Bu yil Nobelning iqtisodiyot bo'yicha sovrindorlari Amerikaning uch olimi bo'lib, ular banklar va moliyaviy zaifliklarni tadqiq qilganligi uchun taqdirlanmoqda.
Ular - AQSh markaziy bankining sobiq raisi Ben Bernanke, Chikago universitetidan Daglas Daymond va Vashington universitetidan Filip Dibvig.
Stokgolmda Shvetsiya Fanlar akademiyasi e'lonida qayd etilishicha, laureatlar "banklarning roli xususidagi izchil izlanishlari, xususan moliyaviy inqirozlarda ularning qadamlari borasidagi tahlili bilan dunyo ahliga bebaho bilim va tushuncha taqdim etgan".
Nobelning iqtisodiy yo'nalishida bosh hakam Tore Ellingsen deydiki, bu mutaxassislar insoniyatga moliyaviy inqirozlardan saqlanish va ulardan chiqish yo'llarini ochib bergan.
Bernanke, Daymond va Dibvigning ilmiy faoliyati 1980-yillarga borib taqaladi va Nobel ularning shu paytgacha qo'shgan hissasi uchun berilmoqda.
Moliya bozorlarni o'rgangan Daymond va Dibvig iqtisodiy muammolarga yechimni kuchli banklarda ko'radi. Ularning sog'lom ishlashi, bu olimlarga ko'ra, har qanday tizimni mustahkamlaydi.
Daymond yozgan ilmiy maqolalarda banklarning ijtimoiy ahamiyatiga ham urg'u berilib, pulni saqlagan va qarz olgan tomonlar orasidagi bog'liqlik yoritiladi. Kredit aslida jamiyat uchun sarmoya, degan argument ham olg'a suriladi, chunki pirovardida bu qarz inson manfaatlari uchun xizmat qilishi kerak.
Ben Bernanke 1930-yillardagi global inqiroz sabablarini tahlil qilib, banklarning salbiy va ijobiy rollarini xatlagan.
Bernanke yozadiki, banklarda nafaqat pul, balki cheksiz informatsiya saqlanadi. Ularning qulashi shu bois ham jamiyatga cheksiz zarar keltiradi.
Nobel sovrindorlari birgalikda 900 ming dollar oladi.
Iqtisodiyot uchun mukofot 1969-yildan beri beriladi va uning homiysi Shvetsiya markaziy bankidir.
Facebook Forum