Breaking News

Xorijdagi uyg'urlar doimiy tahlika ichida


1997-yildan beri yo'lga qo'yilgan tizim orqali Xitoy uyg'urlarni ovlaydi. 2022-yilning boshidan beri kamida 1574 holat qayd etilgan. Majburan qaytarilgan uyg'urlar qamaladi va qiynoqqa solinadi.
1997-yildan beri yo'lga qo'yilgan tizim orqali Xitoy uyg'urlarni ovlaydi. 2022-yilning boshidan beri kamida 1574 holat qayd etilgan. Majburan qaytarilgan uyg'urlar qamaladi va qiynoqqa solinadi.

Amannisa Abdulla ikki farzandini otasiz katta qilmoqda. 34 yoshli ona 9 va 4 yoshli bolalariga oila tarixi haqida gapirib beradi. U esa juda murakkab.

Turmush o'rtog'i Ahmad Tolib to'rt yil oldin Birlashga Arab Amirliklaridan Xitoyga deportatsiya qilingan.

“Telefon qilishdi, "Interpol" menga bu haqda xabar qildi", - deydi Amannisa.

Erini u mutlaq aybsiz deb biladi. Xitoy hukumati shu tariqa minglab uyg'urlarni vatanga qaytarib, chiqib ketgani va uni tanqid qilgani uchun jazolaydi.

“Pekin kamida 44 davlatni o'z ichiga olgan qarmoqqa ega", - deya yozadi Bredli Jardin, Vashingtonda e'lon qilingan tahlilnomada.

Unga ko'ra, 1997-yildan beri yo'lga qo'yilgan tizim orqali Xitoy uyg'urlarni ovlaydi. 2022-yilning boshidan beri kamida 1574 holat qayd etilgan. Majburan qaytarilgan uyg'urlar qamaladi va qiynoqqa solinadi.

Ahmad Tolibning pasporti (Amannisa Abdulla)
Ahmad Tolibning pasporti (Amannisa Abdulla)

Uidro Uison markazi chiqargan bu hisobotda 5532 holat qayd etilgan. Ularda uyg'urlar nafaqat deportatsiya qilinishi, balki panoh topgan mamlakatlarda tahdidlarga uchrashi, zimdan kuzatilishi va bosimga uchrashi aytiladi. Bunda raqamli texnologiyadan keng foydalaniladi.

Jardin deydiki, qonun ustuvor bo'lmagan, sud tizimi mustaqil ishlamaydigan va huquq sistematik buziladigan mamlakatlarda Xitoyga bunday qilish bag'oyat oson.

“Xitoy ekstradtisya kelishuvlari imzolaydi. Bunday qilmasa ham Xitoy bilan hamkor hukumatlar o'z hududida yashayotgan uyg'urlardan xato izlab, ularni immigratsiya tartibini buzganlikda ayblab, turli bahonalar topib, haydaydi", - deya tushuntiradi Jardin.

Ekspert deydiki, bu hollar odatda xalqaro media e'tiboriga tushmaydi. Xitoyning AQShdagi elchixonasi hisobotni ko'zdan kechirmaganini bildirib, Shinjondagi vaziyat va uyg'urlar masalasi ichki ishlardir, deya ta'kidagan.

Elchixona vakili Liu Pengyu deydiki, suverenitet, xavfsizlik va taraqqiyot - birinchi o'rinda.

“Aql markazlari va ekspertlarni mish-mishlar tarqatmaslikka, bizga qarshi targ'ibot olib bormaslikka chaqiramiz", - deydi Liu "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Londonda ish yuritadigan Uyg'ur tribunali o'tgan yili Xitoy rahbariyatini bu xalqqa nisbatan jinoyatlarda aybdor deb e'lon qilgan edi. Uyg'ur tribunali mustaqil, norasmiy xalq sudi hisoblanadi. Uning nazarida Xitoy qonxo'r, shafqatsiz va noinsoniy hukumatdir.

Jahon uyg'urlari kongressi rahbari Dolkun Isa uzoq yillar "Interpol" ro'yxatida edi. Hozirda chiqarilgan, chunki Uyg'ur tribunali bu masalani muhokama qilgan.

“Xioty hukumati meni tamg'alagani uchun Janubiy Koreya, Italiya, Turkiya, AQSh va Shveytsariyada meni hibsga olib so'roq qilishgan", - deydi Dolkun Isa.

Amannisa Abdulla deydiki, uning eri Birlashgan Arab Amirliklarida politsiya boshqarmasiga borib, barcha zarur hujjatlarni topshirgan, hatto uni tibbiy ko'rikdan o'tkazishgan. Keyin esa, deydi ayol, bu ma'lumotlar deportatsiya uchun qo'llangan. Xitoyga jo'natishayotganda Ahmad Tolibga nimaiki muammo bo'lsa, u yerda hal qilishi kerakligini uqtirishgan.

"Interpol" Fransiyada asoslangan xalqaro tashkilot
"Interpol" Fransiyada asoslangan xalqaro tashkilot

"Interpol" agentligining Fransiyaning Lion shahridagi bosh kotibiyati "Amerika Ovozi" bilan muloqotda har bir davlatdagi idorasi a'zo hukumatlar bilan bemalol aloqa qila oladi, qarorgoh unga aralashmaydi.

Lekin "Interpol" idoralari aksariyat hollarda mezbon davlatlarning ichki ishlar vazirliklari nazoratida. "Amerika Ovozi" Birlashgan Arab Amirliklaridagi ofis bilan gaplasha olmadi. Murojaatlarga javob berilmadi.

"Interpol"ga ko'ra, shaxslarni ro'yxatga kiritish izchil tekshiruv va aniq dalillarga asoslanadi, ya'ni odamning jinoiy guruhlar yoki man etilgan tashkilotlarga aloqador ekani borasida yetarlicha isbot talab qilinadi. Xulosani maxsus hay'at ko'rib chiqadi.

Amannisa hozirda Turkiyada qochqin maqomiga ega. Ammo ayol kelajakdan xavotirda. Uning aytishicha, hatto Turkiyada ham Xitoy zulmi seziladi. Har safar Pekinni qoralab chiqqanida, u va farzandlariga do'q-po'pisa bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG