Qahraton qish kelishi bilan O'zbekiston bo'ylab vujudga kelgan energetika inqirozi, hukumatga ko'ra, rahbariyatning asosiy e'tiborida, bu masalalar bilan shug'ullanuvchi maxsus shtablar ishlamoqda, markazdan va mahalliy chora-tadbirlar ko'rilmoqda. Shunga qaramasdan Energetika vazirligining e'tirof etishicha, bugungi kunda kamida olti viloyatda 64 tuman va shahar "gaz quvurlarida bosimning meʼyordan pastligi sababli" uzilishlarni boshdan kechirmoqda.
Yakunlanayotgan haftada Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov "Bizlarni bu holatga olib kelganlar suvdan quruq chiqib ketmaydi. Ularning ba’zilari hozir ichimizda, yig‘ilishda o‘tiribdi", - deya ta'kidlagan.
O‘zbekiston Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev resurslar nega bu qadar taqchil ekani, jumladan yoz faslidan qolgan gazni qish uchun saqlab qo'yish tizimini tushuntirar ekan, jumladan shunday degan:
"O‘zbekistonda ikkita yer osti gaz saqlash inshootimiz bor. Biri — Buxoroning Gazli hududida, ikkinchisi Andijondagi Xo‘jabod tumani hududida joylashgan yerosti gaz ombori. Bu omborlar yoz oylarida to‘ldiriladi va qishda aholi ehtiyojlariga yo‘naltiriladi. Masalan, bugungi kunda respublika bo‘yicha sarflanayotgan gazning taxminan 20 foizi aynan mana shu omborlardan olinyapti".
O‘zbekiston xorijdan gaz importini kengaytirsa, ayni damdagi muammolar to‘liq yechiladimi?
"Agarda yetarli miqdordagi tabiiy gaz importi yo‘lga qo‘yilsa, issiqlik elektr stantsiyalari belgilangan reja asosida yetarli miqdorda elektr energiyasini ishlab chiqarib, iste’molchilar to‘liq ta’minlanadi. Aholi xonadonlaridagi gaz bosimi bilan bog‘liq muammolar ham yechiladi". - deya javob bergan Xodjayev.
Uning aytishicha, metan gaz quyish shoxobchalari ma’lum grafik asosida ishlashi kerak. "Sababi — sovuq kunlarda kechki payt ovqat pishirish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozim. Ammo sanoat kollektorlari orqali alohida quvur tortib kelgan shoxobchalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash mumkin", - deydi u yonilg'i ta'minotidagi uzilishlarga ishora qilar ekan.
O'zbekiston hukumati 36 millionga yaqinlashgan aholining energetikaga talabi mavjud resurslardan yuqori ekani, ayniqsa qishda bu qattiq sezilishini qayd etib keladi.
28-noyabr kuni Moskvada Qozog'iston rahbari Qosim-Jo'mart To'qayevni qabul qilgan Rossiya rahbari Vladimir Putin ikki davlat va O'zbekiston orasida "gaz ittifoqi" tuzishni taklif qilgan. Ostona bu borada o'ylanmoqda. Toshkent hozircha qiziqish bildirmagan.
O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya bilan gaz hamkorligi siyosiy shartlar emas, faqatgina tijoriy kelishuvga asosan bo'lishi mumkinligini aytgan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunga javoban, "hech kim gaz evaziga siyosiy shartlar qo‘yayotgani yo‘q", degan. "Gap faqatgina ishtirokchi mamlakatlar manfaatlarini ko‘zlagan holda tijoriy kelishuv haqida ketyapti. Bu boradagi ishlar davom etmoqda".
11-dekabr kuni Mirziyoyev ma'muriyati bildirishicha, "gaz va elektr muammosi bo‘yicha qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan ayrim rahbarlar qamoqqa olingan", xususan "Hududgazta'minot" va "Hududelektrta'minot" mutasaddilari. Bugun Umurzoqov rahbarligida yana bir yig'ilish o'tkazilgan, unda jumladan "qonunbuzarlik va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan soha rahbarlaridan ayrimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani" ma’lum qilingan.
Energetika vazirligi ayni damda quyidagi hududlar qiynalayotganini qayd etgan:
- Toshkent viloyatida Bo‘stonliq, Piskent, Ohangaron, Parkent, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota, Toshkent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, O‘rta-Chirchiq, Yuqori-Chirchiq, Chinoz tumanlari va Yangiyo‘l shahri;
- Farg‘ona viloyatida Buvayda, Oltiariq, Qo‘shtepa, Rishton, So‘x, Uchko‘prik, Farg‘ona, Furqat, Quva tumanlari va Marg‘ilon, Farg‘ona, Quvasoy, Qo‘qon shaharlari;
- Andijon viloyatida Andijon, Asaka, Baliqchi, Bo‘ston, Buloqboshi, Jalaquduq, Izboskan, Marhamat, Oltinko‘l, Paxtaobod, Ulug‘nor, Xo‘jaobod, Shahrixon, Qo‘rg‘ontepa tumanlari va Andijon, Xonobod, Qorasuv shaharlari;
- Namangan viloyatida Davlatobod tumani va Namangan shahri;
- Samarqand viloyatida Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Samarqand, Oqdaryo, Jomboy, Narpay, Nurobod, Payariq, Pastdarg‘om, Paxtachi, Toyloq, Urgut tumanlari va Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlari;
- Surxondaryo viloyatida Termiz shahri;
- Toshkent shahrida Mirzo-Ulug‘bek va Yashnabod tumanlari.
Facebook Forum