Breaking News

Siyosatshunos: Turkiy davlatlar hali harbiy ittifoqqa tayyor emas


Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) yetakchilari Samarqandda ilk sammitini o’tkazmoqda. O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammitga kelgan rasmiylarning ayrimlari bilan ikki tomonlama muzokaralar ham o’tkazdi.

Samarqanddagi sammitning asosiy voqeasi sifatida Turkmanistonning tashkilotga qo’shilishi kutilayotgan edi, ammo hozircha bu ma’lumot tasdiqlanmadi.

Qolaversa, Turkmaniston bu sammitda mamlakat prezidenti emas, Xalq maslahati kengashi raisi Qurbonguli Berdimuhammedov darajasida ishtirok etyapti.

Samarqanddagi sammitda tashkilot Turkmaniston hisobiga kengayishi avvalroq Turkiya tashqi ishlar vaziri tomonidan bildirilgan edi.

Turkmanistoning tashkilotga to’laqonli a’zo bo’lishi yoki bo’lmasligi geosiyosiy taranglik davrida o’tayotgan bu sammit ahamiyatini susaytirmaydi, deydi kuzatuvchilar.

TDT geosiyosiy vaziyatda burilishlar qilayotgan Rossiya-Ukraina urushiga nisbatan muvofiqlashgan pozitsiyada emas; aksariyat a’zolar betaraf. Rossiya agressiyasini rasman qoralagan Turkiya ham Moskva bilan yaqin aloqalarni saqlab kelmoqda.

TDTda kuzatuvchi davlat maqomidagi Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban aynan Ukraina borasidagi pozitsiyasi, Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirishga doir tashabbuslari uchun Yevropada doimiy tanqid ostida.

Samarqanddagi sammit kun tartibida Rossiya-Ukraina urushiga doir siyosiy vaziyat muhokama qilinishi haqida ma’lumot yo’q. Ammo bu anjumanda Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo’g’an, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etayotgani nazarda tutilsa, geosiyosiy vaziyat muhokamasi ehtimoldan soqit emas.

Sammit kun tartibi bo’yicha taqdim etilgan rasmiy ma’lumotda “iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport, innovatsiya, ekologiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, tashkilot faoliyatini takomillashtirish masalalari o‘rin olgan”i qayd qilingan.

Turkiy davlatlarning kengash doirasidan chiqib tashkilotga aylanishi qator ekspertlar tomonidan olqishlangan, tuzilma faoliyati keskin jonlanishiga umidlar bildirilgan edi.

Ozarbayjonlik ekspert: "Turon" armiyasini tuzish kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:06 0:00

Ammo siyosiy voqeyliklar bu umidlar oqlanmaganini ko’rsatdi. Markaziy Osiyoda, jumladan, Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekistonda kuzatilgan ziddiyatlar davrida Turkiy davlatlar tashkilot sifatida bundan chetda turdi.

“Amerika Ovozi” gaplashgan o’zbek yozuvchilari TDT aynan turk xalqlari, davlatlari hayotidagi ziddiyatlar, siyosiy-ijtimoiy silkinishlar paytida o’z qudratini namoyish etuvchi tashkilotga aylanishi zarurligiga diqqat qaratib kelishadi.

O’zbekistonlik yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon tashkilotdagi liderlarda siyosiy iroda shakllanmas ekan va tizimga turk birligi g’oyasi fidoyilari jalb qilinmass, TDT faoliyatidan samara bo’lmasligini ta’kidlab keladi.

Rossiya-Ukraina urushi ortidan faollarning, ayrim ekspertlarning ham TDTga nisbatan talablari kuchaygan. Liderlar siyosiy iroda ko’rsatishga chaqirilmoqda; geosiyosiy maydondagi tahdidlar turk davlatlaridan harbiy-siyosiy ittifoq tuzishni taqozo etayotgani ta’kidlanmoqda.

Siyosatshunos Farhod Tolipovga ko’ra, TDT liderlaridagi siyosiy iroda geosiyosiy vaziyatga ham bog’liq; Turk davlatlari o’z tashkilotini tuzgani hamkorlik doirasini kengaytirish qaroridan darak beradi.

“Tashkilot doirasida siyosiy hamkorlik davom etib kelyapti, bunga kengashdan tashkilot maqomiga o’tilgani ham misol, ya’ni faoliyat shunga muvofiq rivojlanadi, turkiy davlatlarning mintaqaviy siyosati shakllantiriladi. Agar harbiy masaladagi hamkorlikka to’xtalsak, bu masala murakkab. Lekin turkiy davlatlarning hozirgacha o’tgan anjumanlaridan kelib chiqsak, ular biror harbiy ittifoq, deylik, NATOga o’xshash tashkilot tuzish niyatida emas. Turkiy davlatlar o’rtasidagi harbiy, xavfsizlikka oid hamkorlik faqat ikki tomonlama munosabatlarni nazarda tutadi. Masalan, O’zbekiston va Qozog’iston o’rtasida shunday hamkorlik yo’lga qo‘yilgan, rivojlanyapti. Deylik, O’zbekiston va Turkiya o’rtasida ham shunday. Ammo TDT miqyosidagi biror harbiy blokka aylanish qarori hali shaklanmadi, liderlar hali bunga tayyor emas”, - deydi Farhod Tolipov.

TDT sammitining asosiy uchrashuvlari 11-noyabr kuni bo’lib o’tadi.

Turkiy davlatlar tashkiloti Turkiya, Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekistondan iborat. Turkmaniston va Vengriya tashkilotdagi kuzatuvchi davlatlar maqomida.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG