Breaking News

Hisobot: Xitoyda uyg'urlar majburiy mehnati kengaymoqda


Uyg'urlar majburiy mehnatiga qarshi o'tkazilgan namoyish, 2022-yil, 4-mart, Vashington, AQSh
Uyg'urlar majburiy mehnatiga qarshi o'tkazilgan namoyish, 2022-yil, 4-mart, Vashington, AQSh

Xitoydagi uyg'urlar majburiy mehnatiga oid e’lon qilingan yangi hisobotga ko’ra, Pekinning Shinjondagi asosan musulmon ozchilik guruhga qaratilgan majburiy mehnat kampaniyasi yanada kuchayayotgan bo’lishi mumkin.

"Omma uchun ochiq bo'lgan aniq dalillarning kamayishiga qaramay, yangi ma’lumotlar majburiy mehnatning ko'lami va hajmi oshib, u endi yuqori malakali xodimlar ishlovchi sohalarni ham o’z ichiga olayotganini ko’rsatmoqda", - deyiladi Vashingtonda joylashgan Jeymstaun jamg'armasi veb-saytida shu hafta e'lon qilingan hisobotda.

Hisobot "yuqori ko'nikmalarni talab qiladigan sohalar kelajakda majburiy mehnat xavfi ostida qolishi" mumkinligi haqida ogohlantiradi.

Unga ko'ra, Xitoyning 2021-yilda boshlangan joriy besh yillik rejasi asosida amalga oshirilayotgan "ishsizlik va qashshoqlikning oldini olish" siyosati va kuchli nazorat tufayli uyg’urlarning o’z ishini tark etishiga to'sqinliklar yanada oshgan.

Hisobotda aytilishicha, oʻtgan yildan beri Shinjonda yuz minglab xitoylik amaldorlar qishloqlarda yashovchi uygʻurlarining ish bilan bandligi va daromadini kuzatib borishga jalb qilingan.

Yana qayd etilishicha, Pekin 2016-2020-yillarga mo’ljallangan reja muvaffaqiyatli bajarilganini da’vo qilib, erishilgan yutuqlarni yangi besh yillik rejada yanada mustahkamlashni maqsad qilgan. Aslida esa hukumat mintaqada majburiy mehnat kampaniyasini kuchaytirishni rejalamoqda, deyiladi hujjatda.

Vashingtonda Xitoy tadqiqotlari boʻyicha katta ilmiy xodim va hisobot muallifi Adrian Zenz soʻzlariga koʻra, Xitoy hukumatining etnik ozchiliklarni, jumladan, uygʻurlarni koʻp mehnat talab qiladigan ishlab chiqarishga majburlashi 2016-yilda “Mehnat transferi orqali qashshoqlikni yo’qotish” kampaniyasi doirasida boshlangan.

Hisobotda aytilishicha, 2016-2020-yillarda Shinjondan mamlakatning boshqa hududlariga ishlash uchun majburiy olib ketilganlar ikki turga bo’linadi: Ta'lim va tarbiya markazlari deb atalgan lagerlardagi mahbuslar va "qishloq ishchilari" deb nom olgan boshqalar.

"Yuz minglab mahbuslarning majburiy ishga joylashtirilishi ko'p mehnat talab qiladigan ishlab chiqarish tarmoqlarida, ayniqsa, to'qimachilik va tikuvchilikda hanuz muhim o’ringa ega, - deyiladi hisobotda. - Davlat tomonidan belgilangan ishni rad etgan qishloq ishchilari qayta tarbiyalash lagerlariga jo’natilish xavfi ostida yashaydi".

Xitoy Shinjonda majburiy mehnat mavjudligi haqidagi ayblovlarni rad etib keladi. “Sinxua” davlat axborot agentligi o‘tgan yili Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyati rasmiysi Syu Guysyanga iqtibos keltirgan holda, aholida “ish bilan ta’minlanishda erkinlik borligi, hukumat qilayotgan ish esa bandlik siyosatini yaxshilash va yaxshi ish muhitini ta’minlash” ekanini da’vo qilgan edi.

O'tgan yili Sinxua shinjonlik olimlarning 70 nafar mehnat muhojirlaridan olgan intervyu natijalari haqida xabar bergan edi. Unda shinjonlik ishchilar uydan uzoqda ishlashni tanlaganliklarini aytib, ba'zilari bayram va dam olish kunlarida diqqatga sazovor joylarni ko'rish imkoniyatiga ega bo'lishlarini ta’kidlagan. Hisobotda Avstraliya Strategik Siyosat Institutining (ASPI) uyg‘urlar majburiy mehnati haqidagi hisoboti “yolg‘on” deb ta’riflangan. ASPI hisobotida aytilishicha, ishchilar "doimiy nazorat ostida" va "harakat erkinligi cheklangan".

Uyg'urlarning majburiy mehnatiga oid AQSh qonuni

Uyg'urlarning majburiy mehnati AQSh va Xitoy o'rtasidagi ziddiyatlarning muhim bir qismi hisoblanadi. 6-iyun kuni AQShning har ikki partiyasiga mansub to‘rt nafar qonunchi Prezident Jo Baydenga maktub yo’llab, ma’muriyatni o‘tgan dekabr oyida imzolangan “Uyg‘urlar majburiy mehnatining oldini olish to‘g‘risida”gi qonunni to‘liq amalga oshirishga chaqirdi.

Qonun Shinjonda majburiy mehnat asosida yaratilgan mahsulotlarni AQShga olib kirishni taqiqlaydi va 21-iyundan boshlab kuchga kiradi.

Xitoy lageridan omon chiqqan uyg'urlar hikoyasi (1-qism)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:35 0:00

Qo'shma Shtatlar boshqa ba'zi G'arb hukumatlari va huquq tashkilotlari qatori Pekinni Shinjon hududida uyg'urlar, qozoqlar va boshqa musulmon ozchiliklarga qarshi genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ayblaydi. Xitoy esa bu ayblovlarni rad etadi. Ayblovlar orasida majburiy mehnat, sterilizatsiya, bir milliondan ortiq odamni majburiy lagerlarda saqlash, til, din va madaniyatni yo'q qilish kabi jinoyatlar bor.

"Qonun mualliflari sifatida bizning umidimiz shuki, ma'muriyat qonunni to'liq ijroga kiritish orqali AQShning zamonaviy qullik muammosini yechishda global yetakchi ekanini namoyish etadi va hech kimning bu jinoyatlardan foyda olishiga yo'l qo'ymaslik hamda amerikalik iste'molchilarni majburiy mehnatdan tayyorlangan mahsulotlardan himoya qilish bo’yicha Kongress maqsadi ro’yobga chiqishini ta’minlaydi”, deyiladi maktubda.

2-iyun kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Chjao Litszyan “Biz AQShning Shinjondagi “majburiy mehnat” haqidagi yolgʻonlarini koʻp marta qoralaganmiz”, dedi.

“Biz AQShni ushbu hujjatni qoʻllashdan tiyilishga, Shinjon bilan bogʻliq masalalarda Xitoyning ichki ishlariga aralashishni toʻxtatishga chaqiramiz”, - dedi Xitoy rasmiysi.

Chjao, xususan, Pekindagi matbuotga bergan intervyusida “AQShni ushbu hujjatni qo‘llashdan tiyilishga, Xitoyning ichki ishlariga aralashish va Xitoy taraqqiyotini to‘xtatish uchun Shinjon bilan bog‘liq muammolardan foydalanishni to‘xtatishga chaqiramiz” dedi.

"Agar AQSh bunga intilayotgan bo'lsa, Xitoy o'z manfaatlari va qadr-qimmatini qat'iy himoya qilish uchun kuchli choralarni ko'radi", - deya qo’shimcha qildi u.

AQShning bojxona va chegarani himoya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalarida aytilishicha, uyg‘urlar majburiy mehnati to‘g‘risidagi qonunda Shinjondan olib kelingan barcha mahsulotlarni majburiy mehnat bilan ishlab chiqarilgan deb hisoblash qayd etilgan. Agar kompaniyalar mahsulotning majburiy mehnat natijasi emasligi haqida “aniq va ishonchli dalillar” keltira olmasa, ularning AQShga kirishi taqiqlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG