Breaking News

Sobiq razvedkachi odamlarning yuz-ko’zini tiklashda yordam bermoqda


Robert Berron bir paytlar AQSh Markaziy razvedka boshqarmasida maskirovka bo’yicha ekspert bo’lgan. Bugungi kasbi - silikon protezlar yaratish. Travma yoki jarohat tufayli tana a’zolari, yuz qismlaridan ayrilgan odamlar uchun.

Bemorlar orasida saratondan omon qolganlar, o’z joniga qasd qilmoqchi bo’lganlar, hatto qulog’ini yenot tishlab olgan qizaloq ham bor.

“Teri teshiklarini qilish uchun oddiy tishkavlagichdan foydalanaman, juda mayda ish”, - deydi Berron.

Maskirovka ustasi bugun protezlar yaratmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:03 0:00

Uning Virjiniya shtatidagi laboratoriyasiga butun dunyodan bemorlar keladi. Berron karyerasini 1960-yillarda AQSh dengiz floti jurnalida illyustrator sifatida boshlagan.

So’ngra AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining hujjatlarni va imzolarni soxtalashtirish bo’limida ishladi. Undan keyin esa uzoq yillar maxfiy agentlarni maskirovka qilish, silikon niqoblar yaratish bilan shug’ullandi.

1993-yilda boshqarmani tark etgach, ko’nikmalarini boshqa sohaga yo’naltirdi.

“Kimningdir shaxsini o’zgartira olsangiz, demak yuzi shikastlangan odamlarga ham yordam bera olasiz”, - deydi Berron.

Protezlash sohasida qariyb 30 yil ishlab, u minglab shunday odamlarga yordam bergan. Bemorlardan biri Veyn Giyerhart G’arbiy Virjiniyadan. Saraton kasalligi tufayli burnidan ayrilgan.

“Burun bo’shlig’ida o’simta paydo bo’ldi. Olib tashlamasa, yuqoriga qarab tarqalgan bo’lardi. Burunni olib tashlab, operatsiya qilishdi. Endi bu muammoni tuzatish kerak. Uyimga tabassum bilan qaytaman”, - deydi bemor.

Berronning asosiy vazifasi – iloji boricha realistik protez yaratish. Qolip olish – ishning muhim qismi. Protez rangi bemor terisining rangiga to’liq mos kelishi kerak.

Gollivud vizajisti Jon Chembers Berronga ustozlik qilgan. 1968-yilgi “Maymunlar sayyorasi” filmi ustida ishlagan Chembers Markaziy razvedka agentligi bilan hamkorlik qilgani ma’lum.

“Mening ishimda eng muhimi – realizm. Quloq, ko’z, burun yoki yuzni yaratayotganda ular haqiqiy ko’rinishga ega bo’lishi kerak”, - deydi anaplastolog.

Berronning eslashicha, Jon Chembers uni Gollivudga ishga ham taklif qilgan. Rad javobini berdim, deydi u, chunki Gollivud aktyorlari emas, haqiqiy bemorlar mening yordamimga muhtoj.

Shu tariqa, razvedka idorasida sayqallangan hunar oddiy odamlarga yordam berishda qo’l kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG