Breaking News

Rossiya-Qozog’iston-O’zbekiston ittifoqi tuziladimi?


Markaziy Osiyo rahbarlarining Qirg'izistondagi uchrashuvi, Cho'lpon-Ota, 20-iyul, 2022
Markaziy Osiyo rahbarlarining Qirg'izistondagi uchrashuvi, Cho'lpon-Ota, 20-iyul, 2022

Toshkent hozircha uch tomonlama ittifoq bo’yicha ma’lumotlarga rasman munosabat bildirmagan, ammo Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin bu hafta mehmon.

Rossiya, Qozog’iston va O’zbekiston ishtirokidagi ittifoq masalasi Toshkentdagi muzokaralarda davom etishi kutilmoqda.

Rossiya olg’a surayotgan uch tomonlama ittifoq tashabbusi, O’zbekiston va Qozog’iston ikki tomonlama ittifoqchilik bitimi imzolayotganiga doir ma’lumotlar ortidan yuzaga chiqmoqda.

Avvalroq Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligi O’zbekiston bilan ittifoqchilik aloqalariga doir bitim loyihasini e’lon qilgan edi.

Rossiya tashabbusidagi ittifoq g’oyasi asosan energetik siyosatni nazarda tutishi ta’kidlanayotgan bo’lsa-da, ekspertlar mintaqa davlatlari bu ittifoqqa qo’shilgan taqdirda siyosiy ko’lam kengayishini taxmin qilishmoqda.

Prezident Vladimir Putin tomonidan ko’tarilgan bu tashabbus nimalarni maqsad qilyotgani hozircha aniq tushuntirilmagan, ammo Qozog’iston bunga qarshi emas, gap O’zbekiston munosabatida qolgan.

1-dekabr kuni Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin Samarqandda muzokaralar o’tkazadi, Rossiya-O’zbekiston iqtisodiy forumida qatnashadi.

Rossiya-Qozog’iston-O’zbekiston ishtirokidagi ittifoq tuzish maqsadi Prezident Qosim-Jo'mart To’qayevning 28-noyabr kuni Moskvaga tashrifi davomida Mishustin bilan muloqot ortidan ma’lum bo’ldi.

To’qayevga ko’ra, Putin bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan gaplashishini aytgan.

Putin Mirziyoyevga bu borada qo’ng’iroq qilganmi, yo’qmi, hozircha noma’lum, ammo O’zbekistonga kelayotgan Mishustin shaxsan so'zlashishi kutilmoqda.

Putin taklif qilayotgan uch tomonlama ittifoq Rossiya gazini Qozog’iston, O’zbekiston orqali uchinchi mamlakatlarga sotishni maqsad qilayotgani ta’kidlanmoqda.

Sanksiyalar tufayli Yevropa bozoriga chiqa olmayotgan Rossiya o’z mahsuloti uchun yangi yo’nalishlar qidirmoqda. Bu jarayonda u Qozog’iston va O’zbekistonning transport imkoniyatlaridan foydalanmoqchi.

O’zbek jamoatchiligida Rossiya bilan ittifoqqa kirishish haqidagi ma’lumotlar jiddiy xavotirlar qo’zg’agani kuzatiladi. O’zbekiston Qozog’istondan farqli, Rossiya yetakchiligidagi iqtisodiy va harbiy ittifoqlarga a’zo emas.

Uch tomonlama kelishuv O’zbekistonni Rossiya nazoratiga tortishi mumkin.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomov deydiki, Rossiya surayotgan tashabbus aynan O’zbekiston va Qozog’iston ikki tomonlama ittifoqchilik bitimi tuzishga hozirlanayotgan bir paytda yuzaga chiqqan.

“Bu xuddi Markaziy Osiyo davlatlari tashkilotini tuzishga bo’lgan urinishlar davrini eslatadi. O’shanda ham Rossiya bu tashkilotga qo’shilishga qaror qilishi ortidan mintaqa tashkiloti emas, hozirgi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi shakllangan edi. Mintaqani ikki yirik davlati ittifoqqa kelishishi ehtimoli ham shunday qarshilikka uchramoqda, Rossiya uch tomonlama ittifoqni taklif etmoqda".

Ilhomov tahlilicha, bu ittifoq gaz eksportini nazarda tutayotgani darhol emas, tashabbusga nisbatan tanqidlar kuchayishi ortidan ochiqlandi, ya’ni haqiqatda qandayligi oxirigacha ma’lum emas.

"Gap agar gaz sotuvi haqida ketayotgan bolsa ham, bundan O’zbekistonga biror manfaat bo’lishi qiyin, aksincha O’zbekiston uchun hozir Rossiya monopoliyasidan qutulish, muqobil yo’llarni topish muhim”, - deydi ekspert.

Dastlab jamoatchilikka Rossiya, O’zbekiston, Qozog’iston ishtirokida tuzilayotgan ittifoq sifatida taqim etilgan bu tashabbus nafaqat O’zbekistonda, balki Qozog’istonda ham jiddiy tanqidlarga sabab bo’lgan.

Bu tanqidlar ortidan Qozog’iston prezidenti matbuot xizmati maxsus bayonot bilan chiqib, Moskvada To'qayev va Putin “uch tomonlama gaz ittifoqi” tuzishni muhokama qilganini ta’kidladi.

O’zbekiston masala yuzasidan sukutda.

“Bu masala To’qayev va Putin o’rtasida muhokama qilindi. O’zbekiston munosabati haligacha noma’lum. Bu yerda masala O’zbekiston bilan muhokama qilinganmi, yo’qmi? Nazarimda, To’qayev Qozog’istonning Rossiya bilan munosabatlarini, xususan energetika eksportini hal qilar ekan, O’zbekistonni ham bu ittifoqqa tortish taklifini rad etolmadi. Bu ehtimol Qozog’istonning mintaqaviy manfaatlariga qisman javob berishi mumkindir, ammo O’zbekiston manfaatlariga to’g’ri kelmaydi. Birinchidan, O’zbekistonda muqobil yo’nalishlar rivojlanishiga jiddiy to’siq, ikkinchidan geosiyosiy imkoniyatlar doirasini ham toraytiradi”, - deydi Ilhomov.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG