Breaking News

AQShning O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'izistonga elchilikka nomzodlari Senat huzurida


AQShning Kongressi joylashgan Kapitoliy binosining Senat qismi, Vashington
AQShning Kongressi joylashgan Kapitoliy binosining Senat qismi, Vashington

AQShning uch tajribali diplomati, o'z davrida Davlat departamentida Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatning amalga oshirilishiga bosh-qosh bo'lgan Jonatan Henik, Lesli Vigeri va Daniel Rozenblum O'zbekiston, Qirg'iziston va Qozog'istonga yangi elchilar sifatida yo'l olishga tayyor.

Rozenblum uchun bu ikkinchi elchilik bo'ladi. 2019-yildan shu kungacha u O'zbekistondagi elchi. Henik va Vigeri uchun esa ilk imkoniyat.

Prezident Jo Bayden ko'rsatgan bu nomzodlar 27-iyul kuni Senat Tashqi aloqalar qo'mitasida so'zlab, maqsadlarini tushuntirdi. Elchi sifatida ishni boshlash uchun ular Senat tasdig'idan o'tishi kerak.

Har bir nomzodga ko'ra, AQSh bu davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlashda davom etadi va serqirra hamkorlik tomon intilaveradi.

O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'izistonga AQShdan yangi elchilar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:43 0:00

Nomzodlar Rossiyaning Ukrainadagi urushini la'natlab, Vladimir Putin va u boshliq tuzumga qarshi sanksiyalarning Markaziy Osiyoga ta'siri yuzasidan samimiy muloqot olib borishga shay ekanini aytdi. Ular bu davlatlar Rossiya iqtisodi bilan chuqur ildizga ega ekanini tan oladi.

Diplomatlar har bir masalada adolat ta'minlanishi kerak, deya ta'kidlaydi, ya'ni Markaziy Osiyo mamlakatlari sanksiyalardan zarar ko'rmasligi uchun ularga ko'maklashish zarur, ammo kompaniyalar ataylab Rossiyani, jumladan uning harbiy tizimini quvvatlayotgan bo'lsa, jazolanadi.

Nomzodlar, shuningdek, Xitoy siyosatiga nisbatan ogohligini aytib, uning Markaziy Osiyoga qo'shni Shinjon hududida "uyg'urlarga nisbatan genotsid"ni qoraladi. U yerda qozoqlar, qirg'izlar va boshqa turkiy elatlar ham ezilmoqda va "bunga ko'z yummaymiz" degan bayonotlar yangradi.

Jonatan Henik deydiki, O'zbekiston - Markaziy Osiyoning yuragi va AQShning kuchli sherigi. Henik Toshkent bilan hamkorlikning ta'sirini butun mintaqaga, shuningdek, Yevrosiyo va hatto Hind va Tinch okeanlari hududlaridagi mamlakatlar bilan ham bog'laydi.

"O'zbekiston Markaziy Osiyodagi dinamik mamlakat. 2016-yilda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar e'lon qilinganidan beri AQSh ularni olqishlab kelmoqda", - deydi Henik.

"O'zgarishlarni quvvatlaymiz, inson huquqlaari va demokratik boshqaruv yo'lidagi islohotlarda va iqtisodiy taraqqiyotda O'zbekiston bilan sherikmiz".

Jonatan Henik - AQShning O'zbekistondagi elchisi bo'lishga nomzod
Jonatan Henik - AQShning O'zbekistondagi elchisi bo'lishga nomzod

Henik xalq diplomatiyasiga urg'u berib, almashinuv dasturlari, ta'lim va ilm-fan bo'yicha hamkorlik, fuqaro jamiyatini rivojlantirishni muhim yo'nalishlar deb hisoblaydi.

"O'zbekiston hukumati bilan yanada yaqindan ishlab, islohotlar jadallashishi va samara berishi uchun harakat qilaman. Mas'uliyatli, xalq oldida javobgar demokratik institutlarni shakllantirishga, mustaqil media va fuqaro jamiyati taraqqiy ettirishga va qonun ustuvorligiga undayman. Hammaning, jumladan eng zaif va chetlashtirilgan guruhlarning haq-huquqlari himoya qilinishiga undayman", - deydi Henik.

U Senatdagi nutqida xotin-qizlar, diniy ozchiliklar va LGBTQI+ (gomoseksual va boshqalar) manfaatlari uchun gapirishini ham qayd etdi.

Henik O'zbekiston va AQSh xususiy sektorini bog'lovchi tashabbuslar bilan chiqishini aytdi. Toshkent va Vashington iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi choralar ko'rishda, muqobil energiya va yashil iqtisodiyotni yo'lga qo'yishda ham birga ishlashi kerak, deydi u.

"Hukumat Jahon savdo tashkilotiga kirish harakatida ekan, sarmoya muhiti va mehnat sharoiti yaxshilanishi, xalqaro me'yorlarga moslashishi zarurligiga e'tibor qarataman".

Henik fikricha, AQSh-O'zbekiston xavfsizlik va Afg'oniston bilan bog'liq masalalarda ham yakdil bo'lishi kerak. Diplomat o'tgan 30 yilda erishilgan yutuqlarni mustahkamlash niyatida.

"Ikki tomonlama va mintaqaviy xavfsizlik, jumladan huquq-tartibot va kontrterrozim sohalaridagi hamkorlik kengaytirish ham asosiy maqsadlarimdan biri", - deydi Henik.

Lesli Vigeri - AQShning Qirg'izistondagi elchisi bo'lishga nomzod
Lesli Vigeri - AQShning Qirg'izistondagi elchisi bo'lishga nomzod

Lesli Vigeri Senat a'zolariga tasvirlashicha, Qirg'iziston Markaziy Osiyoda unikal demokratik tajribaga ega jasur jamiyatdir.

"AQSh Qirg'iziston xalqi demokratik institutlar qurishi, serg'ayrat fuqaro jamiyati barpo etishi va mustaqil matbuot ildiz otishi uchun ulkan hissa qo'shgan", - deydi Vigeri.

"1993-yildan beri Markaziy Osiyodagi Amerika universitetini quvvatlab kelamiz. Bu dargoh shu kungacha minglab mutaxassislarni yetishtirib, ular AQSh diplomatlarini bergan".

Qirg'iziston hukumati korrupsiya va uyushgan jinoyatga qarshi kurashishni va'da qilgan, deydi Vigeri.

"Bu borada unga AQShdan yaxshiroq hamkor yo'q. Turli tahdidlar va tabiiy ofatlarga qarshi choralarni kuchaytirishda ham yordamlashamiz".

Iqtisod, ekologiya va iqlim, ilm-fan va texnologiya sohalaridagi hamkorlikdan tortib, siyosiy va ijtimoiy erkinliklar, qonun ustuvorligi, mustaqil sud va boshqa me'yorlar targ'ibotigacha, Vigeri nazarida Amerika Qirg'izistonga ko'makni oshirishi kerak.

"Qirg'izistonda rahbariyat o'tgan 30 yilda erishilgan demokratik yutuqlarni boy bermasligi zarur. Men fuqaro jamiyatini himoya qilaman, demokratik boshqaruvdagi muammolarni ko'taraman, korrupsiyani qoralayman, so'z erkinligi va fuqarolarning uyushishiga qarshi harakatlarga diqqat qarataman. Amerika va Qirg'iziston xalqlarining mushtarak qadriyatlarini olg'a suraman".

Daniel Rozenblum - AQShning Qozog'istondagi elchisi bo'lishga nomzod
Daniel Rozenblum - AQShning Qozog'istondagi elchisi bo'lishga nomzod

Daniel Rozenblum deydiki, Markaziy Osiyo qanchalik uzoq bo'lmasin, Amerika tinchligi va farovonligi uchun muhim ahamiyatga ega. "Biz ham ularning tinch va farovon yashashidan foyda ko'ramiz".

Rozenblum har bir mamlakat mustaqilligi va suvereniteti hurmat qilinishi lozim, deya ta'kidlaydi.

"AQSh Qozog'iston mustaqilligini birinchilardan bo'lib 1991-yildayoq tan olgan. Maqsadim, u yerda elchilikka tasdiqlansam, Qozog'iston hukumati va xalqi bilan yaqindan ishlash va ular o'z kelajagini o'zlari, hech kimning bosimisiz belgilashida yordam berish".

"Asrlar davomida bosqin ostida yashagan bu xalq suverenitetet va hududiy erkinlikni yuksak baholaydi. Qozog'iston bu tamoyillar xalqaro tartibning asosi ekanini tushunadi".

Rozenblum ham Henik va Vigeri singari Rossiyaning Ukrainaga nisbatan siyosatini toqat qilib bo'lmaydigan xalqaro huquqbuzarlik deb ta'riflaydi. Elchi sifatida, u Nur-Sultonda bu borada dangal gapirmoqchi.

Rozenlum AQSh-Qozog'iston biznes sherikligini kuchaytirish, regional loyihalar ustida birga ishlash, Amerika va Markaziy Osiyo davlatlarining C5+1 diplomatik platformasida ko'proq ishlar qilish niyatida.

Rozenblum Nur-Sultonga uch yirik maqsad bilan borishga shay:

1. Xavfsizlik va huquq-tartibot bo'yicha hamkorlikni oshirish.
2. Qozog'istonda shu yil boshidagi norozilik namoyishlari ketidan va'da qilingan islohotlarni amalga oshishga undash va yordamlashish. Xususan, matbuot erkinligi, fuqaro jamiyati, sud mustaqilligi va boshqa demokratik qadriyatlarni targ'ib qilish.
3. Qozog'iston va Amerika xalqlarini bir-biriga yaqinlashtiruvchi dasturlar olib borish - madaniy, ilmiy va biznes aloqalarni kengaytirish.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG