Breaking News

Nyu-Jersi musulmonlari islomofobiyaga qarshi qonun qabul qilinishini istamoqda


Islomofobiyaga qarshi kurashayotgan amerikalik musulmonlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:35 0:00

11-sentabr voqealaridan so‘ng amerikalik musulmonlarning ovozi sifatida maydonga chiqqan Amerika Islomiy Aloqalar Kengashi har yili turli shtatlarda musulmonlarni himoya qilish kunini o’tkazmoqda. Shu kuni musulmonlar shtat rasmiylari va qonunchilar bilan uchrashib, diniy erkinlikni himoya qilish bo’yicha mavjud muammolarni va ularga yechim topish yo’llarini o’zaro muhokama qiladi.

Nyu-Jersi - Amerikada eng ko'p musulmonlar yashaydigan shtat. Shtat musulmonlari yaqinda diniy erkinlik va ozchilik diniy guruhlarni himoya qilishga qaratilgan yangi qonunni ishlab chiqishda yordam soʻrab mahalliy qonunchilarga murojaat qildi.

Faollarga ko’ra, qonun orqali islomofobiyaga aniq ta'rif berish va bu jinoyatga qo’l urganlarga nisbatan jazoni kuchaytirish payti keldi. Shuningdek, deydi ular, shtat bo’ylab yahudiy, sikx va ispanzabon amerikaliklar madaniyatini tushuntirishga qaratilgan tadbirlar musulmonlar uchun ham o’tkazilishi kerak.

“Nyu-Jersidagi qonun chiqaruvchilarimiz musulmonlarning mahalliy, maktab kengashi, okrug va shtat darajasida jamiyatga qo’shayotgan hissasidan yaxshi xabardor. Ular buning ahamiyatini tushunadi. Musulmonlar jamoasi borgan sari faollashmoqda; ayniqsa, 11-sentabr voqealaridan keyin, Trampdan keyin”, - deydi Shimoliy Amerika islom kengashi vakili Atif Nazir.

Musulmonlar Amerika iqtisodiyotining barcha jabhalarida, xususan, ko’plab davlat lavozimlarida ham faoliyat yuritmoqda. Nyu-Jersida musulmonlar nafaqat maktab, kengash va okrug darajasida, balki shtat qonunchilik organida ham faollashgan. O'tgan yili birinchi marta ikki musulmon ayol shu organga saylandi.

Ammo jamiyat yuzlashayotgan muammolar ham oz emas. Boshqa muhojir jamoalar singari, ko'plab musulmonlar o'zlarining xos madaniyatini, xulq-atvorini va ehtimol farzandlarining islomiy tarbiyasini saqlab qolish uchun o'z jamoalari bilangina chegaralanib qolgan. Bu ularning boshqalar bilan muloqot o’rnatishini qiyinlashtiradi. Musulmonlar islomni boshqalarga to'g'ri tushuntira olishi uchun keng jamoatchilik bilan aloqani kuchaytirish kerak, deydi faollar.

“Ayniqsa, ro’mol o’ragan musulmon ayollarning ko'pchiligi shu paytgacha o'z jamoalaridan tashqariga chiqmagan. Ular bizning kimligimizni ifodalash uchun tashqariga chiqib, boshqa jamoalar bilan muloqot qilishi kerak. Bu qo'rquvni kamaytiradi va boshqalarga biz ham, avvalo, inson ekanligimizni va ko'plab umumiy qadriyatlarga ega ekanligimizni bilish imkonini beradi”, - deydi doktor Xulod Ziyoda.

Amerikada jamoat joylarida hijob oʻragan ayollarni koʻrish odatiy hol boʻlsa-da, baʼzan ro’mol o’ragani yoki musulmon bo’lgani uchungina kamsitishga uchragan ayollar ham yo’q emas.

Vasifa Najib uzoq yillardan beri Nyu-Jersida yashaydi. O‘tmishda bir necha bor hijob kiyishni boshlaganidan keyin qo‘rquv tufayli undan voz kechganini aytadi.

“Agar tashqariga chiqsangiz, o'zingizni “keraksizdek” his qilasiz. Siz kiygan matoga qarab baho berishadi. Zotan, siz ham bir xil odamsiz. Sizda ham his-tuyg'ular bor. Sizni ham boshqa odamlar kabi qabul qilishlarini, ardoqlashlarini xohlaysiz", - deydi u.

Vasifaning aytishicha, u yaqinda hijob kiyishni yana boshlaganidan so’ng uning uyi oldiga kamida uch marta nafratga asoslangan yozuvlarni tashlab ketishgan.

Vasifa yolg'iz emas. Bu yerdagi odamlar bilan gaplashar ekanmiz, islomofobiyaning nishoniga ko‘proq hijob kiygan ayollar duch kelayotgani ma’lum bo’ladi.

“Onam hijobli, diniy sabablarga koʻra soch va yuzini yashirib yurgani uchun baʼzan unga toʻgʻri munosabatda boʻlishmaydi”, - deydi Yusuf Ahmad ismli talaba.

"Men onam bilan birga yurganimda unga yomon qarashganini, ro’moli haqida har-xil gaplarni aytishganini bilaman”, - deydi Muhammad Elad ismli yana bir talaba.

Bu yerga yig’ilgan musulmon fuqarolarga ko‘ra, islomofobiya qonun yo’li bilan taqiqlangach, so‘z erkinligi vaji bilan musulmonlarni masxara qilgan yoki kamsitganlar javobgarlikka tortiladi.

Uch yildan Nyu-Jersi musulmonlari shunday qonunni qabul qilish uchun kurashmoqda. Hozirgacha bu loyiha rasmiy qonun tusiga kirmagan bo'lsa-da, uzluksiz ijtimoiy va siyosiy muloqot va kurash davom etmoqda.

Ana shunday targ‘ibot ishlari natijasida qonun loyihasini qo’llab-quvvatlayotgan qonunchilar soni oshmoqda.

“Bu qonunni qo’llab-quvvatlashdan bag’oyat xursand bo’laman”, - deydi mahalliy qonunchi Don Gardian.

“Men yahudiyman, shuning uchun bu qonunning ahamiyatini yaxshi tushunaman. Chunki musulmonlar va yahudiylarga qarshi jinoyatlar soni o’smoqda. Men bu qonunni qo‘llab-quvvatlayman”, - deydi qonunchilik organining yana bir vakili Bes Soyer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG