Breaking News

Huquq tashkilotlari BMT kengashida Xitoyni muhokama qilishga chaqirdi


Xitoyga qarshi o'tkazilgan namoyish
Xitoyga qarshi o'tkazilgan namoyish

Huquq tashkilotlari boshqa mamlakatlarni AQSh va Gʻarb davlatlari chaqiriqlariga qo’shilib, BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashidan Shinjon mintaqasida Xitoy qo’l urgan jinoyatlar yuzasidan maxsus sessiya o’tkazishni so’rashga chaqirmoqda.

"Xalqaro hamjamiyat genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar kabi vahshiy qilmishlarga barham berish majburiyatini unutmasligi kerak", - dedi Jahon uyg'urlari kongressi prezidenti Dolkun Isa.

Dushanba kuni taqdim etilgan rezolyutsiya loyihasini Buyuk Britaniya, Kanada, Shvetsiya, Daniya, Finlyandiya, Islandiya va Norvegiya qo'llab-quvvatlashini bildirgan.

Shuningdek, 20 davlatdan 60 dan ortiq uyg'ur tashkiloti qaror loyihasini olqishladi. Guruhlar qoʻshma bayonotda Xitoyning Shinjondagi uygʻurlar siyosatiga oid BMT chiqargan hisobot ortidan tegishli chora-tadbirlarni ilgari surishda davom etishlarini bildirgan. BMT hisobotiga ko’ra, Pekin uyg‘urlar va boshqa turkiy musulmon aholiga nisbatan “insoniyatga qarshi jinoyatlar” sodir etgan bo’lishi mumkin.

Vashingtonda joylashgan Uygʻur Inson Huquqlari loyihasi ijrochi direktori Omer Kanatning aytishicha, “Hukumatlar bu imkoniyatdan foydalanib, qonunbuzarliklarga nihoyat javob qaytarishi kerak”.

Uyg'ur huquqlarini himoya qilish guruhlari G'arb hukumatlarining ba'zi harakatlaridan mamnun ekanini bildirsa-da, "hukumatlarning javobi uyg'urlar duch kelgan va hozir ham duch kelayotgan haqoratlarning og'irligiga mos kelishi kerak", - deydi Uyg'ur Inson huquqlari loyihasining yuqori darajali xodimi Piter Irvin "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Pekinning javobi

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbinning aytishicha, rezolyutsiya loyihasini imzolagan G'arb davlatlari BMT Inson huquqlari kengashidan Pekinning ichki ishlariga aralashish vositasi sifatida foydalanmoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, ba’zi davlatlar Xitoyni obro‘sizlantirish va uning rivojlanishini to‘xtatishga harakat qilmoqda.

"Ular ochiqdan-ochiq ikki tomonlama standartni qo'llaydilar va ba'zi rivojlanayotgan mamlakatlarni ajratib ko’rsatish va sharmanda qilish hamda ularga ochiq bosim o'tkazishgacha borishdi. Bu atmosferani zaharlab, Inson huquqlari bo'yicha kengashda keskinlashgan qarama-qarshilikka olib keldi. Bu esa inson huquqlari bo'yicha xalqaro hamkorlikka zarar yetkazmoqda. Xalqaro hamjamiyat bunday amaliyotni qat'iyan rad etadi", - dedi Van.

Xitoy rasmiylari Shinjonda inson huquqlari poymol qilingani haqidagi ayblovlar yolg‘on ekanligini va Pekin siyosati terrorizm, separatizm, radikallashuv va zo‘ravonlikka qarshi kurashga qaratilganini ta’kidlab keladi.

Nyu-Yorkda Xitoyga qarshi uyg'ur faollari namoyishi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:52 0:00

Xitoy elchixonasi matbuot kotibi Lyu Pengyuning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Pekin terrorizmning “ham alomatlari, ham ildiz sabablari”ga qarshi kurashadi.

"Umid qilamizki, Qo'shma Shtatlar va G'arb Inson huquqlari kengashidan siyosiy manipulyatsiya vositasi sifatida foydalanishni to'xtatadi, Shinjonning terrorizm va radikallashuvga qarshi harakatlariga adolatli, xolis va mas'uliyat bilan qaraydi", - deb yozadi Lyu "Amerika Ovozi" elektron pochtasiga yuborgan javobida.

O'tgan hafta 27 davlat kengashga bayonot berib, Pekinni ushbu masala bo'yicha qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

BMTning Shinjon yuzasidan hisoboti

Mishel Bachelet BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari sifatidagi vakolat muddati tugashidan sal oldin, Shinjonda Xitoy hukumati yo’l qo’ygan turli jinoyatlar, jumladan, musulmon guruhlar, uyg‘urlarning kasb-hunar ta’limi markazlari deb ataluvchi lagerlarda o’z ixtiyorlariga zid ravishda hibsda ushlab turilishi, majburiy sterilizatsiya, diniy repressiya, oilalarning ajratilishi kabi bir qator inson huquqlari buzilishlari aks etgan hisobot chiqardi.

Undagi tavsiyalar Xitoy hukumatidan Shinjonda oʻzboshimchalik bilan hibsga olingan shaxslarni ozod qilishni va Shinjon mintaqasida “milliy xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash va ozchiliklar huquqlarini tartibga soluvchi qonunchilik bazasini toʻliq koʻrib chiqish”ni o’z ichiga oladi.

Tergov komissiyasi

Hisobot ortidan xalqaro huquq tashkilotlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga murojaat qilib, xalqaro hamjamiyatdan Xitoyga qarshi chora ko’rishga chaqirdi.

O'tgan hafta Nyu-Yorkda bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasi yig’ini arafasida ba'zi huquq guruhlari va diplomatlar yig'ilib, Xitoy tomonidan inson huquqlari buzilishi haqidagi da'volarni qo'shimcha ravishda ko'rib chiqadigan maxsus BMT tergov komissiyasini tuzishni taklif qilishdi.

Xitoyning qayta tarbiyalash lagerlaridan omon chiqqanlar o'tgan hafta Oq uy oldida ochlik e'lon qilib, Pekinni Shinjonda “COVID-19” pandemiyasiga qarshi joriy etgan shafqatsiz cheklovlar orqali uyg'urlar va boshqa ozchilik xalqlarni "davomli majburiy ochlik"ka mahkum qilganlikda aybladi.

Ikki amerikalik qonunchi, respublikachi kongressmen Kris Smit va demokrat kongressmen Tom Suozzi juma kuni AQSh hukumatini Shinjondagi huquqlar buzilishini tekshirish uchun BMT komissiyasini tashkil etishni nazarda tutuvchi rezolyutsiyaga homiylik qilishga chaqiruvchi qonun loyihasini taqdim etdi.

"Zudlik bilan qilingan birinchi aniq qadam rezolyutsiyani taqdim etishdir. BMTda buni amalga oshirish uchun bizda bir necha kun bor", - dedi Smit "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Shanba kuni oʻnlab uygʻurlar Nyu-Yorkdagi BMT binosi oldida namoyish oʻtkazib, Shinjondagi huquqbuzarliklarni tergov qilishni talab qildi.

BMT Inson huquqlari kengashining 51-sessiyasi 12-sentabrda boshlandi va 7-oktabrgacha davom etadi.

Kengash kelgusi hafta Xitoyda inson huquqlari buzilishini qoralovchi rezolyutsiya loyihasini ovozga qo'yishi kutilmoqda. Kengashda birinchi marta Xitoyga alohida e’tibor qaratilgan loyiha ovozga qo’yilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG