Kongressda kelasi ikki yil mobaynida kim hukmronlik qilishidan qat'i nazar, deydi yetakchi qonunchilar, Ukrainaga yordam to'xtamaydi. Rossiya bostirib kirganiga bir yil bo'layapti. Vashington-Kiyev hamkorligi mustahkam.
Demokrat senator Mark Vorrner, Senatda Razvedka qo'mitasi raisi, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, partiyalar Ukraina yuzasidan umuman olganda hamfikr va uning uchun birdek qayg'uradi.
Saylov natijalari Vakillar Palatasi respublikachilar qo'liga o'tishidan darak bermoqda. Senatda esa bunday aniqlik yo'q. Vornerning ona shtati Virjiniyadan bugun Ukrainaga katta miqdorda tibbiy ko'mak ketgan.
Demokrat senator Kris Kuns va respublikachi senator Rob Portman yaqinda birga Ukrainani aylanib keldi. Kiyevga aytishganki, Vashington yordami partiya tanlamaydi.
Vakillar - respublikachi Adam Kinzinger va Viktoriya Spartz, demokrat Endi Levin va Deyvid Prays ham "Amerika Ovozi" bilan suhbatlarda bu borada qayd etgan.
Prezident Jo Bayden urush boshlanganidan beri Kiyevga 20 milliard dollarga yaqin miqdorga teng qurol-aslaha va gumanitar yordam jo'natgan. Kongress bunga qarshilik qilmagan.
Vakillar palatasida spikerlikka shaylanayotgan Kevin Makkarti Amerika matbuoti bilan muloqotlarda Ukrainaga madad qayta ko'rib chiqiladi, deya bot-bot ta'kidlamoqda.
Respublikachilar partiyasida Baydenni Ukrainaga "shartsiz" quvvatlayotganlikda ayblaydiganlar ko'p.
“Men Ukraina tarafidaman albatta, lekin yordam berish va olishning o'z mas'uliyati bor. Mablag'ni ayab ishlatishimiz kerak va bu masala Kongressda ochiq muhokamada bo'lishi lozim”, - deydi Makkarti.
Hozirgacha berilgan yordamning katta qismi Kongressda faqat qo'mitalarda ko'rib chiqilgan. Kiyevdan tahlilchi Mikola Davidyuk deydiki, Ukraina ogoh turishi kerak.
“Biz bu partiyalarni tanlay olmaymiz. Quvvatlovga ishonamiz. Biz nafaqat do'stmiz, balki mushtarak qadriyatlarga ega hamkorlarmiz. Demokratiya tarafdorimiz. Avtokratiya va diktaturaga qarshimiz", - deydi Davidyuk.
Ekspert Volodimir Fesenko respublikachilarga shubha bilan qaraydi.
“Respublikachilar Ukraina borasida Oq uyni savolga tutib, byudjetni ro'kach qila boshlashi mumkin. Ular allaqachon aytishganki, yordam berish jarayoni tahlil qilinadi. Bu degani to'siqlar qo'yilishi mumkin", - deydi Fesenko.
Rossiya senatori Aleksey Pushkov nazarida Kongressda har ikki partiya "Ukrainani moylayveradi".
"Biroq respublikachilar Bayden ma'muriyatiga Kiyevga moliyaviy yordam uzatishni qiyinlashtirishga bel bog'lagan", - deya xulosa qiladi u.