Bir qator davlatlar, xususan, AQSh hukumati Xitoyning uygʻurlarga nisbatan munosabatini genotsid va insoniyatga qarshi jinoyat deb atagan, biroq hech bir davlatda Xitoyning uygʻurlar huquqlarini poymol etayotgani haqidagi dalillar sudda rasman ko’rib chiqilmagan. Xitoy rasmiylari genotsid haqidagi ayblovlarni AQSh boshchiligidagi Xitoyga qarshi kuchlar tomonidan uydirilgan “yolg‘on” deb ataydi.
Endi vaziyat o’zgarishi mumkin. Myunxenda joylashgan Jahon uyg'urlari kongressi va Vashingtondagi Uyg'ur Inson huquqlari loyihasi 16-avgust kuni Argentinaning Buenos-Ayres federal jinoiy sudiga Xitoy rasmiylarini genotsidda, uyg'urlar va boshqa turkiy musulmon etnik guruhlar ustidan insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etishda ayblovchi ish ochishni so’rab murojaat qildi.
Da’vogar tashkilotlar vakili bo'lgan huquqshunos Maykl Polakning so'zlariga ko'ra, uyg'urlarga oid ish Argentina konstitutsiyasida mavjud bo'lgan universal yurisdiksiya tamoyili asosida ko’rib chiqiladi.
O'xshash holatlar
Polakning ta'kidlashicha, ayni paytda Argentinada rohinjalarga qarshi sodir etilgan jinoyatlar, shuningdek, Franko davrida Ispaniyada yuz bergan jinoyatlar bo’yicha ishlar ochilgan.
Ba'zi G'arb hukumatlari va inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, Xitoy bir milliondan ortiq uyg'ur va boshqa turkiy musulmonlarni o’z ixtiyoriga zid ravishda Shinjondagi qayta tarbiyalash lagerlariga tashlagan va ularni majburiy mehnatga jalb etgan.
2020-yilda Magnitskiy qonuni asosida Qo‘shma Shtatlar Shinjondagi “etnik ozchiliklarga nisbatan jiddiy huquqbuzarliklar” sodir etilgani munosabati bilan bir qator Xitoy tuzilmalari va amaldorlariga, jumladan, Xitoy Kommunistik partiyasining Shinjondagi sobiq kotibi Chen Quanguoga sanksiyalar e’lon qildi.
Xitoy avvaliga qayta tarbiyalash lagerlari mavjudligini rad etdi va keyinchalik bu muassasalar terrorizm, diniy ekstremizm va separatizmdan jabrlangan odamlarga xitoy tili va qonunchiligini o‘rgatish uchun kasb-hunar maktablari sifatida ochilganini aytdi.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Liu Pengyuga ko’ra, so‘nggi 60 yildan ortiq vaqt mobaynida Shinjondagi uyg‘urlar soni 2,2 milliondan 12 millionga ko‘paygan.
“Shinjondagi “genotsid” ayblovi asrning ochiq yolgʻonidir, - dedi Liu “Amerika Ovozi”ga elektron pochta orqali. - Qanday hiyla ishlatilmasin, ming marta takrorlangan yolg'on hali ham yolg'ondir."
Jahon uyg‘urlari kongressining dastur va targ‘ibot bo‘yicha menejeri Zumretay Arkinning so‘zlariga ko‘ra, sud ishi bo’yicha arizada guvohlar, jabrlanuvchilar va ekspertlarning bayonotlari taqdim etilgan.
“Agar sudya ishni ochishga qaror qilsa, tergov boshlanadi va uyg'ur xalqiga qarshi xalqaro genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va qiynoqlar sodir etilayotganini ko'rsatadigan qo'shimcha dalillar taqdim etiladi”, - dedi Arkin “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
"Tarixiy" imkoniyat
Arkinning so'zlariga ko'ra, bunday dalillar asosida sudya ayblanuvchilarga ayblov e'lon qilishi, hibsga olish uchun order berishi va ishni sudga yuborishi mumkin.
"Agar insoniyatga qarshi jinoyatlar va uyg'urlarga qarshi genotsid uchun mas'ul shaxslarga nisbatan ish ochiladigan bo'lsa, sudya qasamyod keltirish uchun guvohlarni sudga chaqirishi mumkin", - dedi Arkin.
"Bu uyg'ur xalqi uchun tarixiy imkoniyat bo'ladi va ularga qarshi qilingan vahshiylik dalillari sudga birinchi marta taqdim etiladi. Shuning uchun shikoyatni topshirish bu tarixiy yo’ldagi birinchi qadamdir", - dedi u.
Uyg'ur Inson huquqlari loyihasining yuqori darajali xodimi Piter Irvinning aytishicha, Argentina Xitoydagi uyg'urlarga nisbatan sodir etilgan jinoyat bo’yicha xalqaro jinoiy ish ochishni so’rab murojaat qilingan dunyodagi birinchi mamlakatdir.
"Bir qator hukumatlar uyg'urlarga nisbatan munosabatni allaqachon uyg'urlarga qarshi genotsid deb atagan bo'lsa-da, hech qachon ish bu darajada huquqiy jihatdan ko’rilmagan edi", - dedi Irvin “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
O‘tgan yili dekabr oyida o‘nlab guvohlar ishtirokidagi tinglovlardan so‘ng, xalqaro jinoiy huquq bo‘yicha ekspert Jefri Nits boshchiligidagi mustaqil sud - Uyg‘ur tribunali Xitoy tug‘ilishni nazorat qilish va sterilizatsiya choralari orqali uyg‘urlarga qarshi genotsid sodir etganini aniqlagan edi. Bundan tashqari, tribunal Xitoyda insoniyatga qarshi jinoyatlar, qiynoqlar va jinsiy zo'ravonlik dalillari topilganini ma’lum qildi.
Facebook Forum