Xarkov viloyatidan boshlandi.
Bir necha kun ichida Rossiya armiyasi 70 kilometrgacha masofaga uloqtirildi, yirik shaharlar, o’nlab aholi punktlari ozod qilindi.
So’nggi oy davomida front chizig’i deyarli o’zgarishsiz qolgani inobatga olinsa, bir hafta davomida 3000 kvadrat kilometr hudud ozod qilinishi Ukraina armiyasining favqulodda qobiliyatidan darak beradi.
Asirdagi o’zbeklar
Urushdagi bu burilish asosan Xarkov frontida yuz berdi. Rossiya armiyasi Izyum, Balakleya, Kupyansk kabi shaharlarni qo’ldan boy berganini bilvosita tan oldi.
Rossiya Mudofaa vazirligi buni harbiy qismlarni, ta’minotni qayta taqsimlash, Donetsk frontini kuchaytirish maqsadi bilan izohlamoqda.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarda tashlab ketilgan harbiy texnika, asirga olingan askarlarga doir tarqalgan videotasvirlar rus armiyasi shiddatli hujum ostida shoshilinch chekinishga majbur qolganini ko’rsatadi.
Izyum, Balakleya shaharlarini ozod qilish uchun kechgan janglar davomida olingan lavhalardan birida asirga tushgan o’zbekistonlik jangchilar ham aks etgan.
Rossiya armiyasiga yollangan o’zbekistonliklar qanday holatda asirga tushgani noma’lum, ammo ukrain harbiysi o’tkazgan so’roqdan o’zbekistonlik yigitlarning biri Rossiyada ishlagani, yana biri o’qishga kelganini anglash mumkin.
AQSh razvedkasi ko’makda
Ukraina armiyasining qarshi hujumi boshqa frontlar bo’ylab ham xuddi shunday shiddat bilan davom etadimi, yo’qmi, noma’lum.
Ammo bundan qat’i nazar, Rossiya armiyasi ikki oydan ko’proqqa cho’zilgan janglar evaziga qo’lga kiritgan hududlarni ukrain armiyasi besh kun davomidagi qarshi hujumlari natijasida ozod etishi Rossiya harbiy qudrati haddan oshiq bo’rttirilgani haqidagi xulosaga keltirmoqda.
Sakkiz yildirki ziddiyat ichida bo’lgan Ukraina armiyasining jangovar holati mantiqan shubha uyg’otmaydi, ammo dunyoning ikkinchi armiyasini mag’lub etishi asosiy ittifoqchisi bo’lgan AQSh yordamisiz kechmagan.
“New York Times” gazetasi o’z manbalariga tayanib yozishicha, Ukraina armiyasining qarshi hujumini tayyorlashda AQSh razvedkasi bilan yaqindan maslahatlashilgan. AQSh maxsus xizmatlari Rossiya armiyasi holatiga doir keng ma’lumotga ega ekanligi, bu ukrain armiyasining muvaffaqiyatli qarshi hujumiga jiddiy ko’mak bergani ta’kidlanadi.
Zamonaviy qurollar sinoviga aylangan urush
Ukraina barcha turdagi qurollar ayovsiz ishlatilayotgan urush maydoniga aylangan. Rossiya armiyasi eng so’nggi turdagi raketalarini, harbiy texnikasi, uchoqlari, qurol aslahasini sinovdan o’tkazmoqda.
Ozarbayjonlik harbiy ekspert Agil Rasulzoda Ukrainadagi urushni “beshinchi avlod” urushi sifatida baholaydi. Uning ta’kidlashicha, Ukrainada bevosita yoki bilvosita eng zamonaviy qurollarga ega tomonlar urushi ketyapti.
“Bu urush avvalgilaridan yoki hozirgacha biz kuzatgan urushlardan aynan shunisi bilan farq qiladi. Bir qarashda urush maydonida avvalgi to’qnashuvlarni yodga soluvchi tanklar, artilleriya, samolyotlar. Lekin oxirgi avlod urushida g’alabani bu qurollar hal etmaydi, urush taqdiri yuqori aniqlikdagi qurollarga, harbiy texnikaga, dushmanni masofadan mag’lub qilish amaliyotiga bog’liq. Ukrainadagi urush maydonida biz zamonaviy qurol-yarog’ ishlab chiqarish bo’yicha dunyodagi yetakchi davlatlardan biri Rossiyani, shuningdek, Rossiyaning raqobatchisi, shu toifadagi qurol-yarog’ ishlab chiqarayotgan NATO davlatlari ittifoqdoshi Ukraina armiyasini ko’ryapmiz. Ukrainada zamonaviy qurollar yo’q, urushning taqdiri Ukraina ittifoqchilari bu muammoni qanchalik tez bartaraf etishiga bog’liq”, - deydi Rustamzoda.
AQShdan 14 milliardlik harbiy yordam
Zamonaviy qurollar borasida Ukrainaning o’z imkoniyati cheklangan. Yarim yil davomidagi urush mamlakat harbiy zaxirasini ham deyarli tugatdi. Ammo bu cheklov, yo’qotishlar ittifoqchilar tomonidan yetkazilayotgan zamonaviy qurol aslaha evaziga qoplanyapti.
Urush maydonidagi tajriba, xususan, Ukrainaning so’nggi qarshi hujumlari ukrain harbiylari NATO standartidagi yangi qurol-aslaha turini ham tezda o’zlashtirayotganini, samarali qo’llayotganini ko’rsatyapti.
Ukrainaga harbiy texnika, shuningdek, harbiy taktika masalalarida ko’mak ko’rsatishda ham AQSh asosiy ittifoqchi hisoblanadi. AQSh Ukraina mustaqilligini, Kiyevning Rossiya bosqiniga qarshi kurashini oxirigacha qo’llab-quvvatlashini bildirgan.
8-sentabr kuni Ukrainaga navbatdagi safarini amalga oshirgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan AQSh tomonidan Ukrainaga ko’rsatilgan harbiy yordam miqdorini 14,7 milliard dollar atrofida baholadi.
Blinkenga ko’ra, AQSh hukumati Ukraina mustaqilligini himoyalash qarorida qat’iy. Ayni paytda ukrain armiyasini qo’llab-quvvatlash uchun navbatdagi yordam paketi yuzasidan muhokamalar bormoqda.
Yevropa Ittifoqi davlatlari ham bir qadar ikkilanishlar ortidan Ukrainani harbiy-texnik jihatdan qo’llab-quvvatlashga kirishdi. Bu masalada uzoq mulohaza qilgan Germaniya ham Ukrainaga zamonaviy tanklar va raketa tizimlarini yetkazib berish qarorida.
Muzokara umidiga nuqta
Blinkenning Ukrainaga safari, shuningdek, ukrain armiyasining muvaffaqiyatli qarshi hujumi ortidan tomonlar o’rtasidagi muzokara masalasiga oid chiqishlar yana kuzatildi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya Ukraina bilan muzokaradan voz kechmayotgani, ammo Ukraina tomoni muzokarani istamayotgani, vaqtni cho’zish esa muzokaralarni mutlaqo imkonsiz qilishi haqida bayonot qildi.
Ukraina jamoatchiligida ittifoqchilar, jumladan, AQSh Kiyevni Rossiya bilan muzokaraga borishga majbur qilishi mumkinligiga doir qarashlar ham mavjud.
Prezident Volodimir Zelenskiy Kiyevda o’tgan forumda shu masalada to’xtab o’tdi. Uning aytishicha, Ukraina va Rossiya o’rtasida muzokara mavridi o’tib bo’lgan, Ukraina oxirigacha borish qaroriga kelgan. Bu qaror muzokaraga undayotgan barcha tomonlarga ham tegishli, deydi u.
Facebook Forum