AQSh Davlat departamentining Inson savdosiga qarshi kurash bo'yicha yillik xalqaro hisobotiga ko'ra, Markaziy Osiyo bo'ylab vaziyat o'tgan 12 oy ichida deyarli o'zgarmagan - yaxshilanmagan ham, yomonlashmagan ham.
O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston departament belgilaydigan kategoriyalarning Tier 2 guruhida. Unga kiritilgan davlatlarda ahvol inson savdosiga qarshi minimal talablarga qismangina javob beradi, lekin hukumatlar bu illatga nisbatan choralar ustida ishlamoqda.
Turkmaniston va Afg'oniston esa Tier 3, vaziyat eng og'ir mamlakatlar qatorida. Ularda inson savdosiga qarshi kurashilmaydi yoki konkret chora ko'rilmaydi.
Afg'oniston va Turkmaniston, shuningdek, hukumati inson savdosini quvvatlaydigan o'lkalardan, deya qayd etiladi. Bu ro'yxatda Myanma, Kuba, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Rossiya, Janubiy Sudan, Suriya va Yaman bor. Davlat departamenti tahlilicha, bu mamlakatlarda hukumat turli sektorlarda inson savdosiga ataylab ko'z yumadi yoki rahbarlar bunday bizneslardan manfaatdor.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken deydiki, bu yil Ukrainada Rossiya olib borayotgan urush sabab millionlab insonlar qochqinga aylangan.
"Ularning aksariyati bolalar va ayollar. Uy-joysiz qolgan insonlarning yo'qolishi yoki odam savdogarlari qo'liga tushish ehtimoli yuqori. Buning ustiga oziq-ovqat ta'minoti izdan chiqqan, hayot dunyoning bu qismida bag'oyat qiyinlashgan", - deydi Blinken.
AQShda 2000-yilda qabul qilingan qonunga binoan inson savdosi deganda odamni biror ishga majburlash, jinoiy maqsadlar uchun uni qo'llash, uni aldab biror manzilga yoki mehnat joyiga olib borish, uni erkinlikdan ayirish, qo'rqitish, u istamagan harakatlarga zo'rlash, uni qulga aylantirish kabi holatlar nazarda tutiladi. Inson savdosida odam bir joydan ikkinchi joyga ko'chirilmasligi mumkin, ammo u ekspluatatsiya qilinadi.
Amerika rasmiylari bu holatlarni zamonaviy qulchilik deb ham ta'riflaydi. Unga nafaqat katta yoshdagilar, balki bolalar ham jalb etiladi.
Mutaxassislar bu illat qadim tarixga ega eganini aytib, ko'plab jamiyatlarda, ayniqsa qashshoq muhitlarda go'daklardan tortib keksalargacha majburan ishlatilishi, moldek sotilishi hamon odat ekanini eslatadi.
BMTning Inson savdosiga qarshi protokolini 175 dan ortiq mamlakat ratifikatsiya qilgan yoki yoqlagan. Bu esa ularga protokoldagi talablarni ado etish majburiyatini yuklaydi.
2000-yilda qabul qilingan bu hujjatni Markaziy Osiyoning barcha respublikalarida va hatto Afg'onistonda ham parlament tasdiqlagan, ammo amaliyot qoniqarsiz ekani kuzatiladi.
Davlat departamentining 2022-yilgi hisobotida asosiy muammolar sifatida quyidagilar qayd etiladi:
- jabrlanuvchilarning mol sifatida ishlatilishga rozi bo'lishi;
- jabrlanuvchilarning noqonuniy ravishda bir joydan ikkinchi joyga olib borilishi va jarayonni to'xtatish qiyin ekani;
- odamni qarz evaziga ekspluatatsiya qilish va uning erkinligini sotib olish.
O'zbekiston - Amerika rasmiylari tomonidan namuna sifatida ko'rsatiladigan davlatlardan biri. Yilma-yil hisobotlarga qaralsa, deydi ular, respublika astalik bilan oldinga intilganini, inson savdosiga qarshi kurash kuchayib borganini ko'rish mumkin. Oxirgi bir yilda sezilarli qadamlar tashlanmagan, biroq 2020-2021 yillarda aniq progress kuzatilgan. Shu bois ham O'zbekiston maxsus kuzatuvdagi mamlakatdan chiqib, Tier 2 ga ko'tarilgan.
Xalqaro mehnat tashkiloti va huquq tashkilotlari O'zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnat va bolalar mehnatiga chek qo'yilganini olqishlab keladi, biroq islohotlar davom etishi kerak, deya undaydi. Bu yil mamlakat paxtasiga qo'yilgan xalqaro boykot ham bekor qilindi.
Tahlilnomada ta'kidlanishicha, O'zbekistonda odam savdosida ayblangan insonlar sudlanadi, aybdor deb topilganlar jazolanadi. Odamlarni majburiy mehnatga jalb qilgan mutasaddilar javobgarlikka tutiladi.
Shu bilan birga hashar bahonasi bilan ishchilarni tekin ishlatish, ijtimoiy ahamiyatga ega vazifalar deya xodimlarni turli shartlar ostida mehnat qildirish hollari hamon tinmagan.
Mahalliy rahbarlar hali ham dalalarda va boshqa turdagi maydonlarda odamlarni katta sonda ekspluatatsiya qilishi qayd qilinadi.
Davlat departamentiga ko'ra, mamlakatda bunday holatlarga qarshi qonunlar samarali emas.
Qolaversa, deyiladi hisobotda, qonun ustuvor bo'lmagani, huquq tartibot organlarida korrupsiya chuqur ildiz otgani va sud mustaqil emasligi sabab, jabrlanuvchilarni arz qilishdan aynitish, ularni turli yo'llar bilan da'volarini qaytib olishga majburlash hollari ham keng tarqalgan.
Facebook Forum